O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi

Aloqa ma'lumotlari:

   +998 (71) 207 20 17
   info@piima.uz, piima@exat.uz, p.piima@exat.uz
   100170 Toshkent shahri Do'rmon yo'li 34-uy

“Ona tilim, sensiz jonim ruhsizdir!” nomli maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi



 

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi muassisligidagi Abdulla Qodiriy nomli ijod maktabi tashabbusi bilan 13 oktabr kuni Toshkent shahrida joylashgan Adiblar xiyobonida Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 31 yilligiga bagʻishlab, “Ona tilim, sensiz jonim ruhsizdir!” nomli maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi.

Tadbirni “Eng yaxshi voiz” Respublika koʻrik-tanlovining sovrindori, filologiya fanlari nomzodi, Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi “notiqlik sanʼati” fani oʻqituvchisi Rahimboy Jumaniyozov olib bordi.

Tadbirni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi rahbari Hilola Umarova ishtirokchilarni til bayrami bilan tabriklar ekan, u “Millatning oʻzligini anglashida tilning ahamiyatiga alohida toʻxtalib oʻtdi va yer yuzida qancha millat, xalq, elat boʻlsa, shuncha til borligi, tilsiz xalq yoʻq, xalqsiz til ham boʻlmaydi. Bular egizak tushunchalardir. Ularni bir-biridan ayirib boʻlmas. Agar ayirib qoʻyilsa, ikkisi ham oʻzligini yoʻqotadi. Xalq boshqa bir xalqqa qoʻshilib ketadi”, — deya taʼkidladi Hilola Umarova.

Tadbirda Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi “Qodiriy izdoshlari” toʻgaragi aʼzolarining “Ona tilim-mangu boʼl, omon” nomli ijodiy chiqishlari koʻpchilikda katta taassurot uygʻotdi. Oʻquvchilarning sahna koʻrinishlari tadbir mehmonlari, ishtirokchilarini taʼsirlantirdi.

Tadbirda Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti rahbari s.f.dok.prof.Abdugʻaffor Qirgʻizboyev oʻz maʼruzasi bilan tadbir ishtirokchilariga manzur boʻldi. Ishtirokchilar juda qiziqarli, taʼsirli va kerakli boʻlgan maʼlumotlarni qoʻlga kiritishdi.

Tadbir davomida Ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab oʻquvchilari tomonidan tayyorlangan Alisher Navoiyning Xamsa asarining ”Saddi Iskandariy” dostoni asosidagi sahna koʻrinishi namoyish etildi.

Tadbirda filologiya fanlari doktori, professor N.Jumaxoʼja tadbir ishtirokchilariga Ona tili ona suti orqali jon – jonimizga, qon – qonimizga singib ketganligi sababli boʻlsa kerak, uni buyuklikda eng moʻtabar zot onaga qiyoslanishini va “ona tili” deb eʼzozlashimizni taʼkidlab oʻtdi.

Tadbir davomida Prezident maktabi oʻquvchilari tomonidan “Oʻzbek tili jahon sahnasida” mavzusida sheʼriy chiqish qilindi.

Tadbir davomida Abdulla Qodiriy ijod maktabi oʻquvchilari tomonidan Erkin Vohidovning “Ona tilim oʻlmaydi” sheʼri asosida sahna koʻrinishi namoyish etildi. Sahna koʻrinishida oʻquvchilar yetuk, ilm dargʻalari, tilshunos olim-u, shoirlarini sahnada tadbir ishtirokchilarini hamohang, hamnafaslikda davr bilan bogʻladilar. Sahna koʻrinishi barcha ishtirokchilarga manzur boʻldi.

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasidan, Bobur Bobomurod, Sirojiddin Rauf va Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetidan, I.Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetidan professor-oʻqituvchilar, olimlar tashrif buyurishdi hamda tadbirga oʻz munosabatlarini bildirishdi.

Tadbir yakunida pedagogika fanlari nomzodi, dotsent, “Xalq taʼlimi aʼlochisi” koʻkrak nishoni sovrindori, Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi direktori Yuldasheva Nilufar Abdullayevna tadbir ishtirokchilariga oʻz fikrlarini bildirdi. Shundan boʻlsa kerak, “Til – dil kaliti”, — deydi dono xalqimiz. Ona tilini madh etish har bir ijodkor, olim-u shoir zimmasiga yuklatilgan ulkan masʼuliyat, vazifa desak adashmagan boʻlamiz” — deya taʼkidladi Nilufar Abdullayevna.