O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi

Aloqa ma'lumotlari:

   +998 (71) 207 20 17
   info@piima.uz, piima@exat.uz, p.piima@exat.uz
   100170 Toshkent shahri Do'rmon yo'li 34-uy

Namangan shahridagi Prezident maktabi oʻquvchilari Cambridge A/AS Level imtihonlariga tayyorgarlik koʻrmoqdalar



Namangan shahridagi Prezident maktabida tahsil olayotgan 11-sinf oʻquvchilari uchun Cambridge Mock imtihonlari tashkil etildi.

20-noyabrdan 22-noyabrga qadar Prezident maktabining 11-sinf oʻquvchilari oʻzlari tanlagan ikki fandan va matematikadan imtihon topshirdilar. Tanlov fanlari orasida fizika, kimyo, biologiya va informatika fanlari bor.

Namangan shahridagi Prezident maktabi direktori Abdurasul Pirnazarovning soʻzlariga koʻra, Cambridge Mock imtihonlari taʼlim muassasasi oʻquvchilarini Cambridgening rasmiy imtihonlariga tayyorlash uchun tashkil qilingan.

- Cambridge imtihonlari bizning oʻquvchilar uchun yangilik boʻlgani uchun shunday tayyorlov imtihonlarini tashkil etdik. Oʻquvchilarimiz Cambridgening rasmiy imtihonlarida ishtirok etganlaridan keyin AS va A level sertifikatlarini koʻlga kiritishlari mumkin. Bu sertifikatlar oʻquvchilarimizga koʻplab universitetlarga oʻqishga kirish imkoniyatini yaratib beradi, — dedi u.

Taʼkidlash lozimki, Cambridge A/AS Level dasturi doirasida odatda oʻquvchilar uchta fan boʻyicha chuqur bilim oladilar va yakuniy imtihon topshiradilar. Imtihonlardan muvaffaqiyatli oʻtgan oʻquvchilarga A/AS Level sertifikatlari taqdim etiladi.

Cambridge A/AS Level dasturini dunyoning koʻplab universitetlari tan oladi. Jumladan, bu dasturni Buyuk Britaniya, AQSH, Kanada, Avstraliya, Germaniya va boshqa davlat oliy taʼlim muassasalari tan oladilar.