2020-2025-yillarda ijod maktablari faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasi toʻgʻrisida

 

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligining faoliyatini yana-da takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” Hukumat qarori (240-son, 18.04.2020-y.) qabul qilindi.

Qaror bilan 2020-2025-yillarda ijod maktablari faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasi tasdiqlandi.

Konsepsiyaning asosiy mazmunini unib-oʻsib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy anʼana va qadriyatlarga sadoqat, ulugʻ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruxida tarbiyalashda ona tili va adabiyotning ustuvorligiga urgʻu berish, zamonaviy bilimlarga ega, erkin fikrlaydigan, badiiy adabiyot va boshqa ijod sohalarida jahondagi tengdoshlari bilan raqobatlasha oladigan ijodkor shaxsni shakllantirish tashkil etadi.

Mazkur Konsepsiya ijod maktablari faoliyati orqali oʻzbek adabiyoti, tilshunosligi va jurnalistikasining kelajagini yaratishga bugundan mustahkam poydevor hozirlash, bebaho va oʻlmas asarlar yaratilishiga zamin tayyorlash, oʻzbek mumtoz adabiyotini xorijiy tillarga tarjima qilish, jahon adabiyotidan mukammal tarjimalar yaratish tizimini shakllantirish, ijodiy yaratuvchanlikka qaratilgan bilim va koʻnikmalarni oshirish yoʻlida uslubiy-huquqiy asos sifatida xizmat qiladi.

Ijod maktablari faoliyatini rivojlantirishning maksad va vazifalari etib quyidagilar belgilandi;

  • mamlakatimizning turli hududlarida yashayotgan oʻquvchi-yoshlar orasidan badiiy adabiyot va boshqa ijod sohalariga qiziqadigan, iqtidorlilarini saralash, ulardagi isteʼdodni yana-da rivojlantirish uchun tegishli sharoit yaratish;
  • zamonaviy bilimlarga ega, erkin fikrlaydigan, jahondagi tengdoshlari bilan raqobatlasha oladigan ijodkor yoshlarni tarbiyalash boʻyicha ilgʻor pedagogik texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilish;
  • ijod maktablari oʻquvchilarini barcha sohalar boʻyicha bilim, malaka va koʻnikmalarga, keng tafakkurga ega boʻlgan zamonaviy shaxs sifatida voyaga yetkazish;
  • iqtidorli bolalarga ona tili va adabiyot sohasining sir-asrorlarini oʻrgatish bilan birga ularning dunyo tillarini chuqur oʻrganishini taʼminlash, bu bilan kelajakda oʻzbek adabiyoti, jurnalistikasi orqali oʻzbek adabiyoti va sanʼati, fan yutuqlarining jahonga keng ommalashishini taʼminlaydigan kadrlarni tayyorlash.
  • oʻquvchilarda boy adabiyotimiz va ona tilimiz bilan ongli ravishda faxrlanish, ajdodlarga munosib boʻlish, ularda ona xalqimiz tarixi, madaniyati, milliy qadriyatlarga nisbatan hurmat tuygʻularini shakllantirish va rivojlantirish;
  • oʻquvchilarda yon-atrofda va jahonda roʻy berayotgan siyosiy-ijtimoiy jarayonlarga toʻgʻri munosabat bildirish koʻnikmasini, mafkuraviy immunitetni shakllantirish va dunyoni maʼrifat, ilm-zakovat, qalam bilan olish mumkinligi haqidagi gʻoyani ular qalbiga singdirish;
  • oʻquvchilarga xalq ogʻzaki ijodi, boy va oʻlmas yozma adabiyotlarni chuqur oʻrgatish va uning mazmun-mohiyatini tahlil qilish, nafaqat mamlakatimiz, balki dunyo xalqlari uchun sevib oʻqiladigan asarlar yaratish, jahon adabiyoti durdonalaridan tarjimalarni amalga oshirish koʻnikmalarini shakllantirish;
  • oʻquvchilarga chet tillarni chuqur oʻrgatish, aniq va tabiiy fanlarni davlat standartlari talablaridan yuqori darajada oʻrgatish orqali ularda badiiy va ilmiy adabiyotni xorijiy tillarga professional tarjima qilish malakasini shakllantirish;
  • ustoz ijodkorlar bilan hamkorlikdagi ustoz-shogird anʼanasi asosida tashkil etiladigan mashgʻulotlar orqali yosh ijodkorlarni yuqori saviyada tarbiyalash boʻyicha normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, moddiy-texnik bazani yaxshilash xamda taʼlim-tarbiya jarayonining sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish.

Ijod maktablari faoliyatini rivojlantirishning ustuvor yunalishlari ham belgilab olindi, unga koʻra;

  • oʻquv reja va dasturlarini, darslik majmualari va oʻquv-metodik adabiyotlarni qayta koʻrib chiqish, ularni ilmiy-ijodiy jihatdan takomillashtirish;
  • taniqli yozuvchi va shoirlar, tilshunoslar, jurnalistlar, madaniyat va sanʼat arboblari ishtirokida ijodiy kechalar, davra suhbatlari, master klasslar, vebinarlarni tizimli mexanizm asosida tashkil etish;
  • oʻquvchilar oʻrtasida ijodiy ishlar tanlovlari, fan olimpiadalari, adabiyot kechalari, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etish;
  • oʻqituvchilar salohiyatini muntazam oshirib borish, ilgʻor xorijiy tajribalar va innovatsion pedagogik texnologiyalarni taʼlim-tarbiya jarayoniga joriy qilish;
  • oʻquvchilar iqtidorini roʻyobga chiqarishga, ularning badiiy-ijodiy, ilmiy-mantiqiy, maʼnaviy-estetik didini rivojlantirishga qaratilgan maktabdan tashqari taʼlim shakllarini amalga oshirish, jumladan, milliy va jahon musiqa asboblarini oʻrganish, rassomlik va boshqa sanʼat turlarini oʻzlashtirish uchun sharoit yaratish.

Shuningdek ijod maktablarida oʻquvchilarning dunyoqarashini kengaytirishga, bilim va koʻnikmalarini oshirishga moʻljallangan kamida 4 tadan darsdan tashqari mashgʻulotlar yoʻlga qoʻyiladi. Bu toʻgaraklarda muayyan yoʻnalishlar boʻyicha erkin saboqlar olib boriladi.