4 TA PREZIDENT MAKTABI XALQARO MAKTABLAR KENGASHI (CIS) A’ZOLIGIGA QABUL QILINDI

4 TA PREZIDENT MAKTABI XALQARO MAKTABLAR KENGASHI (CIS) A’ZOLIGIGA QABUL QILINDI

Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Nukus, Xiva, Namangan va Toshkent shaharlaridagi Prezident maktablari CIS (Xalqaro maktablar kengashi) a’zoligiga qabul qilindi. Ayni paytda 2021-yilda o‘z faoliyatini boshlagan 10 ta yangi Prezident maktabi mazkur tashkilot a’zoligiga o‘tish jarayonida.

Ma’lumot uchun, Xalqaro maktablar kengashiga a’zo bo‘lish uchun, jumladan quyidagi talablar qo‘yilgan:

- Ta’lim muassasasi faoliyat yo‘nalishining sifatli tashkil etilganligi,

- maktab boshqaruvi, ma’muriyat faoliyatining sifatli yo‘lga qo‘yilganligi,

-  o‘quv dasturining muvafaqqiyatli joriy qilinganligi,

-  dars jarayonlarining sifatli tashkil etilganligi hamda baholash tizimi,

- o‘quvchilar uchun zaruriy sharoitlarning yaratilayotganligi;

- ta’lim muassasasining kadrlar bilan to‘liq ta’minlanganligi,

- ta’lim muassasasi joylashgan binoning xavfsizlik talablariga javob berishi, texnologik va yordamchi tizimlarning mavjudligi.

- o‘quvchilar tomonidan yaratilgan loyihalar, o‘qitish muhiti.

CIS qoidasiga binoan, tashkil etilganiga 3 yil to‘lgan maktablar Xalqaro maktablar kengashiga a’zolik arizasini topshirishlari mumkin. Hozirda 2019-yilda tashkil etilgan 4 ta Prezident maktabi faoliyati va o‘quv jarayonlari tashkilot ishchi guruhi tomonidan ijobiy baholandi va ular kengash a’zoligiga qabul qilindi.

Ishchi guruh mazkur maktablar faoliyatini baholashda barcha jihatlarni inobatga oldi. Pedagoglar, o‘quvchilar va ularning ota-onalari bilan onlayn suhbatlar ham tashkil etildi.

A’zolik arizasi jumladan quyidagi mezonlar asosida baholandi:

-    CIS ning axloq mezonlari;

-    Ta'lim muassasasining maqsadi va yo‘nalishi;

-    Yuqori darajali o‘qish va o‘qitish tizimi;

-    O‘quvchilarning farovonligi;

-    Global fuqarolik.

Shuni alohida ta’kidlab o‘tish joizki, Xalqaro maktablar kengashi a’zoligiga o‘tish uchun guruh sifatida ariza berish tashkilot tarixida ilk bora kuzatilmoqda.

Mazkur Kengash a’zosi bo‘lish nimasi bilan ahamiyatli?

-    Xalqaro maktablar kengashi (CIS)ga a’zolikka qabul qilinish bilan ta’lim muassasasi xalqaro maydonda tan olinganligini bildiradi,

-    ushbu maktabda o‘qiydigan o‘quvchilarning chet eldagi TOP universitetlarda to‘liq grant yutish imkoniyati oshadi;

-    Kengash a’zosi bo‘lgan nufuzli maktablar va xalqaro tashkilotlar bilan ta'lim sohasidagi hamkorliklarni rivojlantirish imkoniyati kengayadi.

Joriy yilning oktabr oyi boshida CIS vakillarining Prezident maktablariga offlayn tashrifi rejalashtirilgan. Unda tashkilot mas’ullari tomonidan maktab faoliyati hamda dars jarayonlari offlayn tarzda o‘rganiladi.