A level sertifikati nima?

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-iyundagi PQ-5188 sonli qarorida xalqaro (International Advanced Levels) dasturlar talablariga muvofiq o‘quvchilarning STEAM fanlari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni baholash hamda ularga xalqaro darajadagi AS va A-LEVEL sertifikatlarini berish amaliyotini yo‘lga qo‘yish ko'zda tutilgan. Prezident maktablarining bu yilgi bitiruvchilari orasida ham mazkur sertifikatni qo'lga kiritgan ko'plab o'quvchilar bor.

Quyida mazkur sertifikat haqida asosiy ma'lumotlarni taqdim etmoqdamiz:

A level nima?
Cambridge tashkiloti tomonidan o'tkazilayotgan A level sertifikati imtihonlarida A+(a+), A (a), B (b), C (c), D (d) yoki E (e) darajalarini olish mumkin. Bunda A+(a+) - eng yuqori, E (e) esa eng past ko'rsatgich hisoblanadi. Agar nomzodning yig'gan bali E(e) uchun ham yetarli bo'lmasa, unga "Ungraded", ya'ni darajaga loyiq topilmadi mazmunida hujjat taqdim qilinadi

Mazkur sertifikatlar qayerda tan olinadi?
A/AS level, shuningdek IGSCE sertifikatlari dunyoning 95 mamlakatidagi 1700 dan ortiq oliygohlar tomonidan tan olinadi. Bu ro‘yxatga "Top 30" talikdagi barcha universitetlar va Buyuk Britaniyada joylashgan oliygohlarning hammasi kiradi. Mazkur OTMlar orasidan Oksford Universiteti, Manchester Universiteti, Stendford Universiteti, Kembrij Universiteti Singapur Milliy Universiteti kabi nufuzli xorijiy ta’lim dargohlari ham o’rin olgan.  

A level imtihonlarini qayerda topshirish mumkin?
Endi A level sertifikatini olish uchun xorijga borishga hojat yo'q. 2021/2022-o'quv yilidagi imtihonlarni Nukus, Xiva, Namangan va Toshkent shahridagi Prezident maktablari o'tkazadi. 2022/2023-o'quv yilidan e'tiboran Respublikamiz hududidagi barcha Prezident maktablari mazkur imtihonlarni o‘tkazish imkoniyatiga ega bo'ladi.

Imtihonlar qachon bo'lib o'tadi?
AS/A level va IGCSE sertifikatlari uchun imtihonlar an’anaviy tarzda yilda ikki marta oktabr-noyabr oylarida va may-iyun oylarida bo’lib o’tadi. Kuzgi imtihonlar uchun nomzodlar avgust-sentyabr oylarida, may-iyundagi imtihonlar uchun esa mart-aprel oylarida ro’yxatdan o’tishlari mumkin.