Abdulla Qodiriy asarlarining ingliz tilidagi tarjimasi adib nomidagi ijod maktabiga sovg‘a qilindi

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inomjon Majidov boshchiligida respublikadagi oliy ta’lim muassasalari rektorlari Toshkent shahrida yangi tashkil etilgan ikkita ixtisoslashtirilgan maktab faoliyati bilan tanishdi.

Delegatsiyaning Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabiga tashrifi davomida muassasa jamoasiga Samarqand davlat chet tillari instituti rektori Ilhomjon To‘xtasinov tomonidan adib tavalludining 125 yilligiga bag‘ishlab ingliz tiliga tarjima qilingan “Mehrobdan chayon” va “O‘tkan kunlar” romanlari sovg‘a qilindi.

Shuningdek, o‘zbek tili va adabiyoti, badiiy ijod sirlarini chuqur o‘rganishga ixtisoslashgan ushbu maktab bilan tegishli oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, xususan, yoshlarni ijodga rag‘batlantirish, ulardagi iste’dodni qo‘llab-quvvatlash yo‘lida hamjihatlikda ishlashga kelishib olindi.

Ma’lumot: Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining rasmiy telegram kanalidan olindi.