Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi ochildi

“Adabiyot – abadiyat demak. Biz va biz kabi haqiqatni muqaddas bilib qalam tebratgan barchamiz adabiyot sharofati ila abadiyatga yo‘narmiz. Bizning farzandlarimiz, ular bo‘lmasa ularning farzandlari, yoinki ularning o‘g‘il-qizlari bo‘lsin, yozg‘onlarimizni o‘qir esalar, bizning qalamga olgan haqiqatimiz yashayverur. Haqiqat yashar ekan, biz ham yashayveramiz”.

Abdulla Qodiriy

Joriy yilning 26-dekabr kuni Toshkent shahrining markazida Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabining rasmiy tantanali ochilishi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-dekabrdagi “Buyuk o‘zbek yozuvchisi Abdulla Qodiriy ijodining ulkan ahamiyatini inobatga olib, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat, ajdodlarimizning ma’naviy merosi bilan faxrlanish va iftixor tuyg‘ularini yuksaltirish hamda yozuvchi tavalludining 125 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi 1027-f-son Farmoyishi ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.

Tadbirga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashrif buyurdilar. Yurtboshimiz barcha sharoitlarga ega zamonaviy maktab, Abdulla Qodiriy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘iga kiraverishda barpo etilgan adib muzeyi, unga joylashtirilgan “Turon” kutubxonasi bilan tanishdilar. Maktabning barcha xonalarini ko‘zdan kechirib, o‘quvchi va o‘qituvchilar bilan suhbatlashdilar, ular bilan esdalik uchun suratga tushdilar.

Toshkent shahrining Olmazor tumanida joylashgan, shahar ko‘rkiga ko‘rk bo‘lib, milliy ruhda bunyod etilgan ushbu maktab yonida adibning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan adabiy muzey, hiyobon va yozuvchining haykali qad rostlagan. Mazkur ijod maktabi Prezidentimizning iqtidorli yoshlarni aniqlash, ta’lim jarayonida ilg‘or texnologiyalarni qo‘llagan holda ularni o‘qitish va tarbiyalash bo‘yicha yaxlit tizim yaratish, iste’dodli yoshlarni yanada qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, ma’nan yetuk va intellektual jihatdan barkamol avlodni shakllantirish haqidagi tashabbuslari doirasida bunyod etilgan navbatdagi maktabdir.

Ma’lumot: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-sentabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligini tashkil etish to‘g‘risida»gi PF-5815-son Farmoniga muvofiq mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan 4 ta Prezident, 9 ta ijod va 3 ta ixtisoslashtirilgan maktablar Agentlik tasarrufida.

Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi 210 nafar o‘quvchi o‘rniga mo‘ljallangan bo‘lib, 2019 – 2020 o‘quv yilida 5-8-sinflarga imtihonlar natijasida saralab olingan 121 nafar iste’dodli o‘quvchi tahsil olmoqda. Joriy yilning 4-sentabrida ta’lim jarayonlari Olmazor tumanidagi 119-umumiy o‘rta maktabning binosida boshlab yuborilgan edi.

Mazkur ijod maktabining boshqa maktablardan farqli tomoni shuki, unda o‘quvchilarga ona tili, adabiyot va chet tillari chuqurlashtirib o‘rgatiladi. Mahorat darslari mashhur adiblar, yozuvchilar, shoirlar tomonidan muntazam ravishda tashkil etiladi. Dramaturgiya, publitsistika, tarjimashunoslik, notiqlik san’ati bo‘yicha to‘garaklar tashkil etilgan. Ijod maktabida zamonaviy ta’lim dasturi bilan bir qatorda, o‘quvchilar o‘zbek va jahon mumtoz adabiyoti sara asarlarini o‘qib, she’rlar yod oladilar, o‘zbek va jahon kinomatografiyasining eng yaxshi namunasini tomosha qiladilar. O‘zbek va dunyo tasviriy san’ati, mumtoz musiqasining yetuk asarlari bilan tanishib, tarbiyalanadilar.

Abdulla Qodiriy milliy adabiyotimizning yorqin namoyandasi, o‘zbek romanchilik maktabiga asos solgan adib bo‘lib, asarlari o‘nlab tillarga tarjima qilingan va xalqaro e’tirofga sazovor bo‘lgan.

Mazkur ijod maktabi buyuk o‘zbek yozuvchisi Abdulla Qodiriy ijodini chuqur o‘rganish, qolaversa, Ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbusning birinchi – “yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va san’atning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirishga, iste’dodini yuzaga chiqarish” haqidagi bandiga asosan, kitob mutolaa qilish orqali yosh avlod qalbiga vatanga bo‘lgan muhabbat va sadoqatni singdirish, ajdodlarimizning ma’naviy merosi bilan faxrlanish va iftixor tuyg‘ularini yuksaltirish yo‘lida xizmat qiladi.