Joriy yilning 5-mart kuni Toshkent shahridagi Prezident maktabida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi hamda Oʻzbekistonning Singapurdagi elchixonasi bilan birgalikda taʼlim tizimida istiqbolli hamkorlikni rivojlantirish maqsadida
“SixClouds Pte Ltd Singapore” kompaniyasi oʻrtasida Oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Memorandumda taʼkidlanganidek, Singapur tomonining korporativ ijtimoiy masʼullik maqsadlariga asosan, Oʻzbekistonda taʼlim tizimini qoʻllab-quvvatlash uchun Agentlik bilan hamkorlikda faoliyat olib boradi. Unga koʻra, Agentlik tasarrufidagi maktablarda zamonaviy ilgʻor texnologiyalarni yana-da kengroq qoʻllashni oʻz oldiga vazifa qilib qoʻygan. Erishilgan kelishuvga koʻra, mazkur Memorandum qiymati 2 mil. AQSH dollar miqdoriga teng. “SixClouds” 14 ta Prezident va 3 ta ixtisoslashtirilgan maktablarga kompaniya tomonidan ishlab chiqilgan ingliz tili va matematika fanlari boʻyicha raqamli oʻquv metodikasi va dasturini begʻaraz taqdim qiladi. Bu dasturlar Agentlik maktablarining laboratoriyalarida 5-8- sinf oʻquvchilari uchun ingliz tili va matematikadan qoʻshimcha mashgʻulotlarni tashkil qilishda qoʻllaniladi.
Maʼlumot: Singapurning matematika boʻyicha oʻquv dasturi asosida mamlakat Taʼlim vazirligining sobiq oʻqituvchilari tomonidan ishlab chiqilgan SixCloudsMathematics dasturi taʼlim platformalarini raqamlashtirishda katta ahamiyat kasb etadi.
Singapur matematika modeli mazkur fanni oʻqitishda samarali vosita sifatida jahon tomonidan eʼtirof qilingan boʻlib, bir necha yillar mobaynida ketma-ket PISA reytingining yuqori pogʻonalarini egallab kelmoqda.
Tomonlar Memorandumning imzolanishi Agentlik va SixClouds Pte Ltd kompaniyasi oʻrtasidagi uzoq hamkorlik tomon qoʻyilgan ilk qadam boʻlishini alohida taʼkidladilar.