Agentlik tasarrufidagi maktab oʻquvchilari orasida “Yosh kitobxon” onlayn tanlovini eʼlon qilamiz

 

2020-yil iyun oyi “Yoshlar oyligi” deb eʼlon qilinganligi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi, Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi va Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda “Yosh kitobxon” onlayn tanlovini eʼlon qiladi.

Tanlovda kimlar ishtirok eta oladi? - Tanlovda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarning oʻquvchilari ishtirok etishlari mumkin.
Tanlovda qaysi sinf oʻquvchilari ishtirok eta oladi?

I guruh – 6-7-sinf oʻquvchilari oʻrtasida;

II guruh – 8-9-sinf oʻquvchilari oʻrtasida;

III guruh – 10-11-sinf oʻquvchilari oʻrtasida.

Tanlovda ishtirok etish uchun qayerdan roʻyxatdan oʻtish kerak? – http://test.piima.uz/ platformasi orqali roʻyxatdan oʻtishingiz mumkin.

Roʻyxatdan oʻtish sanalari toʻgʻrisida xabar bersangiz? - Tanlovda ishtirok etish uchun roʻyxatdan oʻtish 2020-yil 6-iyundan – 15-iyunga qadar amalga oshiriladi. Bunda har bir ishtirokchiga roʻyxatdan oʻtish talab etiladi.

Tanlov nechta bosqichda oʻtkaziladi? - Tanlov ikki bosqichda oʻtkaziladi.

Birinchi bosqichda onlayn test sinovi, ikkinchi bosqichda onlayn savol-javob oʻtkaziladi.

Birinchi bosqich qachon boʻladi? - 2020-yil 18-iyun kuni soat 10:00 dan – 12:00 ga qadar http://test.piima.uz/  tizimi orqali oʻtkaziladi.

Ikkinchi bosqich qachon boʻladi? - Hakamlar hayʼati tomonidan 
2020-yil 19-iyun kuni soat 10:00 da boshlanadi va oxirgi ishtirokchi bilan savol-javob yakunlangunga qadar davom ettiriladi.

Kimlar ikkinchi bosqichga oʻta oladi? - Test natijalariga koʻra, 86 va undan yuqori foizlik natijani (43 ball va undan yuqori) qoʻlga kiritgan oʻquvchilarga 2-bosqichda ishtirok etish huquqi beriladi.

On-layn test toʻgʻrisida maʼlumot bersangiz? - Onlayn test sinovida har bir ishtirokchi boʻyicha alohida variantda 50 tadan test savoli beriladi. Har bir savol boʻyicha toʻgʻri javobga 1 ball beriladi.

Onlayn savol-javob toʻgʻrisida maʼlumot bersangiz? - Onlayn savol-javobda ishtirokchilarning bilimi 1-ilovadagi roʻyxatda keltirilgan badiiy asarlar boʻyicha oldindan tayyorlangan savollarga berilgan javoblariga koʻra baholanadi.

Bunda ishtirokchilarga 5 ta savol beriladi. Har bir savolga javob berish uchun 
2 daqiqa vaqt ajratiladi. Har bir savolga berilgan toʻgʻri javob 10 balgacha baholanadi.

Tanlov gʻoliblari qanday taqdirlanadi? - Tanlov gʻoliblari Respublika boʻyicha oʻrnatilgan bazaviy hisoblash miqdoriga tenglashtirilgan quyidagi pul mukofotlari yoki unga tenglashtirilgan esdalik sovgʻalar bilan taqdirlanadilar:

I oʻrin – 12 baravari;

II oʻrin – 10 baravari;

III oʻrin – 8 baravari.

Shuningdek, tashkilotchilar tomonidan sertifikatlar va boshqa esdalik sovgʻalari taqdim etilishi mumkin.

Tanlov gʻoliblari qachon eʼlon qilinadi? - Tanlov gʻoliblarini taqdirlash 2020-yil 30-iyunga qadar amalga oshiriladi.