ALISHER UBBIYEV: "OLTIN FOND"IMIZ SPORTCHI YOSHLARIMIZ BILAN HAM BOYIYDI

Assalomu alaykum!
Hurmatli ota-onalar!
Aziz oʻgʻil-qizlarimiz!

Sizlar bilan yana bir muhim xabarni boʻlishmoqchiman. 

Kuni kecha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent shahrida boks va gimnastika sport turlariga ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini tashkil etish bo‘yicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi.


Mazkur farmonga koʻra,  tizimimizda Bahodir Jalolov nomidagi boksga ixtisoslashtirilgan sport maktabi hamda Oksana Chusovitina nomidagi gimnastikaga ixtisoslashtirilgan sport maktabi tashkil etildi. 

Hech shubhasiz, Davlatimiz rahbarining ushbu farmoni Agentligimizga boʻlgan yuksak ishonchni ifodalaydi. 

Shu bilan bir qatorda, bunday ulkan ishonchni oqlash, ixtisoslashtirilgan sport maktablarini zamon bilan hamnafas, eng soʻnggi ta’lim va sport metodlari hamohangligida ham bilimda ham bilakda baquvvat boʻlgan yoshlarni kamolga yetkazishdek zalvorli mas’uliyatni anglatadi.

Qolaversa, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarimiz safiga ixtisoslashtirilgan sport maktablarining qoʻshilgani zimmamizga har tomonlama salohiyatli, xalqaro talablarga mos yosh sportchilarni jahon arenalarida Vatanimiz bayrogʻini yuqori koʻtaradigan, millatimiz faxri boʻlajak yigit-qizlarimizni kashf etishdek jiddiy vazifani yuklaydi. 

Albatta, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan birgalikda ushbu farmonda koʻrsatib oʻtilgan, oldimizda turgan oʻta mas’uliyatli va shu bilan birga sharafli boʻlgan vazifalarning ijrosini oʻz vaqtida, sifatli bajarish uchun bor kuch-gʻayratimizni sarflaymiz.

Endilikda bilimli, iqtidorli, ulkan yutuqlarga erishayotgan oʻgʻil-qizlarimizdan iborat “Oltin fond”imiz Alpomishdek zabardast hamda Toʻmarisdek yovqur sportchi yoshlarimiz bilan ham yanada boyishi shubhasiz.

Alisher Ubbiyev,
Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi direktori.