Bilim olishning zamonaviy usuli

 

Inson boshiga biror bir tashvish tushmaguncha qadar “Menga hech nima qilmaydi”, degan xotirjamlik kayfiyati bilan yashashda davom etadi. Baʼzida esa bu beparvolik va loqaydlikka ham sabab boʻlishi mumkin. Aynan shuning uchun bugun mamlakatimizda butun dunyoni tashvishga solayotgan koronavirus infeksiyasiga qarshi qatʼiy choralar koʻrilmoqda. Fuqarolarni himoya qilish, kasallik tarqalib ketishining oldini olish, farzandlarimiz hamda nuroniylarni asrash bilan bogʻliq muhim tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Hukumatimiz xatarni bartaraf etish uchun barcha choralarni koʻrmoqda. Xususan, barcha turdagi taʼlim muassasalarida joriy yilning 
16-martidan boshlab, muddatdan avval taʼtil eʼlon qilindi. Biroq, farzandlarimizni oʻqitish bilan bogʻliq ishlar ham toʻxtab qolgani yoʻq. Har qanday sharoitda oʻgʻil-qizlarning taʼlim olishi uchun zarur choralar koʻrilmoqda. Bu borada boshlangan samarali tashabbuslar haqida Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi rahbari Sarvar Babaxodjayevga baʼzi savollar bilan murojaat qildik.

Masofadan oʻqitish tizimi qanday amalga oshiriladi va bu qanchalik auditoriyani qamrab oladi?

— Yangi taraqqiyot, yangi marralar, yangi imkoniyatlar… Bularning barchasi uchun bizga, eng avvalo yangi avlod kadrlari kerak. Yurtimizning har bir hududida tashkil etilishi rejalashtirilgan Prezident maktablari ana shunday yuksak salohiyat egalarini tarbiyalashga xizmat qiladi. Demak, taʼlimdagi uzilishlarni bartaraf etish muhim masalalardan biridir.

Shu maqsadda, Agentlik tasarrufidagi barcha maktablarda zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalangan holda, darslarni masofadan oʻtish yoʻlga qoʻyilgan. Mahalliy va xorijlik oʻqituvchilar masofadan turib taʼlim berishmoqda.

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligining AKT boʻlimi tomonidan tasarrufdagi maktablar uchun yangi https://maktab.piima.uz platformasi yaratildi.

Platforma milliy Tas-ix tizimidagi, internet tezligi past boʻlgan holda ham oʻquvchilar uchun masofaviy taʼlimni bemalol amalga oshira olish imkoni borligi bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, Perfectum va Ucell mobil operatorlari tomonidan Agentlik tasarrufidagi maktab oʻquvchilari uchun maktab.piima.uz resursidan foydalanishda tarifikatsiya qilinmaydi.

Joriy yilning mart oyida Agentlik va “SixClouds Pte Ltd Singapore” oʻrtasida Oʻzaro anglashuv memorandumi imzolangan edi. Unga koʻra, “SixClouds” 14 ta Prezident va 3 ta ixtisoslashtirilgan maktablarga kompaniya tomonidan ishlab chiqilgan ingliz tili va matematika fanlari boʻyicha raqamli oʻquv metodikasi va dasturini begʻaraz taqdim qilindi. Bu dasturlardan Agentlik maktablarining laboratoriyalarida 5-8-sinf oʻquvchilari uchun ingliz tili va matematikadan qoʻshimcha mashgʻulotlarni tashkil qilishda foydalaniladi.

Prezident maktablarida ingliz tilida oʻtiladigan STEAM fanlari qoʻshimcha ravishda “Khan Academy” platformasidan foydalanib, oʻqitish joriy qilindi. Bunda, oʻqituvchi va oʻquvchilar “web-site”dan roʻyxatdan oʻtib, kichik onlayn sinf tashkil etadilar. Mavzuga doir videomateriallar hamda mashqlar oʻqituvchi tomonidan guruhga qoʻyib boriladi va har bir oʻquvchining ishlarni bajarganini oʻqituvchi kuzatib tura oladi.

Oʻquvchilarni roʻyxatdan oʻtkazish oʻqituvchi tomonidan amalga oshirilishi ham mumkin. Oʻquvchi esa onlayn sinfga kirib, videodarslarni oʻzi mustaqil oʻrganib chiqadi, tushunmagan qismini oʻqituvchisidan soʻrash imkoniyatiga ega.

Har bir mavzu yuzasidan maxsus testlar tuzilgan boʻlib, darsdan soʻng oʻquvchi ularni bajaradi. Berilgan javob natijasi shu zahoti dastur tomonidan koʻrsatiladi va yechish usuli ham taklif etiladi. Bu oʻquvchi mashqni toʻliq tushunishi uchun juda foydali boʻladi. Onlayn sinfda ham odatdagi dasrlardagi kabi bolaning mashqni oʻzlashtirish koʻrsatkichi namoyish etiladi. Istagan oʻgʻil-qiz qoʻshimcha ravishda murakkabroq mashqlarni ham bajarishi mumkin.

Umuman, web-site oʻquvchilar uchun bir vaqtning oʻzida bir guruh boʻlib, oʻqituvchi hamrohligida ishlash, mukammal tarzda tuzilgan videodarslar va mashqlardan oʻrganish, oʻzining oʻsishini kuzatib borish hamda xatolar ustida ishlash imkoniyatlariga ega. Aytish kerakki, ushbu amaliyot masofadan turib oʻqishning eng samarali usullaridan biridir.

— Mazkur tizimda yana qanday qulayliklar koʻzda tutilmoqda?

— Agentligimiz Prep.uz veb-sahifasi jamoasi bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻydi. Endilikda, oʻquvchilarimiz uzaytirilgan taʼtil davrida Prep.uz veb-sahifasining yetakchi oʻqituvchilari tomonidan tayyorlangan videodarslarni tomosha qilib, noyob metodika orqali mavzularni qiziq va oson yoʻllar bilan oʻzlashtirishni davom ettira oladi.

Muhimi, buning uchun alohida tartib yoki cheklovlar yoʻq. Yaʼni, istalgan joydan, istalgan vaqtda va istalgan qurilma orqali darslarga ulanish imkoniyati mavjud. Oʻquvchilar har bir darsdan keyin qiziq mashqlar va testlarni yechadi. Natijalarni esa kutish shart emas. Demak, bola bilimini sinovdan oʻtkazadi, erishganlari bilan birga, kamchiliklarini ham kuzatib boradi. Asosiysi esa, qoʻshimcha tushunchalar orqali mavzuni tahlil qilish uchun sharoitga ega boʻladi. Quvonarlisi, Agentlik tasarrufidagi maktab oʻquvchilari Prep.uz onlayn darslaridan bepul foydalana oladilar.

Prep.uzning yana bir afzalligi shundaki, toʻplayotgan ballarini oʻquvchi bilan birga uning ota-onasi, yaqinlari va oʻqituvchilar ham kuzatib bora oladi. Boshqa oʻquvchilar bilan bellashib, oʻz bilimini sinash imkoniyatiga ham ega boʻladilar.

— Yangicha taʼlim berish usuli hududlar kesimida hamda yoʻnalishlar boʻyicha qay yoʻsinda olib borilmoqda?

— Bugun deyarli har bir oilada uyali aloqa vositalaridan foydalaniladi. Baʼzi xonadonlarda kamida bitta, ayrimlarida esa har bir xona uchun alohida televizorlar bor. Bu esa, bugungi kunda barcha bolalar masofaviy taʼlimdan bahramand boʻla olishini anglatadi. Chunki, barcha maktablar oʻz oʻquvchilari va ularning ota-onalarini Telegram gruppalarga aʼzo qilib, uy vazifalari, ijodiy topshiriqlar va test savollarini yuborib, onlayn jarayonlarni amalga oshirishmoqda.

Ijod maktablarida barcha fanlar boʻyicha sinflar kesimida videodarslar tayyorlanib, viloyatlardagi xususiy telekanallar orqali namoyish etilishi yoʻlga qoʻyildi.

Erkin Vohidov ijod maktabida Agentlik tomonidan yaratilgan platformaga oʻqituvchilar ixtisoslik fanlar boʻyicha dars ishlanmalari va videodarslarni joylashtirishmoqda. Oʻquvchilar telefon orqali bu darslarni kuzatib borishmoqda. Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlar orqali masofadan onlayn darslar olib borilmoqda. Facebook va Telegram ijtimoiy tarmoqlari orqali oʻquvchilarning ijodiy ishlari namoyish etilmoqda. “Oltin qalam” deb nomlangan gruppada oʻquvchilar oʻzlari yozgan yangi sheʼrlarini joylashtirishmoqda. Ustozlar bu ishlarni kuzatib, oʻz baholarini, tuzatishlarini va maslahatlarini berishmoqda. Baxromjon Xudoyberdiyevning “Moziyning sirli sadosi” nomli kanalida tarix fani boʻyicha onlayn darslar sifatli tashkil etilgan. Arab tilidan darslar ham samarali olib borilmoqda.

Jumladan, Namangan viloyati Toʻraqoʻrgʻon tumanida joylashgan Isʼhoqxon Ibrat nomidagi ijod maktabining xorijiy tillar oʻqituvchilari Adiba Parpiyeva va Yelena Mustayeva tomonidan videodarslar yaratildi. Bu mediamahsulotlar Namangan viloyati televideniyesi kanallari orqali barcha maktab oʻquvchilari uchun namoyish etila boshlandi. Boshqa fan oʻqituvchilari oʻz fanlaridan videodarslar tashkil etib, Telegram kanallari orqali oʻquvchilarga yetkazib berishmoqda.

Yana bir misol. Andijon shahridagi Muxammad Yusuf nomli ijod maktabining ingliz tili oʻqituvchisi Sh.Qodirova va adabiyot oʻqituvchisi G.Bektoshevadarning viloyat televideniyesi orqali oʻz fanlaridan videodarslar oʻtishi yoʻlga qoʻyilgan. Maktab rahbariyati tomonidan ota-onalar uchun farzandlarining ifodali sheʼr oʻqish boʻyicha videorolik tayyorlash tanlovi eʼlon qilinib, gʻoliblarga maxsus sovrin taʼsis etilgan. Ijodiy fanlar oʻqituvchilari Telegram kanallari orqali qator badiiy adabiyotlar roʻyxatini eʼlon qilib, mazmunini mobil aloqa orqali oʻquvchilardan soʻrov oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi.

Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida joylashgan Halima Xudoyberdiyeva nomli ijod maktabi oʻqituvchilari tomonidan 5 ta yaʼni, ona tili, adabiyot, biologiya, fizika va tarix fanlari boʻyicha videodarslar televideniye orqali viloyatdagi barcha maktab oʻquvchilari uchun har kuni namoyish etilmoqda. Ijodiy fanlardan uyda oʻqish uchun adabiyotlar roʻyxati, testlar va topshiriqlar shakllantirilib, Telegram kanallari orqali oʻquvchilarga yetkazib berildi. Bu kabi namunali ishlar har bir hududda olib borilmoqda va maktablarda keng qoʻllanilmoqda.

Ixtisoslashtirilgan maktablar oʻquvchilari ham yuqorida qayd etilgan onlayn platformalardan samarali foydalanib kelishmoqda. Ayniqsa, bu borada Agentlik tasarrufidagi Abu Ali Ibn Sino va Mirzo Ulugʻbek nomidagi maktab oʻquvchilari va jamoasi juda faol.

Telegram https://t.me/ibnsinomaktabuz kanali orqali doimiy ravishda videodarslar berib kelinmoqda.

Shuningdek, @Ibn_Sino_school kanali orqali kimyo fanidan 7-10-sinf oʻquvchilari uchun doimiy ravishda vebinar mashgʻulotlari oʻtkazilmoqda. Metod birlashmalari raislari masʼulligida fan oʻqituvchilari va amaliyotchi psixolog axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalangan holda, oʻquvchilar va ularning ota-onalariga taʼtil paytida farzandlarining taʼlim-tarbiya jarayonini toʻgʻri tashkil etish boʻyicha tavsiyalar berib bormoqdalar.

Masofadan taʼlim berish sifatini yana-da oshirish maqsadida joriy yilning 24-martidan boshlab Onlayn_maktab_Android platformasida 
7-10-sinf oʻquvchilari uchun barcha fanlardan onlayn darsliklar, test topshiriqlari, fakultativ mashgʻulotlarni joylashtirish hamda kun davomida sahifalarni yangilab borish yoʻlga qoʻyildi. Shuni alohida taʼkidlash lozimki, ushbu platformada maktab-internatning anʼanasiga aylangan “Tengdosh – tengdoshga“ loyihasi doirasida faol oʻquvchilar tomonidan masofadan oʻqitish amalga oshirilmoqda.

Va biz uchun juda katta hushxabar boʻldi, Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 7-10-sinf oʻquvchilari biologiya, kimyo, matematika, fizika, informatika, rus tili, ingliz tili, geografiya va boshqa fanlardan xalqaro hamda Butunrossiya onlayn olimpiadalari (“Obrazovatelnыy portal istochnik”, “Vremya znaniy”, “Jivaya planeta”, “Solnechnыy svet”)da qatnashdilar. Mazkur onlayn olimpiadalar natijalariga koʻra, jami 160 nafar oʻquvchilar 1-, 2-, 3-oʻrinlarni egalladilar.

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-texnologiyalariga ixtisoslashgan maktab oʻqituvchilari ham onlayn darslar ishlab chiqishmoqda. Endi oʻquvchilar matematika, informatika, fizika, robototexnika va boshqa fanlardan mavzularni oʻzbek tilida onlayn oʻzlashtirish imkoniyatiga ega boʻladilar. Bundan tashqari, sinf rahbarlari bilan birga har bir oʻquvchi bilan Google Education platformasi orqali individual yondashuv yoʻlga qoʻyilgan. Oʻqituvchilar oʻquvchilar bilan oʻzaro masofaviy taʼlim olib bormoqdalar. Bunday imkoniyat oʻquvchilarni qolib ketgan darslarini oʻzlashtirish va bilimini mustahkamlashga yordam beradi.

Mana shular bilan bir qatorda, Telegram kanallar orqali Agentlik tasarrufidagi maktab oʻquvchilarini Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan berib borilayotgan yangi loyihalar va tavsiyalari toʻgʻrisida doimiy ravishda maʼlumot berib borilmoqda. Joriy yilning 30-mart kunidan boshlab, milliy teleradiokanallar orqali uzatiladigan videodarslar mundarijasi Telegram kanallar orqali yetkazib borilmoqda.