Bugungi kun qahramonlari

 

Sirdaryo viloyati Sardoba tumanida yuz bergan suv toshqini barchamizni havotirga qo‘ydi. Ammo Ollohga hamdu sanolar bo‘lsinki, bu ofatdan hamma sog‘-salomat chiqdi. Birin-ketin kelgan bu ofatli kunlar xalqimizning qanchalar mehr- oqibatli, sabrli, vijdonli ekanligini yana bir bor yaqqol namoyon etdi. Suv toshqini tufayli juda ko‘p yurtdoshlarimiz uysiz qolishdi. SHu paytda Ichki ishlar hodimlari guruhi suv sizib chiqayotgan yo‘llarni darhol yopishdi. Ular yordamida Sardoba, Mirzobod, Oqoltin tumanlarining aholisi havfsiz joylarga ko‘chirildi.

Bizning shunday jonkuyar, Vatan uchun jonini ham ayamaydigan Ichki ishlar hodimlarimiz bor ekan, barcha sog‘-salomat, biroq achinarli tomoni shundaki, ikki Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari jabrlanganlarni qutqarish paytida kuchli oqim tufayli yo‘qoldi.

Qidiruv ishlaridan so‘ng harbiy xizmatchilardan biri serjant Husniddin Suyarov qahramonlarcha vafot etganligi ma'lum bo‘ldi. Bu qahramon juda yosh, ya'ni 31 yoshida jonbozlik ko‘rsatib, Vatani uchun jonini qurbon qilgan shahidlarimizdan biri bo‘ldi. Bizning jasur, xalqparvar, jonboz bu shahid og‘amiz safimizdan yo‘qolgan bo‘lsada, ammo hech birimizning qalbimiz tug‘yonidan nomi aslo o‘chmaydi. Bunday qahramonlarimiz avval ham yashagan, hozir ham yashayapti, bundan keyin ham "Xalq qahramoni" nomi bilan yashaydi. Elimiz baxtiga posbonlarimizni, Ichki ishlar hodimlarimizni Olloh o‘z panohida asrashini so‘raymiz. SHunday o‘g‘lonlarimiz bor ekan, biz jannatmakon Vatanimizda tinch hayot kechiryapmiz.

Men shunga aminmanki, yurtning shahid o‘g‘loni Husniddin Suyarovning nomi ham zarvaraqlarga muhrlanadi va doim xalqi tomonidan xotirlanadi!

Sirdaryo viloyati Guliston shahar Halima Xudoyberdiyeva
nomidagi ijod maktabining 5-sinf o‘quvchisi Mingboyeva
Zulhayoning "Bugungi kun qahramonlari" mavzusida yozgan maqolasi.