Cambridge Assessment va hamkorlikdagi yangi qadamlar

 

Cambridge Assessment tashkilotining ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bosh maslahatchisi – Stiv King Toshkent shahridagi Prezident maktabiga tashrif buyurdi. 

Ushbu tashrif doirasida mutasaddilar bilan xalqaro IGCSE, AS va A Level imtihonlarini topshirish yuzasidan muzokara olib borildi.

Agentlik axborot xizmati Mr.Stiv King bilan ta’lim istiqboliga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan rejalar haqida suhbatlashdi.

Endilikda Kembridj Xalqaro imtihonlarini nafaqat Prezident maktablari ta’lim oluvchilari, balki Respublikamizdagi barcha nodavlat va davlat ta’lim muassasalari ta’lim oluvchilari ham topshira olish imkoniyati yaratilmoqda. Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tasarrufidagi Prezident maktablari Kembridj akkreditatsiyasidan o‘tgan xalqaro maktab sifatida xalqaro IGCSE, AS va A Level imtihonlari jarayonlarini tashkil etish, talabgorlarni ro‘yxatdan o‘tkaza oladi.

Kembridj 50 turdan oshiq fanlar tanlovini taqdim etmoqda va mazkur imtihonlarni topshirish uchun hech qanday talablar mavjud emas, ya’ni, yosh cheklovi,  maxsus til bilish sertifikatlari talab etilmaydi. Bir o‘quvchi 5 tagacha fandan imtihon topshirish imkoniyatiga ega. 

         Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tamiz, A Level sertifikati xalqaro oliy ta’lim muassasalari tomonidan tan olingan xalkaro oliy standart sertifikat hisoblanadi. Ushbu sertifikat talabgorlar uchun keng imkoniyatlarga yo‘l ochadi, deyish mumkin. 

Shuningdek, suhbat davomida Stiv King Prezident maktablari, maktab bitiruvchilari haqida ham o‘z fikrlarini bildirib, natijlar  xuddi u kutgandek bo‘lganini ta’kidlab o‘tdi: 

2019 yildan buyon ta’lim olayotgan o‘quvchilarni O‘zbekistonning yangi tarixini yaratuvchi yoshlar, deya olamiz. Ular ilk marotaba xalqaro Kambridge imtihonlarini topshirishdi. Global pandemiya ta’siriga qaramasdan, ushbu imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tishdi. Ularning mashaqqatli mehnati natijasini bugun ko‘plab xalqaro ta’lim tashkilotlaridan tushayotgan takliflardan ham ko‘rishimiz mumkin. Mamlakat rivoji ko‘p jihatdan iste’dodli bolalarni tanlash, ularga to‘g‘ri yo‘nalish berish, qobiliyatini o‘stirish, intellektual salohiyatini namoyon qilishga ko‘mak bera oladigan ta’lim tizimini yaratishga bog‘liq.

            Shuningdek, PDQ dasturi asosida pedagoglar uchun ham yangi loyihalar ko‘zda tutilgan. Bu borada olib borilayotgan ishlar mahalliy pedagoglarni xalqaro  talablarga javob beradigan standartlarga  asosan ularning malakasini oshirishga qaratilgan. Bu o‘z o‘rnida ma’muriy xodimlar, liderlar uchun ham ahamiyat kasb etadi.

           Suhbat so‘ngida Stiv King O’zbekiston bilan, shuningdek, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi bilan olib borilayotgan hamkorlik aloqalaridan mamnunligini bildirdi.

Agentlik axborot xizmati