Davlat rahbari oldida “Zakovat” da qatnashish hayajonli bo‘ldi

"Zakovat" intellektual o'yinining final bahsida Xorazm viloyatining "Xiva Prezident maktabi" jamoasi g‘alaba qozondi. Shuningdek, ushbu jamoa sardori bo‘lgan Xiva shahridagi Prezident maktabining informatika fani o‘qituvchisi Azamat Matkarimov davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev Farmoniga ko'ra "Shuhrat" medali bilan taqdirlandi. Azamat Matkarimov bilan  tashkil etilgan intervyuda jarayonlar va  uning taassurotlari bilan tanishishingiz mumkin.

“Zakovat” intelektual o‘yini siz uchun yangilikmi yoki oldindan ishtirok etganmisiz?

Ilk “Zakovat” intelektual o‘yinida qatnashganimga deyarli 13 yil bo‘ldi va bu yillar menga katta tajriba to‘plashda yordam berdi, deyishim mumkin.  Bundan tashqari, Xiva shahridagi Prezident maktabida informatika fani o‘qituvchisi sifatida faoliyatimni boshlaganimga bir yarim yil bo‘ldi. Maktab o‘quvchilari juda iqtidorli, bunday o‘quvchilarga dars berish ustozlardan alohida bilim va tajriba talab etadi. O‘quvchilarning  bilimini oshirish, ularni fikrlashga o‘rgatish maqsadida maktabda doimiy tarzda “Zakovat” o‘yinlari o‘tkazib turamiz.  Ushbu o‘yinlardagi savollarni tuzish uchun ham  o‘nlab kitoblarni ko‘rib chiqish, bir nechta savollar ichidan eng yaxshilarini tanlashimga to‘g‘ri keladi. Bu o‘z-o‘zidan menga ham tajriba olib keladi. Umuman olganda, Prezident maktabidagi o‘qitish tizimi nafaqat maktab o‘quvchilarini, balki o‘qituvchilarining ham o‘z ustida ishlab kengroq tajriba oshirishlariga yordam beradi.

“Xiva Prezident maktabi jamoasi tarkibini tuzishda nimalarga e’tibor berildi?

Biz mazkur jamoa bilan 2015-yildan buyon birga ishlab kelmoqdamiz. Ayni shu yildan buyon oliy liga o‘yinlarida qatnashib kelganmiz va 2017-yilda g‘oliblikni qo‘lga kiritganmiz. Jamoa bilan doimiy tarzda intelektual o‘yinlarda birgalikda qatnashib kelganimiz. Oldindan tajribaga ega jamoadoshlar bilan bir maqsad uchun kurashganimiz ushbu “Zakovat” intelektual o‘yinidagi g‘olibligimizga turtki bo‘ldi, deb o‘ylayman.

G‘oliblikkacha bo‘lgan jarayonda eng qiyin jihat nimada bo‘ldi

-Bilasizmi, g‘alaba bu “Iceberg” kabi, ya’ni bizga faqat uning ustki qismi ko‘rinadi, mashaqqati esa ostida. Bizning ham bu g‘alabagacha kelishimiz oson bo‘lmadi. Finalgacha bo‘lgan o‘yinda bizdan savolning javobini to‘g‘ri topish bilan bir qatorda ishtirokchi jamoalar ichida javob tugmasini birinchilardan bo‘lib bosish ya’ni tez javob berish talab etilardi. Shu tomoni biz uchun qiyinchilik tug‘dirib, oldingi bosqichlarda jamoamiz so‘nggi o‘rinlarda bo‘lib kelayotgandi. Bu esa final uchun bizning yanada kuchliroq tayyorlanishimizni talab qilgan jihat bo‘ldi.

 Davlat rahbari oldida intelektual ringda qatnashish oson bo‘lmagandir?

-To‘g‘risini aytganda,  bu barcha ishtirokchi jamoalar uchun hayajonli bo‘ldi, deb o‘ylayman. Prezidentimizning o‘zlari kuzatib turgan bu o‘yin bizni yanada mas’uliyatli bo‘lishga va ikki hissa ehtiyotkorlikni oshirib, fikrni g‘alabaga jamlashimizga undadi. Final biz uchun kutilmagan hayajon va natijaga boy bo‘ldi.  O‘yin boshlanishidan oldin biz g‘olib jamoaning avtomashina bilan taqdirlanishini bilardik. Ammo “Shuhrat” medali bilan taqdirlanishimiz bizning hatto tasavvurimizga ham sig‘masdi. Buning hayajoni haligacha davom etmoqda va Prezident maktablariga bildirilgan ishonchni ma’lum bir ma’noda oqlay olganimizdan xursandman.