“DIPLOMACY EDUCATION” TANLOVI G‘OLIBLARI E’LON QILINDI!
Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi maktablar o‘quvchilari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan “Diplomacy Education” tanlovining natijalari e’lon qilindi!
Unga ko‘ra, Agentlik tizimidagi maktablarning 10 nafar o‘quvchisi Italiyaga borish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.
G'oliblarni e’lon qilish marosimi gibrid shaklda o‘tkazilib, unda Agentlik rahbari Hilola Umarova, O‘zbekiston Respublikasining Italiyadagi Favqulodda va Muxtor elchisi Otabek Akbarov, “Global Action” tashkiloti rahbari Pierfrancesco Torrisi va g'oliblikni qo'lga kiritgan o'quvchilar ishtirok etishdi.
G‘oliblarni Agentlik rahbari Hilola Umarova qo‘lga kiritgan yutuqlari bilan samimiy tabrikladi:
- Agentlik tomonidan xorijiy hamkorlar bilan bir qator loyihalar ustida ish olib borilmoqda. O'zbekistonning Italiyadagi elchixonasi va Italiyaning "Global Action" tashkiloti bilan hamkorlikda "Diplomacy Education" dasturi bu boradagi samarali hamkorligimiz natijasi, desam yanglishmayman.
Ishonamanki, istiqbolda O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va hamkor tashkilotlar bilan o'quvchilar almashinuvi, chet el ta'lim dasturlari doirasidagi hamkorligimiz yanada rivojlanadi.
O'zbekistonning Italiya Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Otabek Akbarov:
- “Diplomacy Education” tanlovi ishtirokchilarning dunyoqarashini, ta'limga bo'lgan ishtiyoqini yanada ko'paytirish uchun ajoyib imkoniyatdir. Dastur doirasida o'quvchilar Rim shahrida joylashgan xalqaro tashkilotlar, Italiya Tashqi ishlar vazirligi faoliyati bilan tanishishga, ko'plab yangi bilimlarni egallashga muvaffaq bo'lishadi va bu bilimlarni keyinchalik o‘z tengdoshlariga ham ulashishadi.
3 bosqichli tanlovda ishtirok etib, g‘oliblikni qo'lga kiritgan o‘quvchilarni - intiluvchan yoshlarni samimiy tabriklayman. Umid qilamizki, ularning bu dastur doirasida o‘rgangan bilimlari, tajribalari keyingi faoliyatlarida ham asqotadi.
✔️Ma’lumot o‘rnida, mazkur tanlov Prezident ta’lim muassasalari agentligi, O’zbekiston Respublikasining Italiya Respublikasidagi elchixonasi va Italiyaning “Global Action” tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilgan.