Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019-yil 19-fevral kuni Sirdaryo viloyatiga tashriflari chogʻida tuman hokimlari, faollar, vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida oʻtgan yigʻilishida Guliston shahrida xalq shoirasi Halima Xudoyberdiyeva ijod maktabi tashkil etilishi boʻyicha taklif bergan edilar. Bu taklif bir ovozdan qoʻllab-quvvatlangan edi.
Buning natijasi o‘laroq bugun Guliston shahrida Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabining ochilishi marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvaxitov, viloyat hokimi Gʻofurjon Mirzayev, respublika kino va teatr aktyorlari, sanʼatkorlar, shoiraning shogirdlari, oila aʼzolari, keng jamoatchilik, maktab o‘quvchilari ishtirok etdilar.
Maktabning hovlisida qad rostlagan Halima Xudoyberdiyeva haykalini Prezident maslahatchisi hamda viloyat hokimi ochib berdilar.
Soʻzga chiqqan Prezident maslahatchisi Abdujabbor Abduvaxitov xalq shoiri Halima Xudoyberdiyevaga xalqimizning hurmati, oʻzining fikrlari, ijodiga bo‘lgan ehtiromini bayon qildi.
Shundan soʻng viloyat hokimi hamda Respublika Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid ham soʻzga chiqib, atoqli shoiramiz haqida insonni hayajonga, oʻyga toldiradigan iliq fikrlari bilan oʻrtoqlashdilar.
Shoira haqida qancha koʻp gapilsa, aytilsa ham oz. Shoiraning barcha sheʼrlarida ana shu dardli, hayajonli kunlar va tunlar mevasini koʻrish mumkin. Haykal poyiga gullar qoʻyildi.
Viloyat hokimi isteʼdod egalari uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishish maqsadida barcha mehmonlarni ijod maktabiga taklif etdi.
Maktabning yangi binosining tantanali ochilishi yigʻilgan barcha mehmonlarni xursand qildi. Zamonaviy yangi maktab binosida iqtidorli yosh oʻgʻil-qizlar Halima Xudoyberdiyeva sheʼrlaridan tuzilgan she’rlar guldastasini yig‘ilganlarga taqdim etib, ko‘ngillarni xushnud etdilar. Ajoyib musiqa, laparlar yig‘ilgan mehmonlarni hayajonga soldi.
Maktabning Oltin kalitini viloyat hokimi Gʻofurjon Mirzayev ijod maktabining direktori Muhammad Ismoilga topshirdi. Shundan soʻng yangi binoda ilk qoʻngʻiroq sadolari chalinib, shu kunning oʻzidayoq darslar boshlanib ketdi.
Maktabda yaratilgan shart-sharoitlar, qulayliklar, imkoniyatlar barcha mehmonlarga manzur boʻlib, kayfiyatlarni koʻtardi desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq artisti Sherali Joʻrayev yoshlikka qaytib, mana shu ijod maktabida tahsil olgisi kelgani haqida ham aytib o‘tdi. Yaratib berilgan imkoniyatlar tahsinga loyiq. Bu yerda ilm olayotgan oʻquvchi yoshlar kelajakda buyuk yozuvchi va shoirlar boʻlib yetishishlari uchun barcha qulayliklar mavjud.
Haqiqatda maktabga kirishingiz bilan bahri dilingiz yayraydi. Oʻquvchilar uchun hamma sharoitlar yaratilgan. Oʻquvchi yotoqxonalari, oshxona, hovlida bahs va mushoira qilishlari uchun ayvon, yozgi va qishki sport zallar, lingafon xonalar, fizika va kimyo xonalari, ona tili va adabiyot, kutubxona mavjud. Yig‘ilgan mehmonlar sinfxonalarga kirarkanlar, bolalikda olgan bilimlari, maktab xonalari haqida eslab, bugungi shunday dorilamon kunlarga shukronalar aytishdi.