Ijod maktabida kitob taqdimoti

Sirdaryo viloyati markazi Guliston shahridagi muhtasham Halima Xudoyberdiyeva nomli ijod maktabi zalida viloyat hokimligi va Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida muhtaram Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning toʻrtinchisi — yoshlar maʼna-viyatini yuksaltirish, ular oʻrtasida kitobxonlikni keng targʻib qilish doirasida taqdimot marosimi boʻlib oʻtdi.

     Oʻzbekiston Xalq shoiri, xalqimizning ardoqli farzandi Toʻra Sulaymon tavalludi munosabati bilan oʻtkazilib, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirda uning serilhom qalamiga mansub tanlangan asarlar toʻplami, bundan tashqari “Sayxun sabolari”, “Sirdaryo mavjlari” va “Sirdaryoda ulugʻvor oʻzgarishlar” kitoblari iqtidorli yoshlar hamda keng kitobxonlar eʼtiboriga havola etildi.

     Sirdaryo viloyati oʻrinbosari O.Nosirov olib borgan tadbirlarda, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati qoʻmita raisi B.Sayfullayev, respublika Yozuvchilar uyushmasi rais oʻrinbosarlari Gʻ.Majid, S.Nasriddinov, “Sharq” nashriyoti bosh muharriri A.Ahmedov, “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi bosh muharriri S.Ashur, “Hurriyat” gazetasi bosh muharriri A.Jumaqulov, Uyushma aʼzolari N.Chori, M.Abdusalomov, A.Turdiyev, N.Asadova, Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimi rahbari, senator X.Ortiqboyeva ishtirok etishdi.