Qarorga muvofiq, Ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar tayanch oʻquv rejasi tasdiqlandi.
Tayanch oʻquv rejaga yangi fan – Tarbiya fani kiritildi.
Shuningdek, ijod maktablari uchun notiqlik sanʼati, xalq ogʻzaki ijodi, adabiy jarayon, adabiyot qoidalari, publitsistika, matnshunoslik, dramaturgiya kabi fanlar hamda ixtisoslashtirilgan maktablar uchun ilm-fan (Science), shaxsiy saviya (Personal development), zamonaviy yondashuv (Global Perspectives) kabi fanlar kiritildi.
Mazkur tayanch oʻquv rejasi asosida Agentlik tizimidagi ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarning oʻquv rejalari va dasturlari yangidan ishlab chiqiladi, ularda interaktiv tarzda chuqurlashtirib oʻqitish nazarda tutilgan.
Qaror bilan ushbu maktablarni otaliqqa olish va rivojlantirish uchun biriktiriladigan OTMlar, vazirlik va idoralar roʻyxati tasdiqlandi hamda ularga vazifalar belgilandi.
Qarorga koʻra, ijod maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablarda dars va fakultativ mashgʻulotlarni olib borishda ilgʻor xorijiy mamlakatlarning eʼtirof etilgan darsliklaridan foydalanishga imkon berildi.
2020-yil sentyabrdan boshlab:
· mazkur maktablarning maʼmuriy-boshqaruv, pedagogik, oʻquv-yordamchi, texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlari lavozim maoshiga 100 foiz miqdorida oylik ustama toʻlanadi, shuningdek, ularni ish haqi fondi hisobiga 50 foizdan koʻp boʻlmagan miqdorda ragʻbatlantirish jamgʻarmasi tashkil etiladi;
· ushbu maktablarda dars bergan OTMlar professor-oʻqituvchilarining asosiy ish joyidagi lavozim maoshlariga 30 foiz miqdorida ustama haq toʻlanadi.
· Ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar oʻquvchilarining ovqatlanishi boʻyicha sarf-xarajatlar Davlat byudjeti mablagʻlari hisobiga toʻliq qoplanishi belgilandi.
· Ijod, ixtisoslashtirilgan maktablarga iqtidorli bolalarni aniqlash va saralab olishning shaffof tizimi yaratiladi.
· Ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga tashabbuskor, keng dunyoqarash hamda yuqori ilmiy salohiyatga ega ilgʻor pedagog kadrlarni tanlov asosida ishga jalb qilish tartibi joriy etiladi.