“Ilm-maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” doirasida mustaqil taʼlim yoʻlida hamkorlik

Joriy yilning 19-mart kuni Toshkent shahridagi Prezident maktabida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligini va “Bilim Onlayn” nodavlat notijorat muassasasi oʻrtasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida MEMORANDUM imzolandi.

Hozirda mamlakatimizdagi barcha umumtaʼlim maktab oʻquvchilari, shu jumladan, Agentlik tasarrufidagi maktablar uchun ham 16-mart kunidan taʼtil eʼlon qilindi.

Uzaytirilgan taʼtil davrida oʻquvchilarning darslardan qolib ketmasligi va mustaqil bilim olishlari uchun qoʻshimcha ravishda “Khan Academy” bepul onlayn oʻquv platformasidan foydalanishni keng targʻib qilish maqsadida Agentlik va “Bilim Onlayn” muassasasi oʻrtasida oʻzaro hamkorlik yoʻlga qoʻyildi.

Hamkorlik doirasida Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar oʻquvchilari uchun oʻquv dasturlarida rejalashtirilgan dars mashgʻulotlarini on-layn tashkil qilish koʻzda tutilgan. Shuningdek, tomonlar yoshlarga oid davlat siyosatining amalga oshirilishida oʻzaro hamkorlikni quyidagi yoʻnalishlarda amalga oshiradilar: Agentlik tasarrufidagi maktablar masʼul xodimlaridan iborat muvofiqlashtiruvchi hududiy Ishchi guruhlari tuziladi, bepul onlayn oʻquv platformasining ingliz tilida taʼlim oluvchi oʻquvchilar orasida targʻib qilish, platformadan foydalanish boʻyicha oʻqituvchilarga, oʻquvchilarga va ularning ota-onalariga materiallar taqdim qilish va trening mashgʻulotlar tashkil etiladi, ilm-fanda tashabbuskor yoshlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha barcha hududlarda iqtidorli yoshlar oʻrtasida ilmiy ishlanmalar boʻyicha tanlovlarni tashkil qilinadi.

Maʼlumot: Kuni kecha Mobiuz va Ucell aloqa operatorlari Oʻzbekistondagi bir qator axborot-taʼlim resurslariga tashrif buyurish uchun tarifsiz internet-trafikni taqdim etdi. Bular orasida “Khan Academy” platformasi ham bor. Endilikda oʻquvchilar internet tarmogʻiga ulanmagan boʻlsalar ham, u yerdagi maʼlumotlar bazasidan foydalana oladilar.

Bundan koʻzlangan asosiy maqsad oʻquvchilarning bilim olishga boʻlgan qiziqishini yana-da mustahkamlash, taʼtil davrida vaqtlarini samarali tashkil qilish va taʼlim olish jarayoni toʻxtab qolmasligiga koʻmaklashish hisoblanadi.

2019-yilda mahalliy tadbirkorlar bilan hamkorlikda Khan Academy loyihasi doirasida kompyuter dasturlash, matematika, fizika, kimyo, algebra va geometriya fanlarini jahon tan olgan texnologiyalar asosida oʻrgatish maqsadida 580 ta videodarslar yaratilib, buning natijasida ingliz tilidan oʻzbek tiliga 4,5 mln ta soʻz tarjima qilindi.

2020-yil yakuniga qadar jami 5600 videodarslardan Khan Academy platformasi orqali oʻzbek tilida foydalanish imkoniyati mavjud boʻladi. Bu platforma oʻquvchilarga darsliklardan tashqari, oʻz bilimini oshirish uchun qoʻshimcha manba sifatida xizmat qiladi.

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi ota-onalardan soʻrab qoladiki, farzandlaringizning taʼtil paytida mustaqil taʼlim olish jarayonlariga eʼtibor qaratib, vaqtlarini samarali oʻtkazishlariga, darslarini oʻz vaqtida qilishlariga koʻmak koʻrsating va nazoratga oling.