Ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalari agentligi direktorining maktab bitiruvchilariga tabrigi

Maktablarimizning aziz bitiruvchilari!

Sizlarni maktablarimizni muvaffaqiyatli tamomlab, begʻubor oʻquvchilik yillaringizni ortda qoldirib mustaqil hayot sari ilk qadam tashlayotganingiz bilan chin dildan tabriklayman.

Mustaqil hayot goʻzal va jozibali, albatta. Shu bilan bir qatorda sizdan katta masʼuliyat va ulkan shijoat ham talab etadi. Ishonamanki, jonajon maktablaringizda mehribon ustoz-murabbiylaringizdan olgan taʼlim-tarbiyangiz hayot yoʻllaringizni oʻchmas mashʼala misol hamisha yoritib turadi. 

Maktabni tamomlamasdan turib Garvard, Chicago, California, Pennsylvania, Cardiff, Arizona, Nottingham kabi dunyoning nufuzli Oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilinganingiz bilan tabriklayman. 

Yurtimizda mutlaqo yangicha mazmun va shakldagi zamonaviy Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni joriy yilda 4293 nafar yigit-qizlarimiz tamomlamoqda. Prezidentimiz aytganlaridek, sizdek tirishqoq va intiluvchan farzandlarimiz – bizning ishonchimiz va tayanchimiz, Yangi Oʻzbekistonning oltin fondi, bebaho xazinasidir.

Qadrli oʻqituvchi va ustozlarimiz! 

Shunday hayajonli daqiqalarda Sizlarning sharafli va masʼuliyatli kasbingizga sadoqat va fidoiylik bilan yondashib, har bir oʻquvchini oʻz farzandingizday bilib ularga bilim berganingizni alohida taʼkidlab oʻtmoqchiman. 

Muhtaram muallim va murabbiylar Sizlarning zamon bilan hamnafas fikrlashingiz, oʻz ustingizda tinimsiz mehnat qilayotganingiz, izlanish va talabchanligingiz, qolaversa, mashaqqatli xizmatlaringiz sabab oʻquvchilarimiz barcha sohalarda yuksak marralarni qoʻlga kiritib kelmoqda.

Aziz oʻquvchilar! 

“Soʻngi qoʻngʻiroq” sadolarini katta hayotga kirish uchun chalingan bong deb qabul qiling. 

Davlatimiz rahbari taʼkidlaganlaridek, sizlar inson har tomonlama erkin, ozod va farovon yashaydigan yangi Oʻzbekiston, yangi Renessans bunyodkorisizlar.

Oʻrganish va izlanishdan aslo charchamang!

Barchangizga oʻqish va ishlaringizda omad tilayman.

Alisher Ubbiyev,
Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari
agentligi direktori