Baholash tizimida inson omili minimallashtiriladi

Baholash tizimida inson omili minimallashtiriladi

Ma'lumki, Prezident ta'lim muassasalari agentligi 2020-2021 o‘quv yilidan boshlab ixtisoslashtirilgan maktablardagi fanlar uchun ta'lim standartlarini takomillashtirish, yangi ta'lim standartlarini ishlab chiqish ustida ish olib bormoqda. Joriy yilga qadar matematika, informatika, fizika, ingliz tili hamda kimyo-biologiya fanlaridan ta'lim dasturlari qayta ishlandi va takomillashtirildi. Shu mavzuda ma'lumot olish uchun Muhammad al Xorazmiy nomidagi maktab Maxsus fanlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Dilrabo Davidovaga murojaat qildik.

Yangi baholash tizimini joriy qilish vaziyat taqozosi

Bugungi kunga kelib  yangi o‘quv yili boshlanishidan avval Ilmiy kengash tomonidan tasdiqlangan tayyor o‘quv dasturi bosqichma-bosqich tajriba-sinov muddatiga qo‘yiladi. Bu dasturni tajriba-sinov muddatida haqqoniy va shaffof o‘tkazish uchun yangi baholash tizimini joriy qilish vaziyat taqozosiga aylandi. Xuddi shu tartibda, 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab Prezident ta'lim muassasalari agentligi boshchiligida Muhammad al Xorazmiy axborot texnologiyalari maktabi tomonidan yangi ishlab chiqilgan baholash tizimi tajriba-sinov tariqasida amaliyotga tadbiq etilmoqda. Bugungi kunga kelib, barcha fanlardan dasturlar ilmiy kengash taqdig‘idan o‘tib, bosqichma-bosqich tajriba-sinov sifatida o‘quv jarayoniga olib kirilmoqda. Al Xorazmiy axborot texnologiyalari maktabida ham baholash tizimi yuqorida aytib o‘tilgan tartibda ishlamoqda. Yangi o‘quv yilidan boshlab mazkur maktab ham yangi baholash tizimiga o‘tdi. Biz ushbu tizimni Summativ yoki yangi baholash tizimi deb atayotgan bo‘lsak-da, aytib o‘tish joizki, bu tizimni biz kashf etmaganmiz. Mazkur tizim joriy qilinishdan oldin, ko‘plab xalqaro tajribalar, xususan Yevropa, Osiyo hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, shu bilan bir qatorda Rossiya, Turkiya kabi davlatlarning hamda Kembrij dasturining baholash tizimi bilan yaqindan tanishib chiqdik.

Baholash  eng avvalo obyektiv, aniq, barcha uchun qulay va ishonarli bo‘lishi shart


An'anaviy (eski) baholash tizimida ob'ektivlik eng katta muammolardan biri bo‘lib kelgan. Bunga sabab, tizimning deyarli 90 foizi inson omiliga asoslangan edi. Ya'ni, o‘quvchi bilimiga beriladigan baho birgina o‘qituvchining munosabatidan kelib chiqib belgilangan. Mazkur baholash tizimida esa, inson omilini imkon darajasida minimallashtirish ko‘zda tutiladi.
Baholash tizimi ikki turga - Summativ va Formativ baholash tizimiga bo‘linadi. 

Summativ baholash - ma'lum davrda yoki ma'lum bob yuzasidan berilgan bilimlarning darajasini aniqlashga qaratilgan bo‘ladi. Ya'ni, bunda o‘qituvchi muayyan miqdorda mavzularni qamrab olgan bobni o‘quvchiga yetkazib bergach, o‘quvchilarning ushbu bob yuzasidan olgan bilimlari aniqlanadi. Eski baholash tizimida bu Nazorat ishi ko‘rinishida mavjud bo‘lgan. 

Formativ baholash - o‘quvchi dars jarayonida baholanib borilaveradi. Mazkur baholash tizimining asl mohiyati, u o‘quvchi bilimini emas, o‘qituvchi o‘zining darsini baholashi va unga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishi maqsadida joriy qilingan. Afsuski, bizda buning aksini ko‘rishimiz mumkin. Bizda bu tizimda o‘quvchining bilimi baholanganligini ko‘rishimiz mumkin. Xalqaro tajribalarga nazar soladigan bo‘lsak, formativ baholash rasmiy maqomga ega emas. Unda  o‘qituvchi tomonidan o‘quvchiga turli maqtov so‘zlari orqali ruhlantirish beriladi, biroq shu bilan bir qatorda o‘qituvchi o‘quvchining ishtiroki orqali darsni qay darajada yetkazib bera olganini analiz qiladi. O‘tgan darsda yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar e'tiborga olinadi. 

Yuqorida aytganimizdek, an'anaviy baholash jarayonida formativ baholash tizimi umuman boshqa mazmun-mohiyat kasb etib kelmoqda. Aynan mana shu noto‘g‘ri talqin qilingan tizim tufayli,  ta'lim samaradorligini o‘quvchining o‘zlashtirish darajasini, umumiy o‘quvchilarning o‘zlashtirgan darajasiga qarab baholab kelganmiz. Oddiy tilda tushuntiradigan bo‘lsak, o‘qituvchi sinfga kirib mavzu o‘tishni  boshlaydi. Bilamizki, bola psixologiyasida bolaning o‘ta kuzatuvchan bo‘lishi tasdiqlangan. O‘quvchi ham o‘qituvchining dars o‘tish texnikasi va psixologiyasidan boxabar bo‘lgach, yetarlicha bilimga ega bo‘lmay turib ham dars jarayonida faollik ko‘rsatgisi va shu orqali o‘qituvchining e'tiborini tortgisi keladi. O‘qituvchilar esa bolada bilim saviyasi qay darajada ekanligidan qat'iy nazar uning dars jarayonidagi faolligini hisobga olib, unga yuqori baho qo‘yishga harakat qiladi. Aynan nazorat ishlari paytida esa dars davomida doim yuqori baho olib kelgan o‘quvchining bilim saviyasi yuzaga chiqadi.

Summativ tizimda esa, bola o‘qishda davom etadi, faqat o‘qituvchi tomonidan kundalik baholanmaydi. O‘quvchi muayyan bobni yakunlagandan keyin, o‘quvchi qanday bilimlarga ega bo‘lishi kerakligi, bolada qanday ko‘nikma va tajriba shakllanishi lozimligi haqidagi savol o‘rtaga tashlanib, shunga mos tarzda topshiriq ishlab chiqiladi. Aynan shundagina har bir o‘quvchiga nisbatan munosabat bir xil bo‘ladi. Baholashda ob'ektivlik yuzaga keladi.

O‘qituvchi o‘z ishini ham baholash imkoniyatiga ega bo‘ladi

O‘qituvchi har bir bolaning ishini tekshirar ekan, o‘quvchining mavzuni qay darajada tushunganligi, uning aynan qaysi mavzuda qiyinchilikka uchrayotgani, ya'ni umumiy qilib aytadigan bo‘lsak, bolaning dars davomida olgan bilim darajasini va uni tuzatishda qaysi jihatiga e'tibor berish kerakligini o‘zi uchun bilib oladi. Bunda o‘qituvchi har bir bolaga individual yondashadi. Sinfdagi o‘quvchilarning necha foizi o‘tilgan mavzuni to‘liq yoki qisman tushunganligi namoyon bo‘ladi va o‘quvchining mavzuni egallash koeffisientiga qarab o‘qituvchi bir vaqtning o‘zida o‘z ishini baholash imkoniga ega bo‘ladi.
Formativ baholash tizimini ham butunlay inkor eta olmaymiz, albatta. uning ham o‘ziga yarasha ijobiy tomonlari bor. Masalan, har safar mehnati uchun baholanish, rag‘batlantirilish bola uchun motivasiya bo‘ladi. Keyingi dars uchun yanada ko‘proq tayyorlanish va faolroq bo‘lishga intiladi. 
Summativ baholashni 100 ballik sistema asosida oladigan bo‘lsak, 100-86 ball oralig‘ida bola – 5 bahoga, 86-65 ball oralig‘ida – 4 bahoga, 65-45 ball oralig‘ida – 3 bahoga ega bo‘ladi. 
O‘quvchi ega bo‘ladigan ballning 10 foizi formativ baholash tizimida bo‘ladi. Bunda o‘quvchi o‘quv choragi davomidagi darsdagi ishtiroki, faolligi orqali 1 dan 10 ballgacha bo‘lgan tizimda baholanadi. Qolgan 90 ballni esa Summativ baholash tizimi asosida oladi. 
Summativning o‘zi ikki turga bo‘linadi:

1. BSB - bob bo‘yicha Summativ baholash
2. ChSB - chorak bo‘yicha Summativ baholash.
ChSB yilda mavjud bo‘lgan chorak miqdorida qo‘yiladi. Ya'ni o‘quvchi yilda 4 marotaba yoki ba'zi (haftada 1 marotaba o‘tiladigan) fanlar kesimida yilda 2 marta topshiradi. ChSB bir o‘quv yili davomida 40 ball, BSB 50 baldan iborat bo‘ladi. 

BSB fan o‘qituvchisi tomonidan dars davomida yozma shaklda olinadi. Uning shaffofligini ta'minlash va tarqalib ketishining oldini olish maqsadida har bir sinf uchun alohida variant ishlab chiqiladi. Bunda savollar darajasi o‘zgarishsiz qoladi. ChSB  esa chorak yakunida e'lon qilingan ChSB haftaligi doirasida olinadi. O‘quvchi sinf kesimida taqsimlangan ChSB  haftaligida onlayn platforma orqali topshiradi. Moddiy texnik jihatdan imkoniyati cheklangan maktablar uni qog‘ozda o‘tkazishi mumkin bo‘ladi.
                                                                                                                     
  Ushbu tizim boshqa maktablarda ham tadbiq etiladi

O‘quvchining ChSB dagi bali platforma orqali ko‘rsatiladi. Yana bir afzalligi, ota-onalar tomonidan o‘qituvchiga bildiriladigan salbiy e'tirozlarga o‘rin qolmaydi. O‘quv yili boshlanishidan avval barcha ota-onalarga mazkur tizim va uning afzalliklari haqida batafsil ma'lumot berib o‘tganmiz. Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Bola har bir darsga tayyorgarlik ko‘rsa-yu, unga o‘qutuvchi tomonidan motivasiya bo‘lmasa? Yoki aytaylik, o‘quvchi dars davomida baholanib borilmasa, ota-ona farzandining bilim saviyasi qay darajada ekanligini qanday bilishi mumkin? Maktabda elektron jurnal yuritiladi. Unda mavzu yuzasidan ma'lumot va taqdimotlar, dars jadvali joylashtirib boriladi. Har bir o‘quvchi uchun login-parol beriladi. Darsda faol qatnashgan o‘quvchi uchun A, B, K darajadagi fidbek beriladi. Bularning barchasi ota-ona uchun farzandining darslardagi faolligidan xabardor bo‘lishi, o‘quvchini esa yanada faolroq bo‘lishga undaydi.

BSB ishlari faqatgina savol-javob yoki test ko‘rinishida bo‘lmay, laboratoriya ishlari, fan doirasida yaratilgan loyiha ishi, yozma va amaliy ish kabilarni o‘z ichiga oladi. 
Hozirgi kunda Abdulla Qodiriy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek kabi ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar o‘quvchilari uchun og‘zaki nutq ko‘nikmalarini rivojlantirish, Formativ va Summativ baholashni ballarda taqsimlanishini qayta ko‘rib chiqish va muvofiqlashtirish, BSB larda beriluvchi instrumentlarni ko‘rib chiqish va kriteriyalar asosida to‘liq yozib chiqish borasida ish boshlash rejalashtirilgan.  Ushbu tizimni boshqa maktablarda ham tatbiq etish yuzasidan ishlar olib borilmoqda.

Agentlik Axborot xizmati