Maktablar faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha seminar oʻtkazildi

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi (PIIMA) “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da agentlik tasarrufidagi maktablar faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha seminar oʻtkazildi.

Seminarda agentlik rahbariyati va xodimlari, agentlik tasarrufidagi maktablarning direktorlari va ularning oʻrinbosarlari ishtirok etishdi.

Agentlik direktori Hilola Umarova seminarni ochar ekan Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga murojaatida taʼlim sohasini rivojlantirish va isloh qilish boʻyicha bir qator vazifalar belgilab berganini taʼkidladi.

Jumladan, davlatimiz rahbari taʼlim sifatini oshirish kerakligini taʼkidlab, taʼlim sifatini tubdan yaxshilash maqsadida oʻquv dasturlari, oʻqituvchi va domlalar uchun metodik qoʻllanmalarni ilgʻor xalqaro mezonlarga moslashtirish lozimligini qayd etdi.

Seminar doirasida agentlik tasarrufidagi maktablarning oʻquv dasturlarini va metodikalarini qayta koʻrib chiqish boʻyicha 2021-yilda amalga oshirilishi kerak boʻlgan vazifalar belgilanib olindi.

Jumladan, Agentlik huzurida Ilmiy kengash tashkil etish haqida qaror qabul qilindi. Ilmiy kengash agentlik tizimidagi taʼlim standartlari, oʻquv dasturlari va darsliklarni yaratish va takomillashtirish boʻyicha ish olib boradi. Kengashga taʼlim sohasida yuqori natijalarga erishgan malakali mutaxassislarni jalb qilish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari seminar doirasida Agentlik tizimidagi maktablarda monitoring oʻtkazish hamda uning natijalari boʻyicha taʼlim sifatini yaxshilash masalalari ham muhokama etildi.

Seminar ishtirokchilari Agentlik tizimidagi maktablar bitiruvchilarni oliy taʼlim muassasalariga kirishi darajasini yana-da yaxshilash va oʻquvchilarni kasbga yoʻnaltirish boʻyicha topshiriqlar berildi.