“Ma’rifat” gazetasida Agentlik tomonidan yaratilgan ijod maktablari uchun “Adabiyot” darsligi haqida maqola chop etildi

ADABIYOT DARSLIGIDA YANGICHA YONDASHUV

Adabiyot fani yozuvchilar va ularning asarlari haqidagi tayyor ma’lumotlarni yod olishga emas, balki matn tahlili vositasida o‘quvchilarni tanqidiy fikrlashga, empatiyaga (birovning quvonch va g‘amiga sherik bo‘la olishga) o‘rgatish, emotsional intellektini rivojlantirish,  turfa olamlar va madaniyatlar eshigini ochishga xizmat qiladigan fan bo‘lmog‘i lozim. Adabiyot darslari badiiy matn va uning tahliliga asoslanishi nuqtayi nazaridan uning yaratilish prinsiplari, strategiyalari ham aynan mana shu maqsadni anglashga yordam  beradigan ilmiy tadqiqotlarga, xulosalarga asoslansagina kutilgan natijaga erishish mumkin.

Badiiy matn boshqa turdagi matnlardan (darsliklar, ensiklopediyalar, ma’lumotnomalar va hokazo) tubdan farq qilishini va bu farqlar badiiy asarni o‘qish jarayoniga ham ta’sir qilishini nazardan qochirmasligimiz lozim. Badiiy matnni bir xil tushunishi va bir xil talqin qilish nafaqat o‘quvchi tafakkurini o‘tmaslashtiradi  balki asarning badiiy-estetik qiymatini ham yo‘qqa chiqaradi.

Mutolaa jarayoni haqidagi zamonaviy qarashlar o‘qish va o‘qilgan matnni tushunishning interaktivligi (interfaolligi) tamoyiliga asoslangan. Ushbu tamoyilga ko‘ra, o‘quvchi va matn mutolaa jarayonida bir-biriga o‘zaro ta’sir qiladi va o‘quvchi matn bilan ishlash jarayonida ma’noni o‘zi yaratadi.

Tadqiqotchilarning fikricha, badiiy matnni o‘qish natijasida chiqariladigan xulosalar uch omilning bir-biriga o‘zaro ta’siridan kelib chiqadi:

  • o‘quvchi: uning hayotiy tajribasi, dunyoqarashi, unda mavjud bo‘lgan bilimlar majmui (pedagogikada ular “sxemalar” deb ataladi), matnni tushunishga yordam beruvchi bilimlari (leksika, sintaksis, semantika, pragmatika, adabiyot nazariyasi bo‘yicha ma’lumotlar), mutolaa paytidagi emotional holati;
  • badiiy asar matni: matn mavzusi, tuzilishi, tili, lingvistik, grammatik, uslubiy xususiyatlari, ekspozitsiyasi;
  • o‘quvchining asarni o‘qishdan maqsadi.

Badiiy asar mutolaasi davomida o‘quvchi: 

  • o‘zini o‘rab turgan voqelikdan farq qiladigan voqelikka sho‘ng‘ish zavqini his qiladi;
  • o‘zini muallif va asar qahramonlari bilan muqoyasa qiladi, o‘xshash va farqli jihatlarni qidiradi, ozini ularga yaqinlashtiradi yoki ulardan uzoqlashtiradi, ularga nisbatan ijobiy yoki salbiy tuyg‘ularni his qiladi;
  • asar muallifining dunyoqarashini, qadriyatlarini, uning voqelikka munosabatini va bu munosabatning sabablarini tushunishga harakat qiladi.

Shu bilan birga, badiiy asar mutolaasi o‘quvchiga o‘zining dunyo haqidagi bilimlarini, siyosiy, ijtimoiy, axloqiy tafakkurini boyitish hamda tarix, madaniyatshunoslik, geografiya va boshqa fanlar bo‘yicha bilimlarini chuqurlashtirish, fanlarni o‘zlashtirish jarayonida ko‘ra olmagan detallarni ko‘rish imkonini beradi.

Mutolaa jarayoni samarali bo‘lishi uchun badiiy matn bilan ishlash bir necha bosqichga bo‘linadi. Bu bosqichlar o‘quvchida mavjud bilimni faollashtirish orqali yangi bilim, tushuncha va fikrlarning o‘zlashtirilishi samarali bo‘lishini ta’minlaydi. Buning uchun esa adabiyot darslarida qo‘llaniladigan savollar va topshiriqlar:  

  • bahs va munozaralarni keltirib chiqarishi lozim – demak, savol va topshiriqlar yagona to‘g‘ri javobga yoki yechimga ega bo‘lmasin;
  • boshqa fanlardan olingan bilimlarga suyanishi hamda ularni boyitishga xizmat qilishi lozim – demak, fanlararo integratsiyaga katta e’tibor beriladi;
  • turli nutq ko‘nikmalarini (o‘qish, eshitish, yozish, gapirish) qamrab olishi lozim;
  • yuqori darajadagi kognitiv ko‘nikmalarni (tahlil qilish, baho berish, yaratish) rivojlantirishga xizmat qilishi lozim – demak, o‘quvchilarga beriladigan savollar va topshiriqlar faqat ma’lumotni qaytarishni talab qilmasligi, balki matnni tahlil qilib, uning asosida yangi narsa yaratish, matndagi voqea-hodisalar, obrazlarga baho berishni ham qamrab olishi talab qilinadi. 

Badiiy asar matni bilan ishlashning har bosqichi muayyan maqsadlarga asoslanadi:

  1. O‘qishdan oldingi topshiriqlar kitobxondagi mavjud bilimlar va badiiy matn o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajaradi. Bundan maqsad o‘quvchilarni o‘zlari uchun notanish bo‘lgan badiiy asar mutolaasiga tayyorlash, asarni yaxshiroq tushunishga yordam berish, matnni oldindan ko‘ra olish qobiliyatini shakllantirish, asarda hikoya qilingan kontekst (tarixiy davr, geografik muhit, madaniyat) haqida tasavvur uyg‘otishdir. Bu bosqichda, shuningdek, asarni o‘qishga nisbatan motivatsiya (rag‘bat) shakllantirish ham muhim ahamiyat kasb etadi. O‘qishdan oldingi topshiriqlarni tayyorlashda aksariyat holatlarda struktural tahlil imkoniyatlari (masalan, badiiy asarning kompozitsion qurilishi, jumladan, asar sarlavhasi, prolog, epilog, asardagi epigraflar, ilk va so‘nggi jumlalar, muallifning badiiy asar kompozitsion qurilishidan kutilgan maqsadi va h.k.z) dan foydalanish ijobiy natijalar beradi.
  2. O‘qish davomidagi topshiriqlarning maqsadi o‘quvchiga asar matnini tushunish va tahlil qilishga yordam berish, o‘qish davomida o‘quvchining fikrini yo‘naltirib borishdan iboratdir. Bunda asardagi obrazlarning xatti-harakatlarini, xarakterlarini, bir-birlariga munosabatlarini, voqealarning sabab va oqibat zanjirini, asarning tili (leksikasi, grammatikasi, uslubi), unda qo‘llanilgan badiiy vositalarning ma’nosini tushunish, ularni tahlil qilish va baho berishga e’tibor qaratiladi.
  3. O‘qishdan keyingi topshiriqlar esa asarni makro darajada tahlil qilish, sintez, baho berish va o‘quvchi hayoti bilan bog‘lashga (personalizatsiya) qaratiladi. Bunda asosiy e’tiborni sujetni (voqealar ketma-ketligini) qayta hikoya qilib berishga emas, g‘oyaga, muallif yetkazmoqchi bo‘lgan fikrga qaratish maqsadga muvofiqdir. Shuningdek, bu bosqichda adabiyot va boshqa fanlar integratsiyasini ta’minlash – asarni o‘qish natijasida olgan bilimlarni boshqa fanlar bilan bog‘lash va boshqa fanlardan olgan bilimlarni o‘qilgan asarga tadbiq qilish muhim rol oynaydi.

Shu paytgacha ta’lim tizimida qo‘llanib kelinayotgan adabiyot darsliklarini tahlil qilsak, ular aksar hollarda badiiy matn mutolaasi borasidagi ilmiy-metodik yondashuvlarni hisobga olmaganligining guvohi bo‘lamiz. Darsliklar an’anaviy tarzda “yozuvchi haqidagi ma’lumotlar” - “asar (yoki undan parcha)” - “asar haqida darslik muallifining fikri” - “savol va topshiriqlar” tarzida tuzilgan bo‘lib, o‘quvchiga asar “ichiga” kirish, undan o‘z ma’nolarini yaratish imkonini bermaydi: o‘quvchi faoliyati, yuqorida aytilganidek, yozuvchi va asar haqidagi ma’lumotlarni, darslik muallifining asar haqidagi qarashlarini yodlash bilan cheklanadi.

Prezident ta’lim muassalari agentligi tasarrufidagi ijod maktablarining 11-sinfi uchun yaratilgan “Adabiyot” darsligida (mualliflar: f.f.d. Zulxumor Mirzayeva, Komil Jalilov, Jamoliddin Nurmuhammadov) ilk bor badiiy matn mutolaasi, “o‘quvchi-matn” dialogining o‘ziga xos xususiyatlariga e’tibor qaratildi. Buyuk Britaniya, AQSH, Germaniya singari davlatlarning adabiy ta’limidagi ilg‘or tajribalarga tayanildi va badiiy asar tahlilidagi yangicha yondashuvlar ilk marotaba o‘quvchilarga taqdim qilindi.  

Darslik XX asr adabiyotini qamrab oladi. O‘quvchilar darslik orqali XX asr o‘zbek va jahon adabiyotida muhim iz qoldirgan ijodkorlarning asarlari bilan tanishadilar, ularni tahlil qiladilar. O‘zbek va jahon adabiyoti taraqqiyotining muhim bosqichlari, adabiyot va san’atdagi asosiy ijodiy metodlar haqidagi umumlashtiruvchi darslar maktabni bitirish arafasida turgan o‘quvchilarga adabiy tafakkur taraqqiyotining umumiy tendensiyalarini tushunish, adabiy –tarixiy jarayon haqida yaxlit tasavvur uyg‘otish, qolaversa, quyi sinflarda va mustaqil o‘rgangan bilimlarini umumlashtirish imkoniyatini beradi.

Bevosita badiiy asar bilan ishlash jarayoni esa yuqorida qayd etilgan uch bosqichda tashkil qilingan. Ushbu bosqichlarni Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanini o‘rganish misolida ko‘rib chiqamiz.

Birinchi bosqich “O‘qishga tayyorlanamiz” deb nomlandi. Bunda asarni o‘rganish uchun zamin tayyorlanadi: o‘quvchiga asar kontekstini tushunishga yordam beradigan bilimlar esga olinadi (agar quyi sinflarda yoki boshqa fanlar doirasida o‘tilgan bo‘lsa) yoki taqdim qilinadi. Bu esa o‘quvchilarning asarni yaxshiroq tushunishlari uchun zamin hozirlaydi. Shuningdek, bu bosqichda “eslang”, “fikr yuriting”, “tahlil qiling”, “tadqiq qiling” singari ruknlar muhim ahamiyat kasb etadi – bunday ruknlar o‘quvchining kognitiv faoliyatini yo‘naltiradi va darsning zerikarli ma’ruza shaklida emas, balki interfaol tarzda o‘tishini  ta’minlaydi.

 

Ma’lumki, “O‘tkan kunlar” romani voqealari XIX asr o‘rtalarida, Rossiya istilosi arafasida Qo‘qon xonligining Xudoyorxon davrida bo‘lib o‘tadi. 9-sinf tarix darslari orqali o‘quvchi bu davr bilan tanish. O‘quvchiga romanda qamrab olingan davr haqida qisqacha ma’lumot beriladi va:

1. “Eslang” rukni ostidagi savollar orqali tarix fanidan o‘rgangan bilimlari yodga olinadi. Asarni yaxshiroq tushunish uchun kontekst ta’minlanadi.

2. “Fikr yuriting” ruknida berilgan savollar o‘quvchilarning roman haqidagi dastlabki tasavvurlarini, mulohazalarini mustaqil va erkin bayon etishga rag’bat beradi. O‘quvchilar ushbu rukndagi savollarga javob berishda roman yozilgan tarixiy davr, ijodkor hayoti va ijodiga oid avvalgi bilimlariga suyanadi. Tabiiy, hali asar bilan tanish bo‘lmagan o‘quvchining javoblari o‘qituvchini qoniqtiradigan darajada mukammal bo‘lmasligi mumkin, lekin muhimi – o‘quvchi fikrlaydi, unda asarga nisbatan qiziqish paydo bo‘ladi. Asarni o‘qib bo‘lgandan keyin dastlabki savolga qaytib, o‘quvchilar asar mutolaasidan avvalgi va keyingi qarashlarini muqoyasa qiladilar. Bunday yondashuv o‘quvchilarda yuqori badiiy didni shakllantirishi barobarida, matnni turli xil rakurslarda tahlil qilish imkonini yaratadi.

Keyingi bosqich – bevosita matn bilan ishlash. Bu bosqichda oʻquvchilar asar tili, badiiy xususiyatlari, sujeti, personajlar orasidagi munosabatlarni tahlil qilib boradilar. Tahlil davomida oʻquvchilar tarix, geografiya, adabiyot fanidan o‘rgangan nazariy va amaliy bilimlari integratsiyasiga tayanadilar.

Quyidagi namunada ikkinchi savol aynan matn va adabiyot nazariyasini bog‘lovchi savolga misol bo‘la oladi. Quyi sinflarda berilgan nazariy bilimlarni yaxshi o‘zlashtirgan o‘quvchi keltirilgan parchada muallif nima uchun zidlantirish (kontrast) dan foydalanganligini va bu nimaga xizmat qilayotganligini qiyinchiliksiz topa oladi hamda asarning dastlabki boblaridayoq Qodiriy Otabekni boshqalardan ajratib ko‘rsatayotgani sabablari ustida mushohada yuritadi.

 

Bu bosqichda oʻquvchilarni asar davomidagi voqealarni, personajlar orasidagi munosabatlarni bashorat qilishga undaydigan savollar berish mumkin. Yuqorida keltirilgan asarning birinchi bobi asosidagi toʻrtinchi savol aynan yuqoridagi maqsadga xizmat qilgan. Bunday yondashuv oʻquvchini asarni to‘liq oʻqishiga ragʻbatlantiradi va “oʻquvchi-matn” dialogining samaradorligini taʼminlaydi.

Darslikning yana bir oʻziga xos xususiyati – hajman yirik asarlarning faqat dastlabki boblari berilgan bo‘lib, asarning toʻliq matni audio kitob va  QR kodlar orqali taqdim etilgan. Bundan maqsad – o‘quvchilar asarni sinfda o‘qib, o‘qituvchi yordamida tahlil qilishni boshlashadi va asarga “kirishib” olganlaridan keyin qolgan qismlarini mustaqil mutolaa qiladilar. Darslikda esa badiiy matnni qismma-qism (boʻlimma-boʻlim, bobma-bob) tahlil qilishga qaratilgan savollar va topshiriqlar keltirilgan. Dasturda ham asarlarni toʻliq oʻrganish va tahlil qilish uchun yetarlicha soatlar ajratilgan.

Nazarimizda, yuqori sinf oʻquvchilari milliy va jahon adabiyotining sara namunalarini toʻliq oʻqish va asar boʻyicha oʻz xulosalarini shakllantirishga tayyor boʻlishlari lozim. Amaldagi darsliklarda qabul qilinganidek, asarni parcha holida oʻqishi, darslik muallifining asar sujetini qayta hikoya qilib berishi yoki subyektiv qarashlaridan kelib chiqib tahlil qilingan “asar haqida”gi maqolasini oʻqish oʻquvchini fikrlashdan toʻxtatadi va aksar hollarda asar bilan toʻliq tanishishga ragʻbat uygʻotmaydi.

Asar bilan ishlashning yakuniy bosqichi – “Mutolaadan soʻng” ruknida esa oʻquvchilar asarga tugal adabiy hodisa sifatida yondashib, asarda koʻtarilgan muammolar, asar gʻoyasini ochib berishda asosiy obrazlarning tutgan oʻrni, asarning badiiy xususiyatlari ustida mushohada yuritadilar. Bu bosqichdagi savol va topshiriqlar “Asar tahlili”, “Obrazlar”, “Adabiy tanqid” singari bir qancha runklarga bo‘lingan.

Yuqoridagi darslik sahifalari namunalaridan o‘rin olgan “O‘tkan kunlar” romani tahliliga oid savol va topshiriqlarga e’tibor qilinsa, ularning barchasi o‘quvchilarning mushohadaga, munozaraga chorlaydigan, asarning turli qirralarini “kashf qilish”ga yo‘naltiradigan savollardir. O‘quvchi savollarga munosabatini asar matniga tayangan holda asoslashi lozim – bu esa o‘quvchini sinchkov bo‘lishga, fikrini dalillashga o‘rgatadi.

Bu bosqichdagi savol va topshiriqlarning yana bir o‘ziga xos jihati o‘quvchilarning asar tadqiqi bilan shug‘ullangan adabiyotshunoslarning fikrlariga munosabat bildirishi bilan belgilanadi. Bu o‘rinda nostandart, an’anaviy qarashlar va qoliplarga tushmaydigan fikrlar ham keltirildiki, aynan qarama-qarshilik, ziddiyat o‘quvchining fikrini harakatga keltiradi, asarga turli xil nuqtalardan qarashga yordam beradi.

Darslikda adabiyot va san’atning boshqa turlari integratsiyasiga ham alohida e’tibor berildi. Asar va uning teatr (radioteatr), kino, musiqa, tasviriy san’atdagi talqinlarini solishtirish, ularning mushtarak va o‘ziga xos xususiyatlarini tahlil qilish o‘quvchiga nafaqat o‘rganilayotgan asarni yaxshiroq tushunishga yordam beradi, balki umuman san’at haqidagi bilimlarini kengaytiradi va tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Har bir mavzudan keyin berilgan nazariy ma’lumotlar ham bevosita o‘rganilgan asar bilan bog‘lanadi – o‘quvchi o‘rganilayotgan nazariy qoidalarni bevosita matnga tadbiq qiladi. Misol uchun, “O‘tkan kunlar” romanidan keyin o‘quvchilar roman janriga xos xususiyatlarni va sujet elementlarini Qodiriy asari misolida tahlil qiladilar.

O‘quvchilarning yozma nutqi va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish maqsadida darslikka annotatsiya, taqriz, esse, kichik hikoya yozish singari topshiriqlar ham kiritildi. Bunday topshiriqlarni bajarishdan oldin o‘quvchilarga ularni qanday amalga oshirish haqida ma’lumotlar taqdim etiladi,  namunalar tahlil qilinadi, ya’ni o‘quvchilar topshiriqni muvaffaqiyatli bajarishlari uchun yetarlicha tayyorgarlik bosqichidan o‘tadilar.

Darslikda an’anaviy “Asar haqida” maqolalari mavjud emas: kuzatishlarimiz shuni ko‘rsatadiki, bunday maqolalar o‘quvchi fikrini bir qolipga solib qo‘yadi. O‘quvchi aksar hollarda badiiy matn bilan ishlash, undan o‘z ma’nolarini yaratish o‘rniga shunchaki “asar haqida” maqolasini o‘qib undagi fikrlarni qaytaradi.

Darslikning yana bir o‘ziga xos xususiyati “Adabiy laboratoriya” rukni bo‘lib, bunda o‘quvchilar maxsus tadqiqotlar bilan shug‘ullanadilar va o‘ziga xos mahsulot ishlab chiqaradilar. Masalan, audiokitob yaratish, buktizer (kitob uchun video reklama) kabi loyiha ishlarini bajarish orqali o‘quvchilar nafaqat badiiy matnga chuqurroq kiradilar, balki maktabni bitirish arafasida turli sohalarda o‘z qobiliyatlarini sinab ko‘rib, kasb tanlash borasida muayyan xulosalarga kelish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Bugungi o‘quvchining vizual olamga qiziqishini e’tiborga olib, darslikning nafaqat metodik, balki vizual jihatlariga ham alohida urg’u berildi. Mavzuga oid illustratsiyalar, turli shrift va ranglardan unumli foydalanishga harakat qilindi. 

Darslik hozirda ijod maktablarida aprobatsiyadan o‘tmoqda. Tajriba-sinov natijalari asosida mazkur darslik takomillashtiriladi va o‘quvchilarga taqdim etiladi.

Yangicha yondashuvga asoslangan “Adabiyot” darsligi  o‘quvchini badiiy so‘zning sehrli olamiga olib kirishga, badiiy asarga qiziqtirishga va adabiyot darslarini mazmunli tashkil qilishga yordam berishi bilan birga, milliy adabiy ta’limni yangi bosqichga olib chiqadi deb umid qilamiz.

Zulxumor Mirzayeva,
Komil Jalilov

“Ma’rifat” gazetasi, 2021-yil 3-noyabr, №45 (9370)