"Ma'rifat" gazetasida Prezident ta'lim muassasalari agentligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “TDP@Scale” loyihasi haqida "O‘QITUVCHIning malaka oshirishi O‘QUVCHIning ta’limiga ta’sir qiladi" nomli maqola chop etildi

O‘QITUVCHIning malaka oshirishi O‘QUVCHIning ta’limiga ta’sir qiladi

Ma’lumki, ta’limning sifati pedagoglar sifatiga chambarchas bog‘liq. Ta’limning o‘quvchi ma’lumotlarni passiv qabul qilishiga asoslangan an’anaviy modeli zamon talablariga javob bera olmasligi, tanqidiy va ijodiy fikrlash, muammoni hal qilish, jamoa bo‘lib ishlash, yangi bilim va ko‘nikmalarni mustaqil o‘zlashtirish singari muhim kompetensiyalarga ega shaxsni tarbiyalay olmasligi tadqiqotlarda isbotlangan. Demak, bugungi kun pedagogi ta’limni interfaol tashkil etish, o‘quvchini ta’lim markaziga qo‘yish strategiyalari va bu strategiyalar zamiridagi nazariyalardan xabardor bo‘lmog‘i lozim. Bunda pedagogning o‘z malakasini doimiy oshirib borishi muhim ahamiyat kasb etadi.

Osiyo taraqqiyot bankining O‘zbekiston ta’lim sektori tahliliga bag‘ishlangan hisobotida (2018-yil) qayd etilishicha, pedagog kadrlarning sifati quyidagi besh omil bilan belgilanadi:  

  • o‘qituvchilik kasbiga nomzodlarni tanlash jarayonining to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganligi;
  • o‘qituvchilarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimining samarali yo‘lga qo‘yilganligi;
  • o‘qituvchilarni baholash tizimining standartlar va o‘quv dasturlariga mosligi;
  • kasbiy rivojlanish (karyera qilish) tiziing jozibadorligi;
  • munosib maosh va rag‘batlantirish tizimining faoliyat samaradorligiga bog‘liqligi.  

Muvaffaqiyatli ta’lim tizimlarida o‘qituvchilarning kasbiy rivojlanishiga alohida e’tibor beriladi. Misol uchun, Novegiyada o‘qituvchining yillik ish vaqtining 6 kuni malaka oshirish uchun ajratilsa, Yaponiyada bu ko‘rsatkich 10 kunni, Singapurda 12 va Shanxayda 33 kunni tashkil qiladi. O‘quvchilarning ta’limdagi yutuqlarini baholashga qaatilgan xalqaro PISA tadqiqotlarida Shanxay, Singapur va Yaponiya yuqori 10talikka kirishini hisobga olsak, o‘qituvchining malaka oshirishi va o‘quvchilarning ta’limdagi yutuqlari o‘rtasida ma’lum bir bog‘liqlik mavjud, degan xulosaga kelish mumkin.

Har besh yilda hududiy malaka oshirish institutlarida majburiy tarzda 144 soatlik malaka oshirish pedagogning ehtiyojlarini qondirmaydi va malaka oshirish tizimini quruq rasmiyatchilikka aylantiradi. Mazkur muammoning yechimi sifatida davlatimiz rahbari 2020-yil 6-noyabrda imzolagan "O‘zbekistonning yangi taraqqiyoti davrida ta'lim-tarbiya va im-fan sohalarini rivojlantirish  chora-tadbirlari to'g'risida"gi 6108-sonli farmonida malaka oshirish tizimining “hayot davomida o‘qish” tamoyili asosida takomillashtirilishi va pedagoglarga o‘zi tanlagan ta’lim muassasasida malaka oshirish imkoni berilishi qayd etilgan. Bunda ta’lim muassasalari taklif etayotgan malaka oshirish kurslarining ham mazmun, ham yondashuv (model) jihatdan har xilligi malaka oshirish xizmatlari bozorida raqobatni ta’minlaydi va pirovardida sifatga xizmat qiladi.

UNESCO tomonidan bir qancha davlatlarda, xususan, O‘zbekistonda olib borilayotgan “TDP@Scale” loyihasining maqsadi har bir mamlakatga mos keladigan malaka oshirish modelini amaliyotda sinab ko‘rish va uni tadqiqot natijalariga ko‘ra mamlakat miqyosida tadbiq qilish uchun tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat. Loyiha “Ta’lim uchun global hamkorlik – Bilim va innovatsiya almashish” (GPE-KIX) tashkiloti tomonidan moliyalashtirilmoqda. O‘zbekistonda loyiha hamkori sifatida Prezident ta’lim muassasalari agentligi ishtirok etmoqda.

Bugungi kunda Agentlik tizimidagi Prezident va ijod maktablarida loyihaning birinchi bosqichi yakunlandi. Ushbu bosqichda sinab ko‘rilgan malaka oshirish modeli ikki qismdan iborat bo‘lib, bevosita (yuzma-yuz) va onlayn yondashuvlarning qorishmasiga qurilgan. Dastlab pedagoglar uchun uch kunlik trening tashkil qilindi. Treningdan so‘ng  pedagoglar treningda olgan bilimlarini maxsus platforma yordamida uch oy davomida chuqurlashtirdilar va o‘rganilayotgan yangi yondashuvlarni o‘z darslarida tadbiq qilib ko‘rdilar. Bu jarayonda maxsus tayinlangan mentorlar pedagoglarga yordam berishdi.

Modelning yana bir o‘ziga xos xususiyati – o‘qituvchilarga majburiy va tanlov modullarining taklif qilinishi. Majburiy modullarda o‘qituvchilarga o‘rganish nazariyasi, o‘quvchiga yo‘naltirilgan ta’lim asoslari va reflektiv amaliyot asoslarini o‘rganishadi. Tanlov modullari esa pedagogga quyidagi yo‘nalishlardan o‘z qiziqishiga moslarini tanlab, chuqurroq bilim olish imkonini beradi:

  • ta’limiy maqsadlarni aniqlashtirish va darsni rejalashtirish;
  • loyihaga asoslangan ta’lim;
  • izlanishga asoslangan ta’lim;
  • o‘quvchilarni baholash;
  • ta’lim jarayonida AKTdan samarali foydalanish.

Loyihaning birinchi bosqichida taklif qilinayotgan malaka oshirish modeli sinovdan o‘tkazildi. Sinov so‘ngida modelning samaradorligi va malaka oshirishda qatnashgan pedagoglarning unga munosabatlarini o‘rganish maqsadida intervyular va fokus-guruhlarda muhokamalar tashkil qilindi.

Tadqiqot natijalari tahlili shuni ko‘rsatdiki, pedagoglar sinab ko‘rilgan model haqida umuman olganda ijobiy fikrlar bildirdilar. Aksar o‘qituvchilar malaka oshirish treninglari onlayn shakldan ko‘ra an’anaviy (yuzma-yuz) shaklda o‘tkazilgani ma’qul deb hisoblashlarini qayd etishdi.

O‘qituvchilar platformada berilgan vazifalarni asosan maktabda darsdan keyin bajarishgan va hamkasblari bilan muhokama qilishgan. Shuningdek, platforma orqali o‘rganilgan metodlar va yondashuvlarni o‘z darslarida sinab ko‘rishga harakat qilishgan. Ayrim o‘qituvchilar hatto o‘z darslarini videoga olib, hamkasblariga namoyish qilishgan hamda darslarining yutuq va kamchiliklarini muhokama qilishga harakat qilishgan.

Intervyular davomida loyihada qatnashgan o‘qituvchilar sinab ko‘rilgan modelni takomillashtirish yuzasidan o‘z takliflarini bildirdilar. Xususan, modelning onlayn qismi o‘qituvchilarni o‘ziga ko‘proq jalb qilishi uchun audio va video materiallardan ham keng foydalanish, o‘rganilayotgan metodlar va yondashuvlar borasida boshqa maktablarda ishlaydigan hamkasblari bilan fikr almashish uchun haftada bir marta Zoom platformasida muhokama vaqti tashkil qilish, pedagogni baholash uchun turli yondashuvlardan (testlar, yozma ishlar, videoga yozib olingan darslar singari) foydalanish kabi takliflar ilgari surildi.

Pedagoglar tomonidan bildirilgan takliflar tahlil qilinib, umumlashtiriladi hamda malaka oshirish modeli va mazmuniga o‘zgartirish kiritiladi. Loyihaning keyingi bosqichida takomillashtirilgan model qayta tajriba-sinovdan o‘tkaziladi. Bunday yondashuv malaka oshirish kurslarini taklif qilishda bevosita ularda o‘qiydigan pedagoglarning ehtiyojlarini hisobga olish imkonini beradi.

Komil Jalilov,

Prezident ta'lim muassasalari agentligi O‘quv jarayonini metodik ta'minlashni muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i

"Ma'rifat" gazetasi  №50 (10.12.2021)