Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari maktabiga imtihon topshirish onlayn shaklda boshlandi

Joriy yilning 25-sentabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yoʻnalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktabiga qabul jarayonining birinchi bosqichi boshlandi.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi 10-sentabrdan 20-sentabrga qadar Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yoʻnalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktabiga 2020/2021 oʻquv yili uchun 5-9 sinflarga oʻquvchilarning hujjatlarini onlayn qabul jarayonini oʻtkazdilar.

Bu jarayon doirasida maktabning www.ictschool.uz rasmiy veb-sayti orqali jami 5058 ta ariza kelib tushdi. Ulardan 3396 ta ariza qabul qilindi. Qolgan 1662 ta arizalarda kamchilik boʻlgani uchun rad etildi.

Jumladan, 5-sinfga jami 1261 ta ariza, 6-sinfga 790 ta, 7-sinfga 580 ta, 8-sinfga 441 ta va 9-sinfga 324 ta ariza kelib tushdi.

Arizalari qabul qilingan barcha oʻquvchilar 25-29-sentabr kunlari oʻtkaziladigan imtihonlarda ishtirok etadilar. Imtihonlar 5-6-sinflar uchun matematika, ingliz tili, 7,8,9-sinflar uchun matematika, fizika va ingliz tili fanlaridan onlayn test va mantiqiy masalalarni yechish shaklida tashkil etiladi.

5-sinf oʻquvchilari imtihonlarni 25-sentabr kuni, 6-sinf oʻquvchilari 26-sentabr kuni , 7-sinf oʻquvchilari 27-sentabr kuni, 8-sinf oʻquvchilari 28-sentabrt kuni va 9-sinf oʻquvchilari 29-sentabr kuni onlayn imtihonlarda ishtirok etadilar.

Birinchi bosqich yakunida 5-sinf uchun 360, 6-sinf uchun 180, 7-sinf uchun 180, 8-sinf uchun 180, 9-sinf uchun 90 nafar, jami 990 nafar yuqori ball olgan oʻquvchilar ikkinchi bosqichda ishtirok etish imkoniyatini qoʻlga kiritadilar.

Imtihonlardan muvaffaqiyatli oʻtgan oʻquvchilar joriy yilning 5-7-oktabr kuni Zoom dasturi orqali onlayn suhbatda ishtirok etadilar.

5-sinf oʻquvchilari uchun onlayn suhbat 5-oktabr kuni, 6-7-sinf oʻquvchilari uchun – 6-oktabr kuni va 8-9-sinf oʻquvchilari uchun – 7-oktabr kuni onlayn suhbatlar tashkil etiladi.

Ikkinchi bosqich imtihonida ingliz tili fanidan 1 ta mavzu boʻyicha oʻqish, tarjima qilish va suhbatlashish mahorati sinovdan oʻtkaziladi, matematika va fizika fanlaridan esa 2 tadan misol ishlanadi.

Imtihon sinovlari Toshkent shahridagi Inha universiteti, Toshkent shahridagi Amiti universiteti va Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti professor-oʻqituvchi mutaxassislari tomonidan oʻtkaziladi.