Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktab ochildi

Millatimizning bo‘lajak yosh olimlarini tarbiya qilib beradigan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab ochildi.

Joriy yilning 27 dekabr’ kuni Toshkent shahrida yana bir innovatsion tarzda bunyod etilgan maktabning yangi binosi foydalanishga topshirildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 sentyabrdagi PQ-3274-sonli qaroriga muvofiq “Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktabni tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq mazkur bilim dargohi tashkil etilgan edi.

Ixtisoslashtirilgan maktabning asosiy vazifasi – axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng jalb qilgan holda, matematika, fizika, informatika va chet tili fanlarining o‘quvchilar tomonidan chuqur o‘zlashtirilishiga erishish, o‘quvchilarni dasturlash asoslari, ma’lumotlar bazasini shakllantirish, axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ko‘nikmalarga ega bo‘lishlariga erishish, axborot va media hamda intellektual madaniyatni maktab davridan boshlab shakllantirishdan iborat edi.

Qarorda belgilangan vazifalar ijrosi doirasida innovatsion maktabning yangi qurilgan binosi foydalanishga topshirildi. 1200 o‘quvchi o‘ringa mo‘ljallangan maktab binosi, 270 nafar o‘quvchilar uchun zamonaviy sharoitga ega yotoqxona, shuningdek, 500 nafar o‘quvchilar uchun mo‘ljallangan faollar zali, oshxona va maxsus sinfxonalar yuksak darajada bunyod etildi.

Shu bilan bir qatorda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktabda xalqaro tashkilotlar, Huawei, ZTE kompaniyalarining va Ucell, Artel, IT Parkning alohida jihozlangan laboratoriya xonalari ham ochildi. Ushbu laboratoriya xonalarida o‘quvchilarga zamonaviy texnika imkoniyatlari haqida axborot-ma’lumot berish bilan bir qatorda, ulardan foydalanish, yangi zamonaviy texnik vositalarni kashf etishga tayyorlovchi amaliy ko‘nikmalar ham shakllantiriladi.

Maktab kutubxonasi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, INHA Korea, Cambridge, Oxford, elektron kutubxonalari elektron tizimiga ulangan bo‘lib, ular orqali boshqa xalqaro kutubxonalar bilan ham bog‘lanish imkoni mavjud.

Hozirgi kunda ixtisoslashtirilgan maktabda 680 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Joriy yilda maktabning 5-sinfiga 60 nafar o‘quvchi saralab olindi.

Maktab binosining rasmiy ochilishiga bag‘ishlangan tadbir tom ma’noda yoshlar bilan yurakdan suhbatga aylanib ketdi. Tadbirga tashrif buyurgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SHavkat Mirziyoev barcha sharoitlarga ega zamonaviy maktab bilan tanishib chiqqach, maktabning faollar zaliga to‘plangan 450dan ortiq uchrashuv ishtirokchilari, mutasaddi rahbarlar va yoshlar hamda barcha viloyatlardan video selektor orqali bog‘langan viloyat rahbarlari va mahalliy yoshlar bilan suhbatlashdilar.

Yurtboshimiz ta’lim tizimida kelajakda davom ettirilishi kutilayotgan o‘zgarishlarda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar bosh lokomotiv vazifasini bajarishini, ushbu ilm dargohining o‘quvchilari mamlakatimizning barcha yoshlariga namuna bo‘lishlariga alohida urg‘u berdilar. Bunga javoban so‘zga chiqqan yoshlar kelajakda o‘zlarining ilm-fan sohasidagi yutuqlari bilan yurtimiz nomini jahonga tanitishga bor kuch-g‘ayratlarini yo‘naltirib, IT sohasida ham rivojlangan davlatlar qatoridan o‘rin egallashga va’da berishdi. “2020 yil yoshlarga oid davlat siyosatida tub burilish yili bo‘ladi”, – deb ta’kidladi Prezident.

Ma’lumot: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 9 sentyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligini tashkil etish to‘g‘risida»gi PF-5815-son Farmoniga muvofiq mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan 4 ta Prezident, 9 ta ijod va 3 ta ixtisoslashtirilgan maktablar Agentlik tasarrufida.