Murojaatlar yuzasidan brifing o'tkazildi (Video)

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga hamda hududlarda qurilayotgan Prezident maktablariga ishga kirmoqchi bo'lgan pedagog kadrlarga qanday talablar qo'yiladi?

AOKAda bo'lib o'tgan brifingda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi axborot xizmati rahbari Dilfuza Sobirova savollarga javob berdi.

Bugungi kunda faoliyat yuritayotgan Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga hamda hududlarda qurilayotgan Prezident maktablariga malakali pedagog kadrlarni jalb qilish,ularni saralash maqsadida Agentlik tomonidan job.piima.uz sayti tashkil etildi. Pedagog kadrlarga tanlov quyidagi uch bosqichda tashkil etiladi:

Veb-saytda ariza berish va hujjatlarni taqdim qilish;

test sinovlari;

suhbat (onlayn/oflayn)

Tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan nomzodlar muvofiq shaklda job.piima.uz veb-sayt orqali murojaat qilishi lozim.

Test Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat kilish davlat inspektsiyasi tomonidan tuzilgan test sinovlari asosida o'tkaziladi. Nomzod onlayn test-platformasi orqali yoki qog'oz varianti shaklida 40 savoldan iborat test topshiradi. Test sinovlari 100 ballik tizimda bo'lib, undan 50 va undan yuqori ball olgan nomzod suhbatga chaqiriladi. Suhbat jarayonida berilgan savollar va ularga berilgan ballar maxsus shaklda qayd etiladi. Suhbat yakunlari bo'yicha komissiya a'zolari tomonidan nomzodga qo'yilgan ballar avtomat tarzda umumlashtiriladi va o'rtacha ball hisoblab chiqariladi.Suhbat jarayonida 65 balldan yuqori olgan nomzod ishga taklif qilinadi. Teng natijalar yuzaga kelgan holda, ya'ni bir nechta nomzod bir xil umumiy ball to'plagan vaziyatda, nomzodni tanlash tanlov komissiyasi ixtiyoriga qoldiriladi. Nomzod tanlov jarayonida uzrsiz sababga ko'ra ishtirok etmagan bo'lsa, unga nisbatan «tanlovdan o'tmadi» degan qaror chiqariladi. 

Ushbu sayt Agentlik tizimidagi maktablarga malakali pedagog kadrlarni jalb etish jarayonlarining ochiqlik va shaffofligini ta'minlash uchun tashkil etildi. Talabgorlar qat'iy belgilangan mezon asosida tanlab olinadi. Saralash bosqichma-bosqich o'tkaziladi va barcha ma'lumotlar saytga joylanadi. Nomzodlar qaysi bosqichda, qanday natija ko'rsatganliklarini kuzatib borish imkoniyatiga ega. Bundan tashqari sayt bazasida malakali pedagog kadrlarning o'ziga xos zaxirasi tashkil etiladi. Bu keyinchalik tizimdagi maktablarga kadrlar zarurati tug'ilganda, ularni jarayonga jalb etishda qo'l keladi.