“Bu maktablarning oʻqituvchisi ham, oʻquvchisi ham eng namunali boʻlishi lozim. Chuqur bilim bilan birga maʼnaviyat, vatanparvarlik hissi ham singdirilishi zarur”.
Sh.Mirziyoyev
2019-yilning 11-dekabrida Qoraqalpogʻiston Respublikasining Nukus shahrida Prezident maktabining ochilishiga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi. Bu voqea, maʼlum bir maʼnoda, ramziy maʼnoga ega: yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev oʻtgan yili Prezident maktablarini tashkil etish tashabbusini aynan Qoraqalpogʻistonda eʼlon qilgan edilar.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri Sh.Shermatov, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi, Prezidentning yoshlar, fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat va sport masalalari boʻyicha maslahatchisining birinchi oʻrinbosari A.Saʼdullayev, OʻzR VM huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligining direktori S.Babaxodjayev, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengashi Raisi M.Yerniyazov, vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdilar. Dunyoning eng ilgʻor tajribalariga asoslanib, Prezidentimizning taʼriflari bilan aytganda, millatimizning “oltin fondi”ni har tomonlama barkamol qilib voyaga yetkazish uchun moʻljallangan mazkur taʼlim dargohi bu yoʻnalishda ochilgan
4-maktab sanaladi. Bunga qadar 1-maktab joriy yilning 10-sentyabrida Toshkent shahrida,
4-dekabrida Xiva shahrida va 6-dekabrida Namangan shaharlarida rasman ochilgan edi.
Iqtidorli bolalarni aniqlash, taʼlim jarayonida ilgʻor texnologiyalarni qoʻllagan holda ularni oʻqitish va tarbiyalash boʻyicha yaxlit tizim yaratish, isteʼdodli yoshlarni yanada qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish, maʼnan yetuk va intellektual jihatdan barkamol avlodni shakllantirish; oʻquvchilarda vatanparvarlik hamda Vatanga muhabbat tuygʻusini, bagʻrikenglik, qonunlar, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan munosabatni, hayotga qatʼiy ishonch va qarashlarni shakllantirish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim muassasasi shaklidagi innovatsion tarzda bunyod etilgan Prezident maktablarini tashkil etish vazifasi belgilandi. Ushbu maktablarda taʼlim jarayoni xalq taʼlimi tajribasida shakllangan boy imkoniyatlarga ilgʻor taʼlim tizimiga ega mamlakatlar tajribasini uygʻunlashtirgan holda ishlab chiqilgan oʻquv rejalari va dasturlari boʻyicha davlat tili va ingliz tilida olib boriladi.
Taʼkidlash joizki, mazkur taʼlim dargohiga Qoraqalpogʻiston Respublikasining turli hududlarida istiqomat qiladigan, 2 bosqichdan iborat imtihonlardan muvaffaqiyatli oʻtgan 144 nafar oʻgʻil-qizlar tanlab olinib, innovatsion tarzda bunyod etilgan maktab-internatda bilim oladilar.
Prezident maktablarida taʼlim jarayoni xorijiy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan “STEAM – taʼlim” (Science – tabiiy fanlar, Technology – texnologiyalar, Engineering – texnik ijodkorlik, Art – sanʼat, Mathematics – matematika) dasturiga asoslangan oʻquv rejalari va dasturlari boʻyicha amalga oshiriladi. STEAM yondashuviga oid darslik va oʻquv qoʻllanmalari Cambridge University Press, Oxford University Press va Collins kabi nufuzli nashriyotlar tomonidan chop etilgan. Kembrij taklif qilayotgan oʻquv dasturining asosiy afzalligi jahon mehnat bozoridagi tamoyillardan kelib chiqib, oʻquvchilarda tegishli zamonaviy bilim va koʻnikmalarni shakllantirishga urgʻu berishdir.
Oʻquvchilarga mazkur fanlarni oʻqitishda malakali mahalliy oʻqituvchilar bilan bir qatorda, xorijlik oʻqituvchilar ham hamkorlikda saboq beradilar. Yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni ishga yollashda mazkur yoʻnalishda koʻp yillik tajribaga ega “Teachaway” (Kanada) va “TIC Recruitment” (Buyuk Britaniya) rekruting kompaniyalari bilan hamkorlikda ishlar amalga oshirildi.
Zamonaviylik, noanʼanaviy usullar, innovatsion yondashuv va ilgʻor anʼanalar Prezident maktablari faoliyatining oʻziga xos mezonlari boʻlib, ularni tashkil etishdan koʻzlangan maqsad, davlatimiz rahbari taʼkidlaganlaridek, boshqa maktablar uchun andoza boʻlishi, taʼlim muhitini oʻzgartirishga asos yaratishdir.