"O'zbekiston uchun 100 g'oya"

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2021-yil 29-yanvarda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida iqtidorli yoshlarni kashf qilish va ularning tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “O‘zbekiston uchun 100 g‘oya” loyihasi taklif qilindi. Shu maqsadda joriy yilning 13-aprelida  Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqur o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internatida Sirdaryo viloyati hokimligining “O‘zbekiston uchun 100 g‘oya” tanlovi bo‘lib o‘tdi. 

Ushbu tanlovda yuzlab yoshlar o‘zlarining tashabbuskor, innovatsion g‘oyalari bilan ishtirok etishdi.

Ushbu tanlov tadbirini Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzayev ochib berdi.

So‘z avvalida G‘ofurjon Mirzayev Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabi ma’muriyatiga ushbu tadbirni tashkiliy ishlariga katta ko‘mak berganligi uchun o‘z minnatdorchiligini bildirdi. So‘zi davomida Sirdaryo viloyati hokimligi bunday tashabbuskor g‘oyalarni doimo qo‘llab-quvvatlashini, bunday g‘oyalar vatanimiz kelajagi ravnaqiga katta hissa qo‘shishini ishonch bilan aytib o‘tdi va ushbu g‘oya egalarining rahbar ustozlariga, ota-onalariga samimiy tashakkurini aytdi.

Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabi direktori Muhammad Ismoilov  intervyusida ushbu turdagi tanlov va tadbirlarni doimo qo‘llab-quvvatlashini, bunday tanlovlar kelajakda xalqimiz uchun, millatimiz uchun kerakli ishbilarmon yoshlarni yetishib chiqishida, ulkan xissasi borligini ta’kidlab o‘tdi.

Ushbu tashabbuskor g‘oyalarga Halima Xudoyberdiyeva ijod maktabi o‘quvchilari ham o‘z qiziqishlarni namoyon etdi. Ijod maktabi o‘quvchilari barcha taqdim etilayotgan g‘oyalar va ularning mualliflari bilan suhbatlashib,  ma’lumotlar olishdi va kelajakda ular ham mana shunday yurtimizga, viloyatimizga manfaat keltiradigan g‘oyalar ishlab chiqishini o‘zlari uchun istiqbolli reja qilib olishdi.  
Bunday loyihalar shahar va qishloqlardagi tashabbuskor yoshlarning iqtisodiyot, ta’lim, sport, axborot texnologiyalari kabi sohalardagi g‘oyalarni ro‘yobga chiqarish uchun sharoitlar yaratadi.

Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabi yoshlar yetakchisi, ijtimoiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi

Sanjar Obidov