“Ogahiy asarlarining tili” mavzusida yana bir ochiq osmon ostidagi dars mashgʻuloti boʻlib oʻtdi

 

“Ogahiy asarlarining tili” mavzusida yana bir ochiq osmon ostidagi dars mashgʻuloti boʻlib oʻtdi

O'zbek tili bayrami munosabati bilan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi muassisligidagi Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi tashabbusi bilan 6-oktabr Toshkent shahridagi Adiblar xiyobonida “Ogahiy asarlarining tili” mavzusida ochiq osmon ostidagi dars oʻtkazildi. Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi tashabbusi bilan ochiq dars xiyobonda qad rostlagan muazzam shaxs — Ogahiy haykali qarshisida olib borildi.

Tadbirda p.f.d., prof. Roza Niyozmetova “Ogahiyning hayoti va ijodining ilmiy chizgilari” mavzusida maʼruza qildilar. Xususan, Niyozmetova Roza oʻz maʼruzalarida adabiyotshunoslarimiz Ogahiyni oʻzbek adabiyotida Alisher Navoiydan soʻng samarali va sermahsul ijod qilgan adiblardan biri sifatida eʼtirof etishini taʼkidlab oʻtdilar.

Ochiq darsda f.f.d., prof. Nusratilla Jumaxoʻja “Ogahiy ijodining gʻoyaviy mazmuni” mavzusida maʼruza qildi. Maʼruza orqali tadbir ishtirokchilariga koʻplab, qiziqarli maʼlumotlarni yodga soldi.

Tadbirda Hamid Olimjon madaniyat markazi xodimi, “Navbahor” toʻgarak rahbari Paxlavon Turdiyev Ogahiyning “Koʻrmisham” gʻazali ijro etib, barcha tadbir ishtirokchilarni xushnud etdi. Madaniyat xodimi Dilbarxon Madrahimovaning ijrosida “Ogahiyning gʻazallari bilan kuylangan qoʻshiqlariga taqdim qilingan raqslar guldastasi ishtirokchilarni Ogahiyning sheʼriyat olamiga xayolan olib bordi desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Ochiq dars davomida Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi ona tili va adabiyot oʻqituvchisi Malika Berdiyevaning Ogahiyning hayoti va ijodini oʻrganish yuzasidan interaktiv dars mashgʻulotidan metodik lavha taqdim etildi. Interaktiv dars tadbir ishtirokchilariga manzur boʻldi. Ishtirokchilar juda qiziqarli, kerakli boʻlgan maʼlumotlarni qoʻlga kiritishdi.

Tadbirda Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi “Qodiriy izdoshlari” toʻgaragi aʼzolarining ijodiy chiqishlari boʻlib oʻtdi. Oʻquvchilarning sahna koʻrinishlari tadbir ishtirokchilarini Ogahiyni toʻlaqonli yod etishiga turtki boʻldi.

Tadbir yakunida pedagogika fanlari nomzodi, dotsent, “Xalq taʼlimi aʼlochisi” koʻkrak nishoni sovrindori, Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi direktori Nilufar Yuldasheva tadbir ishtirokchilarini oʻz maʼruzasi bilan xushnud etdi. “Mutafakkir shoir Ogahiy oltita tarixiy asar yozgan. Ularda oʻz davrining asl tarixiy haqiqati bayon etilgan. Shuning uchun ham adabiy merosimizni oʻrganishga, tariximizni xolisona anglashga intilayotgan yoshlar, albatta, uning asarlariga murojaat qilishi zarur” — deya taʼkidladilar Nilufar Abdullayevna.