O‘quvchilarning ijodini targ‘ib qilish uchun maxsus Telegram-kanali ishga tushirdi

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish Agentligi ijod maktabi o‘quvchilarining ijodini targ‘ib qilish va keng jamoatchilikka tanishtirish uchun maxsus Telegram-kanalini ishga tushirdi.

Bugungi kunda Respublikamizda atoqli shoir va adiblar nomi bilan faoliyat yuritayotgan to‘qqizta ijod maktabi mavjud. Bular- Namangan viloyatida Is‘hoqxon Ibrat nomidagi, Jizzax viloyatida Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi, Qoraqalpog‘iston Respublikasida Ibroyim Yusupov nomli, Qashqadaryo viloyatida Abdulla Oripov nomidagi, Farg‘ona viloyatida Erkin Vohidov nomidagi, Andijon viloyatida Muhammad Yusuf nomli, Xorazm viloyatida Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi, Toshkent shahrida Abdulla Qodiriy nomidagi, Sirdaryo viloyatida Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ona tili va adabiyoti hamda chet tillarga ixtisoslashtirilgan maktab –internatlaridir. Ayni paytda mazkur ijod maktablarida 1429 nafar adabiyot ixlosmandlari tahsil olmoqda. 

Ijod maktabi o‘quvchilarining nazm, nasr va publisistika yo‘nalishi bo‘yicha eng sara ijod namunalari Agentlikning “Ijod bog‘idan guldasta”nomli Telegram-kanalida (https://t.me/ijodmaktablari) e’lon qilinadi. 

Mazkur Telegram –kanal orqali siz ijod maktabi o‘quvchilarining ijod namunalari bilan muntazam tanishib borish imkoniga ega bo‘lasiz.

Ijodkor o‘quvchilarning nazm gulshaniga marhabo!