Oʻzbek romanchiligining asoschisi Abdulla Qodiriyning muqaddas xotirasiga ehtirom

 

Oʻzbek romanchiligining asoschisi Abdulla Qodiriyning muqaddas xotirasiga ehtirom

Bundan roppa-rosa 82 yil ilgari, 1938-yil 4-7-oktyabrda millatimizning bir qator fidoyi maʼrifatparvarlari, ulkan isteʼdod sohiblari, Vatan, el-yurt ravnaqi, ozodligi, obodligi tarafdorlari, rahnamolari, qalbi va ongi uygʻoq, tafakkur taraqqiyotiga chanqoq jadidlar shafqatsizlarcha qatl etilgan.

1938-yil, 4-oktyabr kuni Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Choʻlpon, Abdurauf Fitrat kabi el ardogʻidagi shoir va yozuvchilar, Gʻozi Olim Yunusov, Qayum Ramazon, Otajon Hoshimov, Majid Qodirov, Ziyo Saidov kabi adabiyotshunos olimlar, birinchi oʻzbek kinorejissyori va fotografi Xudoybergan Devonov otuvga hukm qilindi.

Ularni hamisha yodda tutish, porloq xotirasiga eʼzoz-ehtirom koʻrsatish biz avlodlarning maʼnaviy va insoniylik burchimizdir!

Shu maqsadda, Abdulla Qodiriy memorial muzeyi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tasarrufidagi Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi hamkorligida Abdulla Qodiriy memorial muzeyida joriy yilning 7-oktyabr kuni “Xotiramizda mangu yashaysan” mavzusidagi maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etilmoqda. Ushbu tadbirda Oʻzbek adabiyotining yirik namoyandalaridan biri Abdulla Qodiriyning hayoti va ijodi yodga olinadi. Tadbir mehmonlaridan biri, Abdulla Qodiriy nabirasi Xondamir Qodiriy boʻladilar. Shuningdek, Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi “Qodiriy izdoshlari” toʻgaragi aʼzolarining ijodiy chiqishlari boʻlib oʻtadi. Oʻquvchilarning sahna koʻrinishlari tomoshabinlarni shu davrga xayolan sayohat qilishiga turtki boʻladi desak mubolagʻa boʻlmaydi. Tadbir soʻngida Muzey boʻylab sayohat uyushtiriladi.