Oʻzbekistonda Muxtor Ashrafiy nomidagi ijod maktabi tashkil etiladi

Vazirlar Mahkamasining “Buxoro shahrida Muxtor Ashrafiy nomidagi ijod maktabini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi eʼlon qilindi.

Hujjat loyihasida ijod maktabi oʻzbek va jahon musiqa sanʼati rivojiga ulkan hissa qoʻshgan mashhur kompozitor, dirijyor, mahoratli pedagog hamda oʻzbek musiqa sanʼati asoschilaridan biri Muxtor Ashrafiy izdoshlarini kashf etish va ularning oʻz isteʼdodlarini keng namoyon qilishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida tashkil etilishi aytib oʻtilgan.

Maktabni qurish uchun Buxoro shahar A.Gʻijduvoniy koʻchasi hududidan yer maydoni ajratiladi.

Loyihada keltirilishicha, 2020-2021 oʻquv yilida maktabning musiqa hamda ona tili va adabiyoti yoʻnalishlariga 7-8-9-10-sinflariga hamda 2021-2022 oʻquv yilidan boshlab 7-sinfiga 20 nafardan oʻquvchi tanlov asosida qabul qilinadi.

Ijod maktabi uchun 200 oʻrinli maktab binosi va uning 200 oʻrinli yotoqxona binosini qurilib jihozlanadi.

Maktab yotoqxona, oshxona, kutubxona, faollar zali, xor, musiqa xonalari va oʻquv-laboratoriya jihozlari hamda kompyuter texnikasi bilan taʼminlanadi.

Maktabga iqtidorli oʻquvchilarni saralab olish maqsadida musiqa va adabiyot yoʻnalishlarida ijodiy tanlov, tegishli fanlaridan test sinovi va psixologik-pedagogik diagnostika oʻtkaziladi.