PIIMA direktori Fargʻona vodiysida agentlik tasarrufidagi taʼlim muassasalari faoliyati bilan tanishdi

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi (PIIMA) direktori Hilola Umarova 23-24-oktyabr kunlari Fargʻona vodiysiga tashrif buyurdi.

Mazkur tashrif Hilola Umarovaning PIIMA rahbari lavozimida Fargʻona vodiysiga ilk safari boʻlib, undan koʻzlangan asosiy maqsad agentlik tasarrufidagi taʼlim muassasalari faoliyati bilan tanishish va ularni rivojlantirishga qaratilgan rejalarni belgilab olishdan iborat boʻldi.

PIIMA rahbari tashrif davomida Namangan viloyatida faoliyat olib borayotgan Prezident maktabi va Isʼhoqxon Ibrat nomidagi ijod maktabi, Andijon viloyatidagi Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabi hamda Fargʻona viloyatidagi Erkin Voxidov nomidagi ijod maktabi faoliyatlari bilan tanishdi.

Namangan shahridagi Prezident maktabiga tashrif doirasida Hilola Umarova Janubiy-Sharqiy Osiyo matematika olimpiadasi (SEAMO-2020) kumush va bronza medallarini qoʻlga kiritgan Adiba Tojimirzayeva, Orifxon Husanov, Mohina Rustamova hamda Jahongir Amirhamzayevlarni yutuqlari bilan qutladi va ularni taqdirladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev imzolagan “Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan taʼlim-tarbiya tizimida alohida oʻrnak koʻrsatgan xodimlardan bir guruhini mukofotlash toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan Namangan shahridagi Prezident maktabining informatika fani oʻqituvchisi Bahodir Gulmatov “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan edi. Maktabga tashrif doirasida Agentlik rahbari fidoyi oʻqituvchini mazkur mukofot bilan qutladi.

Shundan soʻng Namangan shahridagi Prezident maktabi rahbariyati, mahalliy va xorijiy oʻqituvchilari ishtirokida boʻlib oʻtgan majlisda muassasada taʼlim sifatini yana-da oshirish, yangi oʻquv metodikalarini va qoʻshimcha darslarni joriy etish hamda Prezident maktablarining laboratoriya xablarini yaratish boʻyicha masalalar muhokama etildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.

Fargʻona vodiysida faoliyat yuritayotgan ijod maktablariga tashrif davomida taʼlim muassasalarining material bazasi hamda taʼlim jarayonlari oʻrganildi. Jumladan, Muhammad Yusuf nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktabi taʼmir talabligi aniqlandi hamda mahalliy hokimiyat vakillari bilan taʼlim muassasasida qurilish-taʼmirlash ishlarini olib borish masalasi muhokama etildi.

Ijod maktablarida mahalliy oʻqituvchilar bilan PIIMA rahbari Hilola Umarova ona tili, adabiyot, tarix kabi fanlari uchun yangi oʻquv metodologiyalari va darsliklarini yaratish rejalari belgilab olindi.

Bundan tashqari maktab oʻquvchilarning Prezidentimizning beshta muhim tashabbusi doirasida yoshlarni teatr, qoʻgʻirchoq teatri va axborot texnologiyalarini oʻrganishga keng jalb etish boʻyicha ishlarni yana-da jadallashtirish boʻyicha kelishib olindi.

- Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi rahbari sifatida ishni avvalambor tizim bilan tanishishdan boshladim. Bosqichma-bosqich Agentlik tizimidagi barcha taʼlim muassasalarga tashrif buyurishni rejalashtirganman. Bu tizimdagi muammolarni bartaraf etish va taʼlim sifatini yana-da takomillashtirish boʻyicha rejalarni belgilab olishga koʻmak beradi, deb taʼkidladi Hilola Umarova.