Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda “Milliy Oʻquv Dasturi” yaratiladi

Bugun, 22-yanvar kuni Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda oʻquv-tarbiya jarayoni sifatini yana-da takomillashtirish va pedagog xodimlarga oʻz vaqtida metodik yordamni tashkil etish maqsadida Toshkent shahrida oʻquv-seminar tashkil etildi.

Ikki kunlik oʻquv-seminar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tomonidan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga oid fanlarni chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktabida tashkil etildi.

Seminarni Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi rahbari Hilola Umarova ochib berdi.

«Keyingi yillarda mamlakatimizda taʼlim-tarbiya tizimining sifati va samaradorligini oshirish, oʻquvchi va talaba yoshlarda zamonaviy bilim va koʻnikmalarni shakllantirish, taʼlim tizimlari hamda ilm-fan sohasi oʻrtasida yaqin hamkorlik, taʼlimning uzviyligi va uzluksizligini taʼminlash borasidagi jihatlariga alohida eʼtibor berib kelinmoqda.

Barchamizga maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6 -noyabrdagi “Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot davrida taʼlim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora –tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6108 –son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bu borada Prezident,ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi zimmasida ham ulkan vazifalar va amalga oshiriladigan ishlar turibdi. Prezidentimiz taʼkidlaganlaridek, ushbu maktablar taʼlim tizimi ilm-fan va taʼlim-tarbiya sohasida asosiy lokomotiv vazifasini bajarishi lozim. Mana shu maqsadda oʻquvchilarni kelgusi hayotga tayyorlash va ularga oʻz bilim va koʻnikmalaridan amaliyotda foydalanishni oʻrgatuvchi malaka talablarini ishlab chiqish, fanlararo oʻzaro aloqadorlik va sinflar kesimida davriylikka toʻliq rioya qilgan holda oʻquv dasturlari oʻrtasida bogʻliqlikni taʼminlash kerak hamda yangi avlod darsliklarini har tomonlama mukammal kompleks tarzda yaratish va nashr etish lozim», dedi Hilola Umarova oʻz nutqida.

Oʻquv-seminarda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarida faoliyat yuritayotgan 100 ga yaqin direktor oʻrinbosarlari, aniq va tabiiy fanlar, xorijiy tillar hamda til va adabiyot oʻqituvchilari ishtirok etdilar.

Ishtirokchilar Agentlik huzurida oʻquv-tarbiya jarayoni sifatini yana-da takomillashtirish va pedagog xodimlarga oʻz vaqtida metodik yordamni tashkil etish maqsadida ilmiy-metodik kengash tashkil etish masalalarini muhokama etdilar.

Mutaxassislar aniq fanlar, tabiiy fanlar, xorijiy tillar hamda til va adabiyot shoʻbalarida boʻlingan holda ish olib bordilar. Har bir shoʻba maktablarda taʼlim sifatini oshirish hamda ixtisoslik fanlardan oʻquv dasturlarini takomillashtirish masalalarini muhokama etdi.

Bundan tashqari Prezident maktablarining fizika, kimyo, biologiya fanlari laboratoriya xonalari uchun qoʻshimcha uskuna, jihoz, reagentlar hamda zarur oʻquv-metodik adabiyotlar normativini ishlab chiqish masalalari ham koʻrib chiqildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida bolalarning tahliliy va kreativ fikrlash qobiliyatini rivojlantirish uchun ularga sermazmun va tushunarli darsliklar yaratish zarurligi hamda bu borada ilgʻor xorijiy tajriba asosida, bolaga ortiqcha yuklama bermaydigan “Milliy oʻquv dasturi” joriy etish taklifi oʻrtaga tashlangan edi.

Ikki kun davom etadigan oʻquv-seminarda ishtirokchilar tomonidan “Milliy oʻquv dasturi”ni yaratish boʻyicha takliflar ishlab chiqiladi hamda mazkur takliflar umumlashtirgan holda agentlik huzuridagi ilmiy-metodik kengashga taqdim etiladi.

Ilmiy-metodik kengash oʻz navbatida mazkur takliflarni oʻrganib chiqib, ularning maqbullarini “Milliy oʻquv dasturi”ga joriy etish boʻyicha qaror qabul qiladi.