Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi matbuot kotibi tayinlandi

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi (PIIMA) Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boʻlimi boshligʻi – matbuot kotibi tayinlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining xulosasiga koʻra ushbu lavozimga Umarov Anvar Abrardjanovich tayinlandi.

Agentlik matbuot kotibi bir vaqtning oʻzida Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktorining axborot siyosati boʻyicha maslahatchisi sanaladi.

Umarov Anvar Abrardjanovich 1982-yilda Toshkent shahrida tugʻilgan. 2003-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakultetini tamomlagan.

2002-2016-yillarda ommaviy axborot vositalarida turli lavozimlarda faoliyat olib borgan. 2016-2020-yillar davomida taʼlim tashkilotlarida matbuot xizmati va rahbari lavozimlarida xizmat qilgan. Jumladan, u Xalq taʼlimi vazirligining matbuot kotibi lavozimida ishlagan.