Prezident maktablarining barcha bitiruvchilari nufuzli oliygohlar talabalariga aylanishdi - Shavkat Mirziyoyev


Joriy yilda prezident maktablarini tamomlagan 96 nafar o‘quvchilarning barchasi muddatidan avval nufuzli xorijiy oliygohlarga grant asosida o‘qishga kirdi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston yoshlari bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.

«Bugungi murakkab zamonda yoshlarni jismoniy va ma'naviy barkamol insonlar etib tarbiyalash, biz uchun g‘oyat muhim vazifa bo‘lib qolmoqda.

Bu borada ba'zi misollarga e'tiboringizni qaratmoqchiman. O‘tgan bir yilda bilimli va zukko yoshlarimiz xalqaro fan olimpiadalarida 4 ta oltin, 18 ta kumush va 29 ta bronza medallarini qo‘lga kiritishdi.

Men bugun prezident maktablarining ilk qaldirg‘ochlari bilan uchrashdim va bundan juda xursand bo‘ldim. Bir vaqtlar qilgan mehnatimiz bugun o‘z mevasini bermoqda. Bugungi kunda prezident maktabini bitirgan 96 nafar bitiruvchilarning barchasi bugun xorijiy va mahalliy nufuzli oliygohlarning talabalariga aylanishdi.

Misol uchun, Toshkent shahridan Temurbek Sulaymonov – 26ta, Qoraqalpog‘istondan Nursultan Duysenbayev – 16ta, Xorazmdan Charosxon O‘ktamboyeva – 8ta, Namangandan Robiyaxon Nabijonova – 5ta, o‘rta maktab bitiruvchilari – Andijondan Visola Asadullayeva – 12ta hamda Qashqadaryodan Shuhrat Yuldashev 16ta nufuzli xorijiy oliygohga o‘qishga qabul qilingan. Bunday natijalar, ilgari tariximizda hech qachon bo‘lmagan», deya davlat rahbarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.