Prezident murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalar oʻrganildi

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga va xalqimizga yoʻllagan Murojaatnomasi mazmun-mohiyatiga bagʻishlangan davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Mamlakatimizda “Yangi marralar, yakdil qadamlar” shiori ostida Prezident Murojaatnomasi mazmun-mohiyatini anglashga bagʻishlangan tadbirlar boshlangan. Tadbirlarning asosiy maqsadi — tarixiy hujjat mohiyatini davlat xizmatchilari orqali xalqimizga yetkazish va ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy jihatdan himoyalanganligini toʻlaqonli anglab yetgan xalqning kayfiyatini koʻtarish, turmushini yaxshilashga erishish.

Davra suhbatida agentlik markaziy ijro apparati va agentlik tasarrufidagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarning rahbariyati va masʼul xodimlari qatnashdilar.

Tadbirda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti Ijtimoiy fanlar kafedrasi dotsenti Davron Muitov ishtirok etdi. Davra suhbati doirasida D. Muitov Murojaatnomaning asosiy mazmuni-mohiyati va undagi yoshlarga boʻlgan alohida eʼtibor, yaratilayotgan keng imkoniyatlar, shuningdek, yoshlarning oʻqishi, intilishlari, bandligiga koʻmaklashish masalalari va boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar xususida toʻxtalib oʻtdi.

Taʼkidlash lozimki, mamlakatimiz rahbarining Oliy Majlisga va xalqimizga yoʻllagan Murojaatnomasida katta urgʻu yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va taʼlimni rivojlantirishga berilgan.

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi mahalliy hokimiyatlar bilan hamkorlikda 10 ta Prezident amaktablarini ochishni rejalashtirgan.

Agentlik tasarrufidagi maktablarning taʼlim dasturlari va darsliklarini takomillashtirish, oʻqituvchilarni tizimli malakasini oshirish boʻyicha tizim ishlab chiqish, oʻqituvchilar mehnatini ragʻbatlantirish tizimini takomillashtirish hamda yoshlarning iqtidori va salohiyatini oshirishga koʻmak berish boʻyicha amaliy ishlarni amalga oshirishni rejalashtirgan.