“BU BOG'LAR BIR BOG'LAR BO'LADI HALI...”
“Umid bilan suqilgan tayoq bir kun berar mevayu yaproq”- degan edi nemis shoiri Gyote. Chindan ham, ezgu maqsadlarni ko'zlagan holda qilingan ishlar albatta bir kun o'z samarasini bermay qolmaydi. Bugun buni biz O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev g'oyasi va tashabbusi bilan tashkil etilgan Prezident maktablari, ijod maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablar misolida ko'rishimiz mumkin. O'tgan qisqa vaqt davomida mazkur muassasalar o'quvchilari o'zlarining yuksak iste'dodi va layoqatini namoyon qilib ulgurishdi, bir qator xalqaro olimpiadalar, ko'rik-tanlov va musobaqalar g'olibligini qo'lga kiritib kelmoqda. Xorijning nufuzli oliygohlari talabasiga aylanishmoqda. Bular hammasi niholga o'z vaqtida berilgan e'tibor va parvarishning natijasi shubhasiz. Shunga qaramay, mazkur maktablar, xususan, ijod maktablari O'zbekiston ta'lim tizimida, kerak bo'lsa, jahon ta'lim tizimida mutlaqo yangilik bo'lgani uchun, ularning maxsus mexanizmi, konsepsiyasi hali to'liq ishlab chiqilmagan edi. Shu sababli mazkur maktablarda o'z yechimini kutayotgan muammolar ham bor edi. Ammo, O'zbekiston Prezidentining joriy yilning 19-iyulidagi “Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini yanada takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori elon qilingani ayni muddao bo'ldi. Qaror anchadan beri bizni o'ylantirib yurgan masalalarni oqilona yechimi bo'lib xizmat qildi. Qarorga binoan, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi Preziident ta'lim muassasalari agentligi etib, agentlik huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi jamg'armasi Iqtidorli yoshlarni qo'llab-quvvatlash jamg'armasi etib qayta nomlandi. Shuningdek, qarorda 2021-2025 yillarda Agentlik tizimida 13 ta yangi ixtisoslashtirilgan maktabni qurish va mavjud 5 ta ijod maktabini ta'mirlash, ularni zarur o'quv adabiyotlari va moddiy-texnika vositalari bilan jihozlash nazarda tutilgan. Eng quvonarlisi Agentlik tizimidagi ijod maktablari faoliyatini samarali tashkil etish bo'yicha “yo'l xaritasi” tasdiqlangani bo'ldi. Unga ko'ra, ijod maktablarida ixtisoslik fanlari: maxsus adabiyot, matnshunoslik, nutq madaniyati va notiqlik san'atidan o'quv dasturlari va darsliklar ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etiladi. Tan olib aytish kerakki, mazkur fanlar bo'yicha qat'iy dastur va darslikning yo'qligi ta'lim sifatiga sezilarli ta'sir etib kelayotgan edi. Qarorga binoan, Agentlik tarkibida Ilmiy-metodik kengash tashkil etilib, professor-o'qituvchilar va amaliyotchi mutaxassislar yordamida o'quv dasturlari ishlab chiqiladi. Shuningdek, ijod maktablarida mahorat darslari tashkil etilib, ularga O'zbekiston xalq shoirlari, Xalq yozuvchilari, yuksak unvonlarga sazovor bo'lgan adiblar, aktyorlar, rejissyorlar va boshqa madaniyat va san'at vakillari biriktiriladi. O'ylaymanki, kelajakda xalq shoiri yoki xalq yozuvchisi bo'lishni orzu qilgan har bir yosh ijodkor uchun bu juda katta motivatsiya hisoblanadi. Shu bilan birga, ijod maktablarida mahoratli mutarjimlarni tayyorlash maqsadida “Yosh tarjimonlar to'garagi” ham yo'lga qo'yiladi. Bu yo'l bilan hozirgi adabiy muhitning eng katta og'rig'i bo'lgan mahoratli tarjimonlar yetishmasligi muammosi hal etiladi, degan umiddamiz. Bundan tashqari, ijod maktablarida o'quvchilarni kasbga yo'naltirish maqsadida veb-dezayn, komp`yuter grafikasi, tasviriy va raqamli san'at, audiovizual asarlarni yaratish va qayta ishlash hamda aktyorlik mahorati singari ixtisoslashtirilgan to'garaklar ham ochiladi. Qarorda 2021/2022 o'quv yilidan boshlab Prezident maktablari bitiruvchilariga davlat oliy ta'lim tashkilotlariga umumiy belgilagan davlat granti asosidagi qabul ko'rsatkichlariga nisbatan qo'shimcha davlat granti asosida, ijod maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablarning bitiruvchilariga ixtsoslik yo'nalishidan kelib chiqib davlat oliy ta'lim tashkilotlariga bakalavriat ta'lim yo'nalishlariga umumiy belgilangan qabul parametrlaridan tashqari bazaviy to'lov-kontrakt asosida test sinovlarisiz va qo'shimcha imtihonlarsiz o'qishga kirish huquqi beriladi. Albatta, bu imtiyozlar ta'lim sifatiga ta'sir qilmay qolmaydi. Masalan, ijod maktablari o'quvchilari shu paytgacha ijod va adabiyot bilan shug'ullanish o'rniga asosiy vaqtlarini kirish imtihonlariga tayyorgarlik ko'rish bilan o'tkazar edi. Bu holat ijod maktablari missiyasiga mutlaqo to'g'ri kelmasdi. Shunday halatlar bo'lganki, yosh ijodkorlar she'r yozish, tarjima bilan shug'ullanish, yangi bir asar ustida ishlash tugul badiiy asar o'qishga ham vaqti bo'lmasdi. Aksincha, matematikadan ehtimollar nazariyasini o'rganishga majbur edi. Yangi qaror bu kabi muammolarga oqilona yechim bo'ldi. Ana endi, yosh ijodkorlar o'z iste'dodlarini ro'yobga chiqarishi
va milliy adabiyotimizni go'zal asarlar bilan boyitadi, albatta. Yuqoridagi islohotlardan tashqari qarorda yana ko'plab masalalarning huquqiy asosi yaratilgan.
Ishonamanki, bu kabi imkoniyat va sharoitlardan kelajagimiz egalari unumli foydalangan holda yurtimiz uchun, xalqimiz uchun xizmat qiladigan malakali, shijoatli va fidoyi kadrlar bo'lib yetishadi. Zero, ko'zlagan ustivor maqsadimiz ham shu emasmi, axir?! Bu yoshlar – nihollar vaqti kelib ulkan daraxtga, daraxtlar ulkan boqqa aylanadi, inshaalloh. O'zbekiston xalq shoirasi Zulfiyaxonim aytganidek:
Bu nazm bog'iga kirolmas xazon,
Bizni mahv etolmas zavol lashkari.
Men ketsam, mung'aymas umrim hech qachon,
Bu bog'lar bir bog'lar bo'ladi hali!
Nigora Mannopova,
Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi direktori.