Prezident ta'lim muassasalari agentligi rahbari Hilola Umarovaning 2021-yil sarhisobi

Mana, yana bir yil tarixga aylanmoqda. Har bir inson kelajakka ezgu niyatlar, rejalar tuzganda, albatta, ortga bir nazar tashlaydi, bosib o‘tilgan qadamlar, amalga oshirilgan ishlarga to‘g‘ri, adolatli baho berib, imkoniyatlarini to‘g‘ri baholab, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni to‘g‘rilab, yutuqlardan ilhomlanib, kelajakka rejalar tuzadi, maqsadlar belgilaydi.

Shunday ekan, kelgusi rejalarimizni belgilashda 2021 yilda birgalikda amalga oshirgan eng katta loyihalarimiz, asosiy faoliyatimizning tahlilini sizlar bilan o‘rtoqlashmoqchiman.

Joriy yilda Respublikamiz hududlari bo‘ylab yana 10 ta Prezident maktabi, “Yangi O‘zbekiston” universitetining tashkil qilinishi va barcha maktablarimizga qabul sinovlarining muvaffaqiyatli, shaffof amalga oshirilishi eng katta yutuqlarimizdandir. Bunda barchamizning bir oila bo‘lib, hamjihatlikda yelkama-elka ish olib borganimiz – muvaffaqiyatimizning bosh mezon ekanini ta'kidlash joiz. Buni Prezident maktablari va universitetimizga qabul bo‘yicha hamkorimiz Cambridge Assessment tashkiloti ham alohida ta'kidladi.

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga hamda “Yangi O‘zbekiston” universitetiga talabgorlarning hujjatlari onlayn platforma orqali qabul qilindi, saralandi. Bu ishlarning barchasi bugun kun talabiga javob beradigan, xalqimizga yengillik tug‘dirilgan holda amalga oshirildi.

 

Barchangizga ma'lumki, bu o‘quv yilida respublika umumta'lim maktablari bitiruvchilarining umumiy sonidan 25%ini oliy ta'lim bilan qamrab olish imkoni mavjud bo‘ldi. 2020/2021 o‘quv yilining yakunlariga ko‘ra Agentlik tizimidagi 4 ta PMni 96 nafar, 6 ta ijod maktabini 160 nafar va 3 ta ixtisoslashtirilgan maktabni 165 nafar o‘quvchimiz muvaffaqiyat bilan yakunladi. Bugungi kunda 100 foiz bitiruvchilarimiz oliy ta'lim bilan qamrab olindi. Bu ham barchamiz uchun quvonarli ko‘rsatkich.

Iqtidorli o‘quvchilarga o‘z salohiyatlarini namoyon qilishlari uchun Davlat Rahbari va hukumatimiz tomonidan barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda. Mazkur ishlar doirasida olimlar, mahalliy va xorijiy o‘qituvchilarni jalb etgan holda ixtisoslashtirilgan maktablarning ixtisoslik fanlari, jumladan, matematika, informatika, fizika, chet tili fanlaridan integratsiyalashgan ta'lim dasturlari ishlab chiqilgan bo‘lsa, kimyo, biologiya hamda ijod maktablari uchun ona tili, adabiyot va chet tili fanlari bo‘yicha dasturlar ustida ish olib borilmoqda. Shu qatorda 7- va 11-sinflar uchun maxsus adabiyot, 7-sinf uchun matnshunoslik darsliklari tayyorlanib, ijod maktablarida tajriba-sinovdan o‘tkazilayotganini aytib o‘tmoqchiman.

Xabaringiz bor, 2021 yil 19 iyul' kuni “Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 5188-PQ qabul qilindi. Unda bir qator muhim vazifalar belgilab berildi. Ulardan bir qanchasini 2021 yilda ijroga ham tushirdik. Xususan, ijod maktablarida mahorat darslari, zamonaviy va milliy kasb-hunarga yo‘naltiruvchi to‘garaklarning yo‘lga qo‘yilishi, maktablarning nafaqat mahalliy, balki nufuzli xorijiy kutubxona va gazeta-jurnallarga biriktirilishi bo‘lsa, PM va ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilarimizga o‘z yo‘nalishlarini to‘g‘ri belgilash, oliygohlar haqida ma'lumot berish, hujjatlarini rasmiylashtirishda amaliy yordam berish, mahalliy va xorijiy OO‘Yulariga hujjatlarni to‘g‘ri yuborish maqsadida maktab maslahatchisi lavozimi kiritildi. Bu ishlar esa, o‘z o‘rnida, o‘quvchilarimizga kelajakda o‘z yo‘llarini topishga katta imkon yaratadi.

Shuningdek, ijod maktabi o‘quvchilarining ijod ishlari to‘plam sifatida, ixtisoslashtirilgan maktablar o‘quvchilarining kichik ilmiy izlanishlari kitob shaklida muntazam tarzda chop etilib, jamoatchilikka taqdim etilmoqda.

Agentlik NNM “Digital Genration Uzbekistan” hamda “Zamin” xalqaro jamoat jamg‘armasi bilan hamkorlikda “Raqamli avlod” loyihasining IT yo‘nalishi bo‘yicha metodikani ishlab chiqdi hamda 100 nafar imkoniyati cheklangan, alohida ta'limga ehtiyoji bo‘lgan bolalar uchun inklyuziv IT ta'lim kurslari tashkil etildi.

Respublikamizda ilk marotaba rahbar va pedagog kadrlarni ishga qabul qilish ochiq tanlovi elektron tizim orqali amalga oshirildi. Xususan, Agentlik tizimidagi maktablarga rahbar va pedagog kadrlarni ishga qabul qilish job.piima.uz sayti orqali samarali amalga oshirildi, joriy yilda faoliyat boshlagan Prezident maktablariga 115 nafar xorijiy mutaxassis, shuningdek, 357 nafar mahalliy o‘qituvchi tanlov asosida ishga jalb etildi.

O‘tib borayotgan yilda Agentlik tizimidagi ta'lim muassasalarida malaka toifasiga ega pedagoglar ulushi amaldagi

49 foizdan 80,5 foizga, xalqaro sertifikatga ega pedagoglar ulushi 12,1 foizdan 50 foizga yetkazildi; International Advanced Levels xalqaro dastur talablariga muvofiq pedagog kadrlarning STEAM fanlari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni baholashni hamda o‘quvchilarni xalqaro darajadagi AS va A-LEVEL sertifikatlari berilishi yo‘lga qo‘yildi.

Maktab ma'muriyati va pedagog xodimlarining kasbiy mahoratlarini oshirish maqsadida Kasbiy Rivojlantirish dasturi (PDQ programme) Cambridge Assessment tashkiloti bilan imzolandi, shuningdek, rahbar va pedagog kadrlar uchun uzluksiz malaka oshirish kurslari hamda metodologik, o‘quv seminarlari tashkil etildi.

Agentlik, UNESCO hamda International Development Research Centre xalqaro tashkiloti bilan hamkorlikda ta'lim tizimida mavjud muammolarni bartaraf etish mavzusida ilmiy-amaliy tadqiqot o‘tkazildi, mazkur tadqiqot natijalari kasbiy mahoratni oshirish dasturining asosiga aylandi.

Maktablarimizni moddiy-texnik ta'minoti bo‘yicha ham ancha ishlar amalga oshirildi. Jumladan, PMlarga foydalanish uchun avtobuslar berilishi, barcha PMning laboratoriya xonalarining zarur jihozlar bilan ta'minlanishi, 4 ta ijod maktabining qayta ta'mirlanishi va qurilishining davlat dasturiga kiritilishi; Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Samarqand, Jizzax viloyatlarida ixtisoslashtirilgan maktablarining yangidan qurilishiga erishishimiz amalga oshirgan ishlarimizning ko‘lamidan dalolat.

Xalqaro hamkorlikdagi ishlarini tizimli davom ettirish va yangi xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida joriy yilning

24-25 noyabr' kunlari “Yangi O‘zbekiston ta'limi: islohotlar yo‘lida muvaffaqiyatli hamkorlik” xalqaro ta'lim forumi o‘tkazildi. Xalqaro ta'lim forumiga 15 ta xorijiy tashkilotdan

30 nafar mehmon tashrif buyurdi. Umumiy o‘rta ta'lim tizimidagi bu kabi tadbirning ilk marotaba tashkil etilgani muhim ahamiyat kasb etdi.

Xalqaro forumning yakuniga ko‘ra Prezident ta'lim muassasalari agentligi tomonidan 5 ta xalqaro tashkilot bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi; 200 nafar xalq ta'limi tizimidagi o‘qituvchilar, 150 nafar Agentlik tizimidagi pedagoglar hamda 200 nafar oliy ta'lim tizimidagi professor-o‘qituvchilar, shuningdek, rektorlar va prorektorlar ishtirokida yalpi majlislar, mahorat darslari, davra suhbatlari bo‘lib o‘tdi hamda Agentlik tizimidagi maktablarning mahalliy va xorijlik o‘qituvchilari tomonidan ta'limning dolzarb masalalari va yangi innovasion texnologiyalarga asoslangan metodika bo‘yicha mahorat darslari o‘tkazildi hamda oliy ta'lim tizimida xalqaro hamkorlikni kuchaytirish va raqamli davrda innovasion ta'lim mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Yana bir katta yutug‘imiz sifatida 2021 yil 7 dekabr' kuni VMning 741-son bilan chiqqan “Prezident ta'lim muassasalari agentligi huzuridagi pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorining imzolanishi bo‘ldi. Mazkur markaz faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi Agentligimizga bir ishonch bo‘lsa, boshqa tomondan yana bir katta mas'uliyatni yuklaydi.

Sanasak, yutuqlarimiz ancha. Shu bilan birga, oldimizda hal etilishini kutib turgan yana ko‘plab masalalar mavjud. Jumladan, kelgusi o‘quv yilida yangi bunyod etiladigan ixtisoslashtirilgan maktablar hisobiga, qatorimiz yanada kengayadi, “Yangi O‘zbekiston” universitetimizda yo‘nalishlar soni ortadi.

2021-2022 o‘quv yiligi qabul jarayonida 14 ta Prezident maktablariga 103 000 nafardan ziyod talabgor hujjat topshirgan bo‘lsa, “Yangi O‘zbekiston” universitetiga 6 000 dan ziyod hujjat kelib tushdi. Tasavvur qiling-a, tizimdagi ta'lim muassasalarida yo‘lga qo‘ygan ta'lim tizimining nufuzi qanchalar yuqori, talabgorlar soniga e'tibor qiling! Quvonarlisi shundaki, maktablarimizga o‘qishga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida xalqimizning qancha farzandi o‘z bilimini oshirmoqda. Ular o‘qishga qabul qilinmay qolgan holatda ham, bilimi qanchalar ortishiga e'tibor bering. Shunday ekan, eng zo‘r o‘quvchilarni tanlab olganimizdan keyin, ularga ta'lim berish jarayoniga ham bor kuch-g‘ayratimizni sarflashimiz, halollik, fidoyilik, sadoqat, harakatchanlik bilan ishlashimiz kerak.

Iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash jarayoni har birimizdan o‘z ustimizda muntazam ishlash, salohiyatimizni oshirib borish talab qiladi. Bitiruvchilarimizning nafaqat oliy ta'lim bilan 100 foiz qamrab olinishiga erishishimiz, balki barchalarining faqat va faqat davlat granti talabiga munosib tayyorlashimiz va bunga erishishlari uchun bor imkoniyatlarimizni, pedagogik mahoratimizni ishga solishimiz zarur. Yuqorida qayd etganimizdek, endi “mahorat markazi”miz ham bor. U yerga Agentlik tizimidagi va xorijiy xalqaro ekspertlarni, mutaxassislarni jalb etish ko‘zda tutilgan. Shunday ekan bor imkoniyatdan foydalanib, “hayot davomida o‘qish” tamoyiliga tayangan holda muntazam malakamizni oshirib borishimiz darkor. 2022 yilda yilda malaka toifasi, ilmiy salohiyat bo‘yicha ko‘rsatkichlarni 80 foizga yetkazilishini o‘z oldimizga maqsadli ko‘rsatkich sifatida belgilab olishimiz zarur bo‘ladi.