Qadrli va muhtaram yurtdoshlar!

 

Sizlarni shaxsan oʻzim hamda Agentlik jamoasi nomidan ulugʻ va muborak ayyom — Qurbon hayiti bilan chin qalbdan samimiy muborakbod etaman. Mana shunday saodatli va duolar ijobat boʻladigan qutlugʻ kunda butun xalqimiz, vatandoshlarimizning ezgu niyatlari, xayrli amallari amalga oshishini tilayman. Xalqimizning mehr-oqibatligi, saxovatpesha, savobli ishlari bardavom boʻlsin.

Bugungi muqaddas bayramning maʼnaviy hayotimizda oʻrni va ahamiyati beqiyosdir. Bunday sanalarning mazmun-mohiyatini toʻgʻri tushuntirish bilan farzandlarimiz qalbiga olijanoblik, bagʻrikenglik, muruvvat, doʻstlik va hamjihatlik kabi ezgu qadriyatlarni singdirishga, chuqurroq anglashga erishamiz. Bu qutlugʻ ayyomda hammamiz, avvalo, mana shunday fayzli va barokatli kunlarga yetkazgani, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo ekanidan Olloh taologa cheksiz shukronalar aytamiz.

Barchangizga yana bir bor ulugʻ ayyom muborak boʻlsin! Xonadoningizdan fayzu baraka, baxtu quvonch arimasin. Tinchligimiz barqaror, mustaqilligimiz mustahkam, hamyurtlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro ahillik va totuvlik abadiy boʻlsin.

Sarvar Babaxodjayev,
Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori