Senat yangi tahrirdagi "Taʼlim toʻgʻrisida"gi qonun maʼqulladi

 

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati joriy yilning 7-avgust kuni yangi tahrirdagi "Taʼlim toʻgʻrisida"gi qonun ma'qulladi.

Qonun Senatining videokonferensaloqa tarzida boʻlib oʻtayotgan oltinchi yalpi majlisida koʻrib chiqildi.

Maʼlumki, “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonun 1997-yilda qabul qilingan boʻlib, taʼlim sifatini taʼminlashga qoʻyilayotgan bugungi talablarga javob bermaydi.

Senat matbuot xizmatining maʼlumotiga koʻra, yangi Qonunning qabul qilinishi esa taʼlim masalasining tarbiya bilan uzviy bogʻliqligi taʼminlanadi. Bu bilan ijtimoiy hayotimizning hozirgi bosqichida, xususan, har bir yoshni shaxs sifatida maʼrifatli kamolga yetkazish koʻzda tutilmoqda.

Bundan tashqari, maktabgacha taʼlim va tarbiya masalasiga alohida eʼtibor qaratilib, maktabgacha yoshdagi bolalarni oʻqitish va tarbiyalashga, bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga tayyorlashga qaratilgan uzluksiz taʼlim turini takomillashtirishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, maktabgacha taʼlim tizimidan boshlab umumiy oʻrta va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi, oliy taʼlim, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, maktabdan tashqari taʼlimning uzviyligini, mazmun jihatidan ketma-ketligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Qolaversa, boshlangʻich, kasb-hunar taʼlimi, kasb-hunar maktablarida IX sinf bitiruvchilari negizida bepul asosda kunduzgi taʼlim shaklida umumtaʼlim va mutaxassislik fanlarining ikki yillik integratsiyalashgan dasturlari asosida taʼlim amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Qonunda taʼlim muassasasi xodimlari, taʼlim oluvchilar va ota-onalarning huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi, taʼlim jarayoni qatnashchilarining ijtimoiy himoyasi, taʼlim jarayonida mehnat qilayotgan minglab mutaxassislarning, millionlab ota-onalarning huquqiy maqomiga, ularning ijtimoiy muhofazasiga doir jihatlarga, ayni vaqtda majburiyatlariga oydinlik kiritilmoqda.

Shuningdek, qonun endilikda taʼlimning nodavlat shaklini rivojlantirishga, jamiyatimizda intellektual mulk salohiyatidan samarali foydalanish, ilm-maʼrifatga doir ish joylari kengayishiga imkon beradi.

Majlisda senatorlar yangi tahrirdagi qonun koʻplab hamyurtlarimizning oliy taʼlim, xorijda olingan taʼlim boʻyicha diplomlarni tan olish, taʼlim oluvchilar uchun vaqtincha yashash joylarini kafolatlash, masofaviy taʼlim, oilaviy taʼlim, inklyuziv taʼlim singari oʻz savollariga yechim topishga qiynalayotgan masalalarga huquqiy oydinlik kiritilgani bilan ahamiyatli boʻlishini taʼkidladi.