Taʼlim-tarbiya jarayonida shaxsni muvaffaqiyatga intiluvchanligini shakllantirish

 

Toʻychiyeva S.M.- A.Qodiriy ijod maktabi psixologi

Annotatsiya. Ushbu maqola shaxsning ijtimoiylashuv jarayonidagi oʻzgarishlarga bagʻishlanadi. Ijtimoiylashuvda muvaffaqiyatga erishish shaxs uchun juda muhimdir. Motiv – bu birinchidan, insonni faoliyatga undaydi, ikkinchidan, faoliyatda oʻziga xos jihatlarni namoyon etadi va maqsadga erishish uchun zarur yoʻl va usullarni tanlashga yordam beradi. Insoning uch dushmani bor- bu qoʻrquv, ikkilanish va xavotir. Bu uchovlon muvaffaqiyatsizlik omillaridir. Maqolada muvaffaqiyat erishish yoʻllari aytib oʻtilgan.

Kalit soʻzlar. Shaxs, muvaffaqiyat, qoʻrquv, xavotir, ikkilanish, intiluvchanlik, taʼlim-tarbiya, ijtimoiylashuv, motiv, motivatsiya

Har birimizning jamiyatdagi oʻrnimiz, uning qachon, qanday sharoitlarda paydo boʻlgani va jamiyatga qoʻshilib yashashimizning psixologik mexanizmlari mavjud. Bu jarayon psixologiyada ijtimoiylashuv yoki sotsializatsiya deb yuritiladi.

Sodda til bilan aytganda, ijtimoiylashuv — har bir shaxsning jamiyatga qoʻshilishi, uning normalari, talablari, kutishlari va taʼsirini qabul qilgan holda, har bir harakati va muomalasida uni koʻrsatishi va kerak boʻlsa, shu ijtimoiy tajribasi bilan oʻz navbatida oʻzgalarga taʼsirini oʻtkaza olish jarayonidir.

Ijtimoiylashuv eng avvalo odamlar oʻrtasidagi muloqot va hamkorlikda turli faoliyatni amalga oshirish jarayonini nazarda tutadi. Tashqaridan shaxsga koʻrsatilayotgan taʼsir oddiy, mexanik tarzda oʻzlashtirilmay, u har bir shaxsning ichki ruhiyati, dunyoni aks ettirish xususiyatlari nuqtayi nazaridan turlicha subyektiv tarzda idrok etiladi. Shuning uchun ham bir xil ijtimoiy muhit va bir xil taʼsirlar odamlar tomonidan turlicha harakatlarni keltirib chiqaradi. Masalan, 10 — 15 ta oʻquvchidan iborat ijod maktabi oʻquvchilarini olaylik. Ularning bilimi, ilmni idrok qilishlari, ulardan ota — onalarining kutuvlari, oʻqituvchilarning berayotgan darslari va unda yetkazilayotgan maʼlumotlar, manbalar va boshqa qator omillar bir xilday. Lekin, ana shu 15 oʻquvchining har biri shu taʼsirlarni oʻzicha, oʻziga xos tarzda qabul qiladi va bu ularning ishdagi yutuqlari , oʻquv koʻrsatgichlari va iqtidorida aks etadi.

Shaxs ijtimoiylashuvi toʻgʻrisida gap ketarkan, aytish kerakki, bu sof ijtimoiy-psixologik tushuncha boʻlib, u- individning ijtimoiy muhitga qoʻshilishi, ijtimoiy taʼsirlarni oʻziga singdirishi va aktiv ravishda muloqot sistemasiga kirib borishi jarayonidir. Bu jarayon ikki tomonlama boʻlib, bir tomondan, shaxs aktiv ravishda ijtimoiy taʼsirlarni qabul qiladi, ikkinchi tomondan esa, ularni hayotda oʻz xulq-atvorlari, munosabatlarida namoyon etadi. Bu jarayon normal individda tabiiy tarzda roʻy beradi, chunki individda shaxs boʻlishga ehtiyoj, imkoniyat va zaruriyat bordir. Bola tugʻilib, ijtimoiy muhitga qoʻshilgan ondan boshlab, undagi shaxs boʻlishga intilishni, undagi shakllanish jarayonini kuzatish mumkin (masalan, chaqaloqlardagi bevosita emotsional muloqotga ehtiyojning borligi).

Shaxsning ijtimoiylashuvi jarayonida faoliyat muhim ahamiyat kasb etadi. Yashash – bu harakatlanish demakdir. Inson hayoti – bu bir-biri bilan oʻrin almashuvchi faoliyatlar tizimidir. Faoliyat – bu insonning voqelik bilan oʻzaro munosabati jarayoni boʻlib (tabiiy va ijtimoiy), bu passiv jarayon emas, aksincha ong bilan boshqariladigan, nisbatan ortiq yoki kamroq faollikdir. Inson faoliyati bevosita ehtiyojlar bilan emas, balki aniqlangan maqsad asosida boshqariladi.

Inson faoliyati rang-barangdir. Faoliyat tizimini koʻrib chiqaylik. Birinchisi, maqsad. U inson ehtiyojlarini amalga oshiradi va faoliyatning oxirgi[2] natijasining obrazi sifatida namoyon boʻladi (uy qurish, universitetni bitirish, masalani yechish va h.k.), lekin maqsadni aniqlash bilan masala hal boʻldi deb boʻlmaydi, aksincha bunda odamda nima uchun qilyapti? – degan savol yuzaga keladi. Masalan, universitetni tamomlash. Maqsad – tamomlash. Tamomlash motivlari turlicha boʻlishi mumkin – diplom olish, bilim olish, oʻz obroʻsini mustahkamlash, oʻz oʻrnini tasdiqlash va h.k.[2]

Motiv – bu birinchidan, insonni faoliyatga undaydi, ikkinchidan, faoliyatda oʻziga xos jihatlarni namoyon etadi va maqsadga erishish uchun zarur yoʻl va usullarni tanlashga yordam beradi. Motivlarga ehtiyojlar, qiziqishlar, emotsiya va hislar, eʼtiqod va ideallar, ustanovka va odatlar kirishi mumkin. Maqsadlar kabi motivlar ham uzoq va yaqin, shaxsiy va umumiy boʻlishi mumkin. Inson hayoti jarayonida bir maqsad sari intilib yashaydi va oʻz-oʻziga “Men shuni qilishim kerak!” degan ustanovkani beradi. Ijtimoiylashuv jarayonida muvaffaqiyatga erishish inson uchun muhim faktordir. Insoniy faollikka undovchi narsa ehtiyojdir. Avvalombor bu, maʼnaviy, madaniy ehtiyojlar va oʻz-oʻzini rivojlanishi bilan bogʻliq boʻlgan ehtiyojlardir.

Ehtiyoj – inson ongida qandaydir predmet va hodisalarga nisbatan zaruriyatni aks ettirishdir. Psixologiyada quyidagi asosiy ehtiyojlar ajratiladi – tabiiy, moddiy, madaniy, maʼnaviy, ijtimoiy. Tabiiy va moddiy ehtiyojlarini qondirilishi inson va hayvonlarning mavjud boʻlishini taʼminlaydi. Ijtimoiy ehtiyoj bu – baho olishga nisbatan ehtiyojni, biron-bir guruh aʼzosi boʻlishga ehtiyoj, muvaffaqiyatga erishish harakatini nazarda tutadi. Ijtimoiylashuv jarayonida shaxsning muvaffaqiyatga erishish jarayoni uning oʻz qoʻlidadir. “Men oʻzim” degan tushuncha insonda bolaligidan boshlab tarkib topadi. Yurishni boshlayotgan bolani qoʻlidan ushlab yordam bermoqchi boʻlsangiz u qoʻlingizni surib gapirmasa-da, harakatlari bilan “men oʻzim” degan holatni namoyon qiladi. Maktabga chiqqan bolani qoʻlidan ushlab yozishni oʻrgatmoqchi boʻlsangiz “Yuq men oʻzim” deydi, oʻsmir bolaga biror bir xatosini toʻgʻrilab koʻrsatmoqchi boʻsangiz “Men oʻzim qila olaman va bilaman” deydi, oʻspirin kasb tanlayotganida “Men oʻzim kim boʻlishimni bilaman” deydi va hokazo.

Insonda bolaligidan ana shu “men oʻzim” degan tushunchani barqaror boʻlishi, qiyinchilik va muammolardan qoʻrqmasligi, oʻz kelajagi va muvaffaqiyatini oʻzi taʼminlashi uchun muhim ahamiyatga egadir. Inson va uning ehtiyojlari oxir oqibat uning manfaatlari bilan toʻqnashadi. Har bir insonning oʻz qarashlari, oʻylari, fikrlari tizimi, ular majmuasi mavjud boʻladi. Oʻy va fikrlar insonning oʻz shaxsiy manfaatlarini anglatadi. Inson oʻz shaxsiy manfaatlarisiz yashay olmaydi. Har bir odam, hatto eng kichkina yoshdagi bolakaylarning ham oʻz shaxsiy manfaatlari mavjud.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 24 yilligiga bagʻishlangan tantanali yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev 2017-yilni “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb eʼlon qildilar. Bu esa inson manfaatlari nafaqat shaxs, balki davlat va jamiyat uchun muhim ahamiyatga ega ekanligini koʻrsatadi.Ehtiyoj va manfaatlar bizni maqsad sari yetaklaydi. Albatta, bu yoʻlda shaxs muvaffaqiyat yoki muvaffaqiyatsizlikka uchrashi mumkin.

Boshlagan ishimiz, rejalashtirgan xatti-harakatlarimiz muvaffaqiyat bilan tugasa, xursand boʻlamiz. Lekin ishlarimiz oʻxshamasa, muvaffaqiyatsizlikka uchrasak tushkunlikka tushamiz, qaytib shu ishni qilishdan qoʻrqamiz yoki undan qochamiz. Shunday vaziyatga tushgan yoshlarga qanday maslahatlarni berish mumkin? Eng avvalo, inson hamma narsa uning qoʻlida ekanligini unutmasligi lozim. Insonlar oʻzgalar va oʻz fikrlari asosida oʻzgaradilar. Birinchi navbatda biz oʻz fikrlarimiz va soʻzlarimiz xoʻjayini boʻlishga harakat qilishimiz va shuni shakllantirishimiz lozim.

Muvaffaqiyatsizlikka uchramaslik uchun maqsadlar aniq va shaxs imkoniyatlari darajasida boʻlishi lozim. Har qanday ishda masʼuliyat va masʼullik boʻlish kerak. Hayotda muvaffaqiyatga erishgan va ijobiy fikrli kishilar yonida boʻlishga intilish lozim. Zero, bunday kishilar sizga yordam berishdan qoʻrqmaydi.

Insonning uch dushmani bor- bu qoʻrquv, ikkilanish va xavotir. Bu uchovlon muvaffaqiyatsizlik omillaridir. Qoʻrquvni yenga olgan, oʻz kuchiga ishongan ikkilanmagan kishinigina gʻalaba kutadi. Qoʻrquv va xavotirni yengish boʻyicha quyidagi takliflarga diqqatingizni qaratsangiz.

  • Qoʻrquv va xavotiringizning sababini aniqlang;
  • Chuqur oʻylab uni sababli kelib chiqqanini tahlil qiling va qanday oqibatlarga olib kelishi haqida oʻylang;
  • Oʻzingizga savol bering: siz nimadan qoʻrqasiz: oʻtmishdanmi yoki kelajakdan? Shuni unutmangki , 40% xavotir va qoʻrquvlarimiz hayotga tatbiq etilmaydi, 30%ni oʻzgartirib boʻlmaydigan oʻtmish bilan bogʻliq boʻladi, 12%- bu boshqalarga taalluqli boʻlgan muammolar va tashvishlar, 10%esa bizni kasalliklar sari yetaklaydi va faqat 8%gina haqiqatda harakat qilishimiz, oʻzimizga ishonishimizga sabab boʻlishi mumkin.

Agar muvaffaqiyatga erishmoqchi boʻlsangiz har qanday bekorchi gap-soʻzlardan oʻzingizni himoya qiling. Shuni bilingki, oʻz-oʻzini nazorat qilish gʻolib insonga xarakterlidir. Birov sizni yetaklashini kutmang, oʻz hayotingizga oʻzingiz xoʻjayini boʻling! Inson faol va tashabbuskor boʻlishga harakat qilishi lozim. Bir vaqtlar Abraam Linkoln “Men har doim bir kuni kelishi mumkin boʻlgan imkoniyatimni kutib, tayyor boʻlib yashayman” degan edi.[3] Muammolar va ularning yechimidan qoʻrqish kerak emas. Boshqalar va oʻzingiz uchun maqbul boʻlgan qarorlarni qabul qilishga va shu orqali muammoni yechishga harakat qiling.

Demak, xulosa qilib aytadigan boʻlsak, har qanday faoliyatda inson u yoki bu darajada oʻz harakatlarining maqsadini aniqlaydi, uning yakuniy natijasini xayol qiladi, vaziyatlarni baholaydi, ularning ketma-ketligini taʼminlash haqida fikr yuritadi, diqqatini yoʻnaltiradi, irodasiga zoʻr beradi, boshqalar faoliyatini kuzatadi hamda muvaffaqiyat yoki muvaffaqiyatsizlikni boshidan kechiradi. Bu esa har bir shaxsga oʻz-oʻzini tarbiyalash va oʻz ustida doimiy ishlash kerakligini koʻrsatadi.