Ta’limdagi islohot mamlakat taraqqiyotining asosidir

O‘zbekistonning buyuk davlatga aylanishida ta’lim-tarbiya ishlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, xalqimizni zamonaviy ilm-fan, madaniyat, texnika va texnologiya yutuqlari bilan muntazam ravishda tanishtirib borish benihoya katta ahamiyatga ega.

 Taraqqiyot taqdirini ma’naviy jihatdan yetuk, texnikaviy bilimlar va murakkab texnologiyani egallagan, irodasi baquvvat, iymoni butun, zamonaviy fikrlaydigan, yuksak salohiyatli mutaxassislar hal etadi. 

Kelajagimizga katta ta’sir ko‘rsatadigan asosiy omil fan-texnika, madaniyat, ma’rifat, ta’lim-tarbiya hamda jahonning ilg‘or mamlakatlari tajribalarini keng ko‘lamda o‘rganish va ularni hayotga tatbiq etishdan iboratdir.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan Prezident ta’lim muassasalari agentligi tarkibidagi Prezident, ijod va ixtisoslashgan, maktablarning yurtimizdagi ta’lim sohasi islohtlarini amalga oshirishdagi o‘rni juda muhim. Ular umumta’lim maktablari uchun tajriba-sinov va tayanch markaz vazifasini o‘tamoqda.

Respublikamiz ta’limida ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni baholash, qiyoslash uchun 2021 yilning 24-25 noyabr kunlari Prezident ta’lim muassasalari agentligi tashabbusi bilan "Yangi O‘zbekiston ta’limi: islohotlar yo‘lida muvafaqqiyatli hamkorlikʼʼ mavzusida xalqaro ta’lim forumi bo‘lib o‘tadi. Zotan, qiyoslash, nisbatlar ko‘lamini hisobga olish ta’limda muhim ahamiyat kasb etadi.

Forumda o‘ndan ortiq xalqaro tashkilot vakillari, jumladan xalqaro Oliy ta’lim muassasalari reytingini baholovchi Times Higher Education tashkiloti va Amerika Qo‘shma shtatlaridan Massachucets texnologiya institute, Germaniyadan Myunxen Texnika Universiteti, Germaniyadan TUM International tashkiloti, Buyuk Britaniyaning Kembridj hamda Nottingem universitetlari ishtirok etishi kutilmoqda.

Ishtirokchilar o‘zlarining qiziqarli ma’ruza va taqdimotlari bilan tadbirga o‘ziga xos yangicha ruhiyat baxsh etadilar deb o‘ylaymiz. Shuningdek, forum kun tartibidan davra suhbatlari, mahorat-saboqlari tashkil etish, memorandumlar imzolash ham o‘rin olgan.

Hilola Umarova, 

Prezident ta’lim muassasalari agentligi direktori