Yangi marralar sari...

Namangan shahridagi Prezident maktabida yuqori sinf oʻquvchilarining istaklarini inobatga olgan holda, taʼlimning keyingi bosqichiga tayyorlash jarayonlarini yana-da muvaffaqiyatli tashkil etish maqsadida qoʻshimcha tarzda IELTS va SAT oʻquv mashgʻulotlari olib borilmoqda.

Bu borada tarix fani oʻqituvchisi Jahongir Tojiboyev va fizika fani oʻqituvchisi Bahodir Ergashevlarning xizmatlari tahsinga sazovor. Ular oʻzlarining tashabbuskorliklari bilan oʻquvchilarning qiziqishlaridan kelib chiqib, koʻngilli oʻqituvchilar sifatida ushbu qoʻshimcha mashgʻulotlarni tashkil etmoqdalar. IELTS darslari haftada 2-marta kech soat 19:00dan 21:00ga qadar olib borilmoqda. Bu esa bilimga chanqoq oʻquvchilar hamda koʻmakka doimo tayyor fidoyi oʻqituvchilarning taqlid qilishga arzigulik zoʻr hamkorliklaridan dalolat beradi.

SAT darslari fizika va matematika fanlaridan haftasiga 2-marta fizika oʻqituvchisi Bahodir Ergashev tomonidan oʻtilmoqda. Albatta, xalqaro taʼlim standartlarining eng asosiy talablaridan hisoblangan IELTS va SAT mashgʻulotlarining oʻtkazilishi Namangandagi Prezident maktabida yuksak marralarni zabt etish uchun tashlangan ulkan qadam boʻldi desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Oʻquvchilar barcha yaratilgan sharoitlar uchun Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev va Prezident maktabi maʼmuriyatidan minnatdorlar.

Maʼlumot oʻrnida: SAT imtihoni — Scholastic Apptitude Test, akademik baholash testi boʻlib abituriyentlarning tanqidiy fikrlash koʻnikmalarini tekshirish uchun oʻtkaziladigan imtihon. Ushbu imtihon turi AQSH va Kanadada juda ommabop.