"Yangi O‘zbekiston" universitetiga qabul boshlandi

Bugun Prezident taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi "Yangi O‘zbekiston" universitetida qabul jarayonlariga bag‘ishlangan tadbirlarga start berildi. 

Ilk davra suhbati Toshkent shahridagi Prezident maktabi bitiruvchi o‘quvchilari va ota-onalar uchun tashkil etildi. 

Tadbir avvalida, Prezident taʼlim muassasalari agentligi direktori Hilola Umarova so‘zga chiqdi:

–  "Yangi O‘zbekiston" universitetining ochilganiga ko‘p bo‘lmadi. Qisqa vaqt ichida universitetda erishilgan natijalar, talabalar qo‘lga kiritgan yutuqlar ancha.  O‘tgan yili Prezident maktablarining bitiruvchi o‘quvchilarning 65% i shu yerda o‘qishni tanladi. 

Taqdimotda "Yangi O‘zbekiston" universiteti  fakultet va yo‘nalishlari, yaratilgan imkoniyat va shart-sharoitlar, qabul jarayonlari haqida batafsil maʼlumot berildi.  

Taqdimot davomida qatnashchilar mutasaddi vakillardan o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri javob olishdi.
Shu bilan birga tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezident taʼlim muassasalari agentligi tomonidan 2021 yil yakuni bo‘yicha jamoatchilik oldidagi hisobot tadbiri yuzasidan amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha maʼlumot berildi.

1) 2021- yilda Respublikamiz hududlari bo‘ylab yana 10 ta Prezident maktabi ochildi.

2) 2021-2022-o’quv yilida Agentligimiz tizimida “Yangi O‘zbekiston” universiteti tashkil qilindi.


Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga hamda “Yangi O‘zbekiston” universitetiga talabgorlarning hujjatlari onlayn platforma orqali qabul qilindi, saralandi.
 

3) Ixtisoslashtirilgan maktablarning ixtisoslik fanlari, jumladan, matematika, informatika, fizika, chet tili fanlaridan integratsiyalashgan ta'lim dasturlari ishlab chiqildi. 

Kimyo, biologiya hamda ijod maktablari uchun ona tili, adabiyot va chet tili fanlari bo‘yicha dasturlar ustida ish olib borilmoqda. 

Shu qatorda 7- va 11-sinflar uchun maxsus adabiyot, 7-sinf uchun matnshunoslik darsliklari tayyorlanib, ijod maktablarida tajriba-sinovdan o‘tkazilayotganini aytib o‘tmoqchiman.

4) 2021-yil 19-iyul kuni “Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 5188-PQ qabul qilindi.

Unda bir qator muhim vazifalar belgilab berildi. Ulardan bir qanchasini 2021-yilda ijroga ham tushirdik. 

Xususan, ijod maktablarida mahorat darslari, zamonaviy va milliy kasb-hunarga yo‘naltiruvchi to‘garaklar yo’lga qo’yildi.

Maktablar nufuzli xorijiy kutubxona va gazeta-jurnallarga biriktirildi.

5) Agentlik “Digital Generation Uzbekistan” hamda “Zamin” xalqaro jamoat jamg‘armasi bilan hamkorlikda “Raqamli avlod” loyihasining IT yo‘nalishi bo‘yicha metodikani ishlab chiqdi hamda 100 nafar imkoniyati cheklangan, alohida ta'limga ehtiyoji bo‘lgan bolalar uchun inklyuziv IT ta'lim kurslari tashkil etildi.

6) Respublikamizda ilk marotaba rahbar va pedagog kadrlarni ishga qabul qilish ochiq tanlovi elektron tizim orqali amalga oshirildi. 

Xususan, Agentlik tizimidagi maktablarga rahbar va pedagog kadrlarni ishga qabul qilish job.piima.uz sayti orqali samarali amalga oshirildi.

2021-yilda faoliyat boshlagan Prezident maktablariga 115 nafar xorijiy mutaxassis, shuningdek, 357 nafar mahalliy o‘qituvchi tanlov asosida ishga jalb etildi.
7) 2021-yilda Agentlik tizimidagi ta'lim muassasalarida malaka toifasiga ega pedagoglar ulushi amaldagi 49 foizdan 80,5 foizga, xalqaro sertifikatga ega pedagoglar ulushi 12,1 foizdan 50 foizga yetkazildi; 

8) International Advanced Levels xalqaro dastur talablariga muvofiq pedagog kadrlarning STEAM fanlari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni baholashni hamda o‘quvchilarni xalqaro darajadagi AS va A-LEVEL sertifikatlari berilishi yo‘lga qo‘yildi.

9) Maktab ma'muriyati va pedagog xodimlarining kasbiy mahoratlarini oshirish maqsadida Kasbiy Rivojlantirish dasturi (PDQ programme) Cambridge Assessment tashkiloti bilan imzolandi, shuningdek, rahbar va pedagog kadrlar uchun uzluksiz malaka oshirish kurslari hamda metodologik, o‘quv seminarlari tashkil etildi.

10) Agentlik, UNESCO hamda International Development Research Centre xalqaro tashkiloti bilan hamkorlikda ta'lim tizimida mavjud muammolarni bartaraf etish mavzusida ilmiy-amaliy tadqiqot o‘tkazildi.

11) Maktablarimizni moddiy-texnik ta'minoti bo‘yicha ham ancha ishlar amalga oshirildi. Jumladan, PMlarga foydalanish uchun avtobuslar berilishi, barcha PMning laboratoriya xonalarining zarur jihozlar bilan ta'minlanishi, 4 ta ijod maktabining qayta ta'mirlanishi va qurilishining davlat dasturiga kiritilishi shular jumlasidandir.

12) Agentligimiz tomonidan joriy yilning 24-25-noyabr kunlari “Yangi O‘zbekiston ta'limi: islohotlar yo‘lida muvaffaqiyatli hamkorlik” xalqaro ta'lim forumi o‘tkazildi. 

Unda 15 ta xorijiy tashkilotdan 30 nafar mehmon tashrif buyurdi. Umumiy o‘rta ta'lim tizimidagi bu kabi tadbirning ilk marotaba tashkil etilgani muhim ahamiyat kasb etdi.

Xalqaro forumning yakuniga ko‘ra Prezident ta'lim muassasalari agentligi tomonidan 5 ta xalqaro tashkilot bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi; 

200 nafar xalq ta'limi tizimidagi o‘qituvchilar, 150 nafar Agentlik tizimidagi pedagoglar hamda 200 nafar oliy ta'lim tizimidagi professor-o‘qituvchilar, shuningdek, rektorlar va prorektorlar uchun seminar-treninglar bo‘lib o‘tdi. 

13) Yana bir yutug’imiz - 2021-yilda Vazirlar Mahkamasining Qarori bilan Agentligimiz huzurida Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi tashkil etildi. 

14) 2021-2022-oquv yilidagu qabul jarayonida 14 ta Prezident maktablariga 103 000 nafardan ziyod talabgor hujjat topshirgan bo‘lsa, “Yangi O‘zbekiston” universitetiga 6 000 dan ziyod hujjat kelib tushdi.