"Yangi O'zbekiston" gazetasida Cambridge Assessment tashkilotining ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bosh maslahatchisi – Stiv King bilan intervyu chop etildi

PREZIDENT MAKTABI BITIRUVCHILARI O‘ZBEKISTONNING BEBAHO XAZINASIDIR

Prezident maktablari bitiruvchilarining 88 nafari (92 foizi) o‘quv yili yakunlanmasdan Buyuk Britaniya, AQSh, Yaponiya kabi davlatlarning nufuzli oliy o‘quv muassasalarida ta'lim olish uchun taklifnomalarni qo‘lga kiritdi. 8 nafari esa qabul javoblarini kutmoqda. Bitiruvchilarni katta hayotga munosib kuzatish maqsadida tashkil etilgan tantanali tadbirda mamlakatimizda mehmon bo‘lib turgan Cambridge Assessment tashkilotining ta'lim maslahatchisi — Stiven King ham ishtirok etdi. Muxbirimiz uning O‘zbekiston haqidagi fikrlari bilan qiziqdi.

— O‘zbekistonga tashrifingiz boisi haqida so‘ramoqchiman. Tashrif doirasida qanday hamkorlik rejalari, talab va takliflarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan?

— Avvalambor, xalqaro IGCSE, AS va A Level imtihonlarini topshirish yuzasidan mutasaddilar bilan olib borilgan muzokara haqida to‘xtalmoqchi edim. Endilikda Kembrij xalqaro imtihonlarini nafaqat Prezident maktablari o‘quvchilari, balki O‘zbekistondagi barcha davlat va nodavlat ta'lim muassasalarida ta'lim oluvchilar ham topshira olish imkoniyati yaratilmoqda. Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tasarrufidagi Prezident maktablari Kembrij akkreditasiyasidan o‘tgan xalqaro maktab sifatida xalqaro IGCSE, AS va A Level imtihonlari jarayonlarini tashkil etib, talabgorlarni ro‘yxatdan o‘tkaza oladi.

Kembrij ta'lim tashkiloti 50 dan oshiq fanlar bo‘yicha imtihon topshirish tanlovini taqdim etmoqda. Bunday imtihonlarni topshirish uchun alohida talablar mavjud emas. Yosh bo‘yicha cheklov yo‘q, ma'lum bir til bo‘yicha sertifikat talab etilmaydi. Bir o‘quvchi 5 tagacha fandan imtihon topshirish imkoniyatiga ega. A Level sertifikati ham xalqaro oliy ta'lim muassasalari tomonidan tan olingan oliy standart sertifikat hisoblanadi. U xalqaro ko‘lamda ta'lim olish uchun keng imkoniyatlarga yo‘l ochadi, deyish mumkin.

A Level sertifikatiga ega bo‘lgan o‘quvchilar 76 mamlakatdagi universitetlarga hujjat topshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ya'ni butun dunyoda 1000 dan ortiq universitet mazkur sertifikatni tan oladi. Bu, butun Britaniyadagi barcha va AQShdagi 700 ta universitetga hujjat topshirish imkoniyati degani.

— Prezident maktablarining salohiyatini qanday baholaysiz?  Mazkur ta'lim muassasalarining kelajagi borasidagi fikrlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.

— O‘zbekiston, jumladan, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi bilan olib borilayotgan hamkorlik aloqalaridan mamnunligimni bildirishga ijozat eting. Agentlik tizimidagi to‘rtta Prezident maktabi Kembrij tashkiloti bilan hamkorlikda ish olib bormoqda. 2019 yildan buyon ushbu maktablarda ta'lim olayotgan o‘quvchilarni O‘zbekistonning yangi tarixini yaratuvchi yoshlar, deb ta'riflagan bo‘lardim.  Ular ilk marotaba xalqaro Kembrij imtihonlarini topshirdi. Global pandemiya ta'siriga qaramasdan, ushbu sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tishgani e'tiborga molik. Ularning mashaqqatli mehnati natijasini bugun ko‘plab xalqaro ta'lim tashkilotlaridan tushayotgan takliflardan ham ko‘rishimiz mumkin. Mamlakat rivoji ko‘p jihatdan iste'dodli yoshlarni tanlash, ularga to‘g‘ri yo‘nalish berish, qobiliyatini o‘stirish, intellektual salohiyatini namoyon qilishga ko‘mak bera oladigan ta'lim tizimini yaratishga bog‘liq.

Ana shunday tizimning yaratilgani o‘quvchilarning bugungi natijalarida yaqqol ko‘rinib turibdi. Biz bir necha bor MOCK imtihonlarining test sinovlarini o‘tkazdik. O‘quvchilar bu imtihonlarni  muvaffaqiyatli topshirdi.

Prezident maktabi o‘quvchilari ikki yil ta'lim olib, bir qancha xalqaro universitetlarga kirgani — bu qisqa muddatda erishilgan  katta natija, deb ayta olaman.

Albatta, bu muvaffaqiyatlar o‘z-o‘zidan ro‘y bergani yo‘q. Avvalo, mazkur maktablarda ta'lim olish uchun eng iqtidorli o‘quvchilar tanlangani dastlabki oqilona qadam bo‘lgan. Va mana shu to‘g‘ri yo‘ldagi sa'y-harakatlar   davom etgani bois,  yuksak samara bermoqda.

Prezident maktablari o‘qituvchilari va o‘quvchilar faoliyati, yutuqlari bilan tanishib, uning kelajagi g‘oyat samarali bo‘lishiga ishonch hosil qildim.  O‘ziga xos ta'lim tizimiga, talablarga va katta imkoniyatlarga ega bu ta'lim muassasalari Kembrij tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilganiga qaramasdan, u bizga tegishli emas va Britaniya maktablari hisoblanmaydi. Prezident maktablari xalqaro ta'lim tizimiga asoslansa-da, o‘z milliy xususiyatlariga ega va bu saqlanib qolishi lozim.

Xalqaro ta'limdagi ilg‘or g‘oyalarning O‘zbekistonda muvaffaqiyatli amalga oshirilishi va erishilgan yutuqlar Kembrij universiteti uchun ham manfaatli sanaladi.  Biz kelajakda bu maktablarning barqaror rivojlanishi va muvaffaqiyatga erishishiga ishonamiz.

— O‘qituvchilar  malakasini oshirish borasida qanday loyihalar amalga oshirilishi ko‘zda tutilyapti?

— A Level — bu, o‘quvchilar uchun mo‘ljallangan sertifikat bo‘lsa, PDQ  (Professional Development Qualification)  pedagoglar uchun mo‘ljallangan dastur hisoblanadi. Ya'ni mahalliy kadrlarning xalqaro standartlar asosida malakasini oshirishga mo‘ljallangan.  Bu dastur sinf xonasida qanday dars o‘tish, ta'limda yetakchilikni o‘rganish imkonini beradi. 6 va 9 oy davomida shu dastur orqali malaka oshirgan o‘qituvchilar Kembrij standartlari asosida professional kadrga aylanadi.Shuningdek, PDQ  dasturi asosida pedagoglar uchun ham yangi loyihalar ko‘zda tutilgan. Bu borada olib borilayotgan ishlar mahalliy pedagoglarning xalqaro standartlarga asosan malakasini oshirishga qaratilgan. Bu o‘z o‘rnida ma'muriy xodimlar, liderlar uchun ham ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi bilan aloqalarimiz samimiy va mustahkam. Umumta'lim maktablarida ingliz tili fanini o‘qitishni rivojlantirish bo‘yicha loyihalar ustida ishlayapmiz. Jumladan, maktablardagi darsliklarda Kembrij dasturi asosida mavzular taqdim etilishi ko‘zda tutilgan.

— Ta'lim yo‘nalishidagi ilg‘or loyihalarni amalga oshirish uchun O‘zbekiston ham hamkor mamlakat sifatida tanlangani biz uchun quvonarli albatta. Shu bilan birga, hamkorlik yaxshi samara berishida qanday omillar sizda ishonch uyg‘otgan edi?

— O‘zbekiston keyingi yillarda jadal sur'atlarda rivojlanib borayotgan mamlakat hisoblanadi. Qolaversa, biz xorijliklarga yangi loyihalarni amalga oshirish va samarali faoliyat yuritish uchun juda qulay, keng imkoniyatlar yaratilmoqda. To‘rt yil ilgari Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Kristofer Allan “Hozir O‘zbekistonga kelishning ayni vaqti. Chunki yangilanishlar, islohotlar juda tez sur'atlarda olib borilmoqda”, degan edi. Elchining bunday ishonch va samimiyat bilan aytgan so‘zlari meni juda qiziqtirib qo‘ydi.   Shundan so‘ng O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi bilan bog‘landim va ular bu mamlakatga tashrifimni tashkil qilishda yordam berdi.

Biz bu yerga 2018-2019 yillar davomida bir necha marotaba keldik. Ana shunday tashriflarning birida Prezident maktablarini tashkil etish to‘g‘risidagi g‘oya bilan tanishdik, muhokama qildik va amalga oshishida ishtirok etdik.

Yana shuni mamnuniyat bilan aytishim mumkinki, men O‘zbekistonni yaxshi ko‘raman! Uning me'morchiligi, Samarqand, Buxoro, Xiva kabi qadimiy shaharlari, tabiati meni doim o‘ziga maftun etib keladi. Hali Buxoro va Namanganga borishga ulgurmadim, ammo rejamda bor.  Go‘zal va qadim yurtning hali ko‘radigan, tanishadigan, qiziqtiradigan jihatlari juda ko‘p.

Shuningdek, men O‘zbekistonning meva va sabzavotlarini boshqa yerda uchratmadim.  To‘g‘ri, mahalliy aholi uchun ular odatiy sanaladi. Ammo ishoning, serquyosh yurtning sarxil mevasabzavotlari dunyodagi eng mazalisi nazarimda. Men hatto oila a'zolarim va do‘stlarimning ham O‘zbekistonga kelishini, qadim tarixiy shaharlarini hayratlanib ko‘rishini, o‘zbek milliy taomi bo‘lgan palovdan tatib ko‘rishini istardim.

Risolat MADIEVA,
"Yangi O‘zbekiston” gazetasi muxbiri