O'quv reja va dasturlar Massachusets texnologiya instituti hamda Myunxen texnika universiteti bilan birgalikda ishlab chiqiladi.
Tarixning guvohlik berishicha, biz ikki Renessans davrini boshdan kechirganmiz — dastlabkisi IX-XII asrlarda, ikkinchisi XIV asrning so'nggi va XVI asrning birinchi choragida. Olti asrdan so'ng O'zbekistonda taraqqiyotning yangi bosqichi — Uchinchi Renessans uchun mustahkam poydevor qo'yilmoqda. Uyg'onish davri poydevori sifatida ilmu ma'rifat yo'li tanlandi va ta'lim tizimida umidbaxsh islohotlarga start berildi.
Jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy farovonligi, taraqqiyoti, kelgusidagi rivojini yetuk bilimli kadrlar va malakali mutaxassislar yaratishi rost. So'nggi yillarda yurtimizda ana shunday yoshlarni tarbiyalash maqsadida Prezident maktablari, “Temurbeklar maktabi”, “Al-Xorazmiy” nomidagi xalqaro fizika va matematika maktab-internati kabi nufuzli ta'lim dargohlari tashkil etilmoqda. Ularda oxirgi texnologiyalar asosida o'quvchilarga zamonaviy bilim berish, ta'lim tizimida rivojlangan davlatlar tajribalarini qo'llash yo'lga qo'yilyapti.
Shularning uzviy davomi sifatida mamlakatimizda yirik oliy ta'lim muassasalari soni ham ortib bormoqda. Ayniqsa, “Yangi O'zbekiston” universitetining tashkil etilishi to'g'risidagi qaror yurtimiz tarixidagi katta voqelik bo'ldi. Prezidentimiz 2020-yil 29-dekabr kuni Oliy Majlisga Murojaatnomasida “Iqtidorli o'g'il-qizlarimizning yuqori texnologiyalar va zamonaviy bilimlarni chuqur o'zlashtirishiga keng sharoit yaratish hamda raqobatbardosh milliy kadrlarning yangi avlodini tayyorlash maqsadida Toshkent shahrida alohida Universitet tashkil etamiz. Ushbu oliygohda chet eldagi yetakchi olimlar va professor-o'qituvchilar jalb qilinib, yoshlarga eng zamonaviy dasturlar asosida ta'lim-tarbiya beriladi”, deb aytib o'tgan edilar. Oradan ko'p vaqt o'tmay — 23-iyun kuni “Yangi O'zbekiston” universitetiga asos solindi.
Zamonaviy, xalqaro standartlarga mos tarzda bunyod etiladigan universitetga nufuzli xorijiy o'quv yurtlarining ta'lim dasturlari asosida yuksak kasbiy bilim va malakalarga ega bo'lgan istiqbolli kadrlar tayyorlash, talabalarning intellektual qobiliyatini rivojlantirish, buning uchun har tomonlama qulay muhitni shakllantirish kabi bir qator muhim vazifalar yuklatiladi. Bunda dunyoning eng nomdor oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlikni yo'lga qo'yish ko'zda tutilgan. Xususan, oliygohda qabul imtihonlarini Kembrij universiteti o'tkazsa, o'quv reja va dasturlar Massachusets texnologiya instituti hamda Myunxen texnika universiteti bilan birgalikda ishlab chiqiladi. Dunyoning mazkur yetakchi oliy o'quv yurtlari ta'lim sifatini nazorat qilish, laboratoriya va kutubxonalarni to'ldirishda ham ko'maklashadi.
Shu o'rinda savol tug'iladi. Xo'sh, nima uchun aynan yuqoridagi xorij oliygohlari tajribasi tanlanmoqda? UNESCO ma'lumotlariga ko'ra, Isroil, Janubiy Koreya, Yaponiya, AQSH va Germaniyada tadqiqot va ilmni rivojlantirish mamlakat yalpi ichki mahsulotining asosiy qismini egallaydi. Mazkur davlatlar bu jabhada o'sish tendensiyasi tomon harakatlanmoqda.
Jahon tajribasi shuni ko'rsatadiki, kuchli oliy ta'lim muassasasining siri 3 ta omilga chambarchas bog'liq. Bular — iqtidorlarni topish va jamlay olish, moliyaviy resurslar bilan ta'minlash hamda samarali boshqaruv tizimini joriy etishdan iborat.
Massachusets texnologiya institutining iqtisodiy qudratiga muhim hissa qo'shadigan qobiliyat — bu uning iste'dodli jamoasi va undagi akademik tadbirkorlik ekotizimining to'g'ri yo'lga qo'yilganidir.
Umuman olganda, AQSHda professor-o'qituvchilarning majburiyatlari odatda uchta asosiy toifaga bo'linadi: o'qitish, ilmiy-tadqiqot va kampus yoki jamoa ishida ishtirok etish. U erda akademik erkinlikka alohida urg'u beriladi. Ilmiy-pedagogik xodimlar faoliyatini himoya qilish va qonuniylashtirish, ular sifatli ta'lim olishlari uchun zaruriy shart-sharoitlarni yaratish, hamjihatlikka xizmat qiluvchi munozaralarni qo'llab-quvvatlash va akademik jamoatchilik ichida ochiq fikr almashinuvini ta'minlash akademik erkinlikning asosiy maqsad-vazifasi sanaladi. Samarali boshqaruv tuzilmasining eng muhim bo'g'ini esa — bu aniq maqsad sari akademik jamoani ergashtira oladigan, to'g'ri yo'lga boshlaydigan vatanparvar rektordir. Bizda ham bu tizimni shakllantirish dolzarb masala sanaladi. Bejiz Prezidentimiz “... agar oliygohda bilimli rektor bo'lsa, bu — xalqning baxti”, deb aytmadilar.
Yana bir jihati, AQSHdagi universitetlar doktorlik ilmiy darajasini beruvchi muassasalar guruhiga kirib, aksariyati turli milliy va dunyo universitetlari reytingida birinchi o'rinlarni egallaydi. Ularda ikkita ko'rsatkich — tadqiqot faoliyatining hajmi va 1 nafar professor-o'qituvchiga to'g'ri kelgan ilmiy tadqiqot faoliyatiga oid tushumlar yuqori ko'rsatkichlarga ega. Ushbu universitetlar global iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishni ta'minlovchi ilmiy kashfiyotlar va texnologik innovatsiyalarning asosiy manbai bo'lib xizmat qiladi. Buning natijasi qanchalik yuqori ekanligini birgina Massachusets texnologiya institutining fondi 68 milliard AQSH dollarini tashkil etishida ham ko'rishimiz mumkin. Aylanma mablag'lari miliardlardan oshadigan dunyoga mashhur kompaniyalarning vujudga kelishi va faoliyat yuritishi ham mazkur institutda amalga oshirilayotgan ilmiy kashfiyotlar va texnologik innovatsiyalarning hayotga tatbiq etilishi natijasidir.
Buyuk Britaniya universitetlari ham jahonda yetakchi o'rinlarni egallab kelmoqda. Ayniqsa, Kembrij universiteti yuqori ilmiy salohiyatli kadrlari bilan dunyoga mashhur. Jamoa o'z talabalarini yuqori cho'qqilarni zabt etishga undaydi, ular ustidan qattiq nazorat o'rnatadi hamda har bir talaba uchun murabbiylik qiladi. Murabbiylarning asosiy vazifalari talabalar ijodiy ishlarini nazorat qilish va ularga amaliy ko'mak berishdan iborat. Talabalar bilimni nafaqat ma'ruza yoki seminarlardan, balki individual mashg'ulotlardan oladilar.
Universitet ilmiy tadqiqot ishlari turli ilmiy maktablar tomonidan shakllantirilgan bo'lib, ularning har biri bir nechta fakultetlarning ilmiy tadqiqot institutlari, laboratoriyalariga a'zo bo'lgan talaba hamda doktorantlardan iborat. Kembrij universitetining 800 yil davomidagi tarixida ushbu maktablardan yuzlab Nobel mukofoti sovrindorlari, xalqaro olimpiada sovrindorlari va mamlakatning bir necha nafar bosh vazirlari etishib chiqqan. Uning moliya manbai asosan davlat grantlari, talabalar hamda doktorantlarning startap va ilmiy loyihalari, universitetning nashriyoti kabi boshqa manbalardan shakllantiriladi.
“Yangi O'zbekiston” universitetining yana bir xorij oliygohi — Myunxen texnika universiteti bilan hamkorligi ham aniq maqsadlarga asoslanadi. Ta'lim dargohi nafaqat Germaniya, balki butun Yevropaning yetakchi tadqiqot markazlaridan biri hisoblanadi. Universitetning nanotexnologiya, bioinformatika, muhandislik, fotonika, nevrologiya, bioinjiniring va radiokimyo singari bir nechta dolzarb muammoli ilmiy-tadqiqot markazlari mavjud. Uning o'ziga hos o'qitish siyosati shundaki, universitet asosan amaliyotga urg'u bergan. Birgina texnik fanlar yo'nalishida 4 ta institut (astrofizika, erdan tashqari fizika, plazma fizika va kvant optikasi)da uzluksiz izlanishlar olib boriladi.
Shu o'rinda, Germaniya ta'lim tizimiga to'xtalar ekanmiz, bevosita hayolimizga “nemischa hisob-kitob” iborasi keladi. Bu davlat o'zining mukammal hamda puxta texnologiyalari, tibbiyot va farmatsevtikasi bilan dunyoda yetakchi. Shubhasiz uniing Myunxen texnika universiteti ana shunday fan tarmoqlari, tabiiy hamda texnik fanlar bo'yicha yetuk mutaxassislarni tarbiyalab kelmoqda.
Universitet texnika, texnologiya yo'nalishlari bo'yicha dunyodagi mashhur ilmiy-tadqiqot va innovatsion markaz hisoblanadi. Jumladan, “Siemens”, “BMW”, “Audi” kabi yirik kompaniyalar bilan hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar olib boradi. Har yili sanoat korxonalari bilan birgalikda yuzdan ziyod yangi ixtiro va patentlarga mualliflik huquqini rasmiylashtiradi. Uning bitiruvchilari orasida 17 ta Nobel mukofoti, 20 ta Leybnits medali sovrindorlari bor.
Bir so'z bilan aytganda, xalqaro tajriba asosida tashkil etilayotgan “Yangi O'zbekiston” universitetida iste'dodlarning jamlanishi, moliyaviy resurslar bilan to'laqonli ta'minlanishi va zamonaviy boshqaruv tizimiga asoslangan o'quv, ilmiy va innovatsion faoliyatning yo'lga qo'yilishi kelajakda ushbu bayroqdor oliygohda vatanimiz taraqqiyotiga hissa qo'shadigan, dunyo hamjamiyatida munosib o'rin egallaydigan istiqbolli rahbar yoshlarning unib-o'sishiga xizmat qiladi.
Qo'ng'irotboy SHARIPOV,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori