Prezident ta'lim muassasalari agentligi tizimidagi ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda "9-dekabr - Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni" munosabati bilan "Korrupsiya - rivojlanishimizga to‘siq" mavzusida tadbirlar 10 kunligi bo‘lib o‘tmoqda.
Xususan, Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabida Sirdaryo viloyat Adliya boshqarmasi vakillari ishtirokida “Korrupsiya - taraqqiyotga g‘ov” mavzusida seminar tashkil qilindi. Seminarda mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan izchil chora-tadbirlar, bu borada qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatiga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Abdulla Oripov nomli ijod maktabida, korrupsion xatarlarni oldini olish va bartaraf etish, sohaga zamonaviy aksilkorrupsion tizimlarni joriy etish bo‘yicha huquq-targ‘ibot idoralari xodimlari, mutaxassislari ishtirokida "Ochiq eshiklar kuni" o‘tkazildi.
Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabida "Korrupsiya rivojlanishimizga to‘siq" mavzusida ochiq dars o‘tkazildi. Dars debat tarzda tashkil etilib, unda o‘quvchilar mavzuga oid o‘z fikr-mulohazalarini erkin bayon etdilar.
Is'hoqxon Ibrat nomidagi ijo maktabida "Korrupsiya taraqqiyotimizga to‘siq" mavzusida tadbirlar o‘n kunligi doirasida davra suhbati o‘tkazildi. Korrupsiya va uning salbiy oqibatlari, jamiyat va davlat taraqqiyotiga ta'siri borasida tushunchalar berildi.
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda ma’rifiy suhbat tashkil etildi. Tadbirda o‘quvchilarga korrupsiya holatlarini keltirib chiqaruvchi omillar va ularni bartaraf etish bo‘yicha ma'lumotlar berildi. Shuningdek, huquqshunoslar maktab pedagogik jamoasi tomonidan berilgan savollarga javob berib, o‘z fikr-mulohazalarini bayon qildilar.