Agentlikning yurtimiz pedagoglariga tuhfasi

  INNOVATSION PLATFORMA MALAKA OSHIRISH UCHUN YANGI IMKONIYAT


Bugun Prezident ta'lim muassasalari agentligi, UNESCO va IDRC bilan hamkorlikda pedagog kadrlar malakasini oshirishning o'zbek TDP@Scale modelining   taqdimoti o'tkazildi. Mazkur tadbir 8 sentabr - Xalqaro savodxonlik kuniga bag‘ishlandi. Ta’kidlab o‘tish kerakki,  TDP@Scale modeli O‘zbekistonda o‘qituvchilar   malakasini oshirishga qaratilgan butunlay yangi yondashuvdir. Malaka oshirish kurslarining onlayn tarzda taqdim qilinishi o‘qituvchilarga qulaylik yaratadi va   ularning doimiy tarzda sohadagi yangiliklardan xabardor bo‘lib borishiga yordam beradi. Pedagog kadrlar Agentlik tomonidan ishga tushurilgan edu.piima.uz sayti   orqali TDP@Scale platformasiga ulanishlari va bu yerda har bir fan doirasidagi modul kurslari mashg‘ulotlarida ishtirok etishlari mumkin.  Modullardagi ishtiroki   o‘qituvchining portfoliosida aks etadi. TDP@Scale platformasi orqali nafaqat pedagog kadrlar, balki rahbar xodimlar ham malaka oshirishlari mumkin. Pedagoglar   muayyan moduldan o‘tganlaridan keyin ularga Agentlik tomonidan sertifikat taqdim etiladi. TDP@Scale Prezident ta'lim muassasalari agentligi tomonidan UNESCO bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Bu platformadan foydalanish mutlaqo tekin bo‘ladi. Tadbirda ZOOM platformasi orqali O'zbekiston Respublikasi Davlat maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, oflayn tarzda UNESCOning Toshkentdagi vakolatxonasi rahbari Aleksandros Makarigakis, Prezidentining ta'lim muassasalari agentligi direktori Hilola Umarova va boshqa xorijiy hamda mahalliy mutaxassislar ishtirok etishdi. 

“Ta’lim bugungi kunda O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar markazida turadi”

Abdujabbor Abduvohidov, O‘zbekiston Respublikasi Davlat maslahatchisi: 

“Ta’lim bugungi kunda O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar markazida turadi. Bunda sohada yangi yondashuvlarni joriy qilish, yosh avlodning sifatli ta'lim olishi uchun imkoniyatlar yaratish juda muhim.

O'qituvchilar malakasini oshirish bo'yicha ishlab chiqilgan yangi model esa bu boradagi sa'y-harakatlarning uzviy davomi bo'ldi”.

                                                                

 “Yangi model orqali yurtimiz ta'lim tizimi rivojiga ham o'z hissasimizni qo'shishni niyat     qilganmiz”

  Hilola Umarova, Prezident ta’lim muassasalari agentligi direktori: 
  "Ma'lumki, har bir ta'lim maskanining yutug'i undagi iqtidorli o'quvchilar va malakali o'qituvchilardir. Shuning uchun ham pedagoglar doimiy tarzda kasbiy       mahoratlarini oshirib borishlari juda muhim. Biz taqdim etayotgan yangi model esa sohada o'ziga xos yangilik bo'ladi. TDP@Scale gibrid modelini ishlab chiqishda   UNESCO bilan samarali hamkorlik olib bordik. Yangi modelni ishga tushurishdan oldin viloyatlardagi va Toshkentdagi Prezident maktablarida tajriba sifatida   treninglar ham o'tkazildi.  Bu orqali biz O'zbekiston ta'lim tizimi rivojiga ham o'z hissasimizni qo'shishni niyat qilganmiz.  Zero, ta'lim taraqqiyotning asosidir.   Malakali o'qituvchi esa bu jarayonda eng muhim vazifani bajaradi"
                                                

Butun dunyoda ta’lim tizimi alohida e’tibor qaratiladigan soha hisoblanadi”

Aleksandros Makarigakis: UNESCOning Toshkentdagi vakolatxonasi rahbari:

 “Butun dunyoda ta’lim tizimi alohida e’tibor qaratiladigan soha hisoblanadi. Ayniqsa, bu pandemiya davrida yana ham murakkablashdi. Ayni shu jihatlarni hisobga olgan holda, O‘zbekiston hukumati zaruriy choralar ko‘rishni boshladi. Xususan, Prezident ta’lim muassasalari agentligi bilan hamkorlikda O‘zbekistondagi o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini oshirishga qaratilgan loyiha ustida ish boshlandi. O‘zbek TDP@scale modeli uzoq muddatga mo‘ljallangan bo‘lib,  mazkur dastur Xiva, Nukus, Namangan va Toshkent shahridagi Prezident maktablarida sinov sifatida tadbiq etildi.  Unda 100 dan ortiq o‘qituvchilar ishtirok etdi. Mazkur sinov treninglari doirasida modelning O‘zbekistondagi ta’lim tizimiga olib kirilishidagi zaruriy jihatlar amaliyotda o‘rganildi. Bu esa mazkur modelning muvaffaqqiyatini ta’minlaydi. Shu o‘rinda, O‘zbekiston Respublikasi hukumatiga hamda Prezident ta’lim muassasalari agentligiga UNESCO nomidan minnatdorchilik bildiraman”.
 

“Ushbu innovatsion model` keyinchalik yurtimizdagi barcha maktablarda tadbiq etiladi”
Seleksiya va pedagoglar malakasini oshirish bo‘limi boshligi‘i Nargiza Kuchkarova: 

“Mazkur loyiha asosida tashkil etilgan treninglar samarali bo‘lishiga turtki bo‘layotgan jihat  - bu loyihaning  davomiyligida, deyish mumkin. Treninglar nafaqat online, balki, offline tarzda ham tashkil etiladi, bu esa samaradorlikni yanada oshiradi. Shuningdek, an’anaviylikdan zamonaviylikka o‘tish, ya’ni bilimlarga tayangan metodikalar emas, balki tadqiqotlarga asoslangan trening, hamda metodikalarni keng joriy etiladi. Bilamizki, an’anaviy usulda asosan o‘quvchiga bilim berish va yana uni so‘rab olish orqali baholanib kelingan. Mazkur model esa innovatsion  tarzda olib borishni talab etadi, ya’ni o‘quvchi ijodiy, tanqidiy hamda tahliliy fikrlash orqali baholanadi. Ushbu tajriba Finlandiya, Singapur va dunyoning boshqa ko‘pgina davlatlarida qo‘llaniladi. Bu tadqiqotlarga asoslangan dars bo‘lib, unda o‘quvchi darsning faol ishtirokchisi bo‘ladi va dars markazida turadi. Agentlik tomonidan bu loyihaga xalqaro tajribaga ega bo‘lgan ekspertlar jalb qilingan. Mazkur platformada o‘qituvchi uzluksiz, ish jarayonidan uzilmagan holda o‘zi o‘rgangan yangi metodni darsda qo‘llaydi va bu bo‘yicha qo‘lga kiritilgan tajriba va mulohazalari haqida  1 haftada bir marotaba hamkasblari bilan o‘zaro fikr almashadi. Bu uzviy jarayon keyinchalik mamlakatimizdagi barcha maktablarga joriy qilinishi maqsad etilgan”.